O’zbekistondagi safar davomida bir fenomen e’tiborimni tortdi. Ko’plab do’stlarim o’z bolalari ta’limiga juda katta e’tibor berishmoqda. Xususiy bog’cha va maktablarga bergan. Qo’shimcha ”repititor” kurslarga bergan, matem, ingliz tiliga e’tibor juda katta. Bir tomondan bu juda yaxshidek. Ta’limga e’tibor bo’layotgani bu juda ijobiy. Bu xususiy ta’limni rivojlantiradi. Raqobatni oshiradi. Ta’lim borasida muammoim yo’q, ammo do’stlarimni farzandlari ta’limiga bo’lgan yondashuvi qanchalik to’g’ri ekanligiga ishonchim komil emas. 8-15 yoshli bolalarni kunini shu darajada turli fan to’garaklaru-kurslar bilan to’ldirib tashlashgan. Kimdir farzandini shifokor qilmoqchi, kimdir dasturchi.

Ko’plab shifokor do’stlarimiz bilan gaplashdim. Ochig’i aksariyati moliyaviy holatidan noliydigan vaziyatda. Rostdan ham 10-15 yillik investitsiya qilingan sohada qaytim yaxshi emas ko’pida. Aytish mumkin, o’zi harakat qilmagan deb. Balki…

Podcastlar qildik. Kamera ortidagilar yosh yigitlar. Ulardan so’radim, eng kattangiz kim deb. Yoshi 21 da ekan guruh boshida turgan yigitni. Ishini ustasi. Podcast qilingan studiyani 150 dollarga ijaraga olganini aytganida, men uni tanqid qildim. Bu isrofgarchilik desam, aka kamera effektlari muhim, vizual effektlar muhim, tomoshabinni diqqatini ushlab turish borgan sari qiyin bo’lib bormoqda, shuning uchun biz harakat qilishimiz kerak deydi haligi yigit. Uni fikriga qo’shilmadim, sababi 2-3 soatlik joy uchun 150 dollar juda qimmatdek tuyuldi menga. Bir-ikki podcast qirollari qanchalik oddiy studiyada qilishlarini ko’rsatsam: ”aka buni orqasida ancha katta komanda bor, yaxshigina qimmat studiya bu” dedi. Shunda ham injiqlik qildim va fikriga qo’shilmadim. Kelib o’zim tekshirib ko’rdim. Rostdan ham katta komandaga va eng ohirgi apparatlarga ega bo’lgan podcastlar ekan men aytganlari. Haligi ukamizga meni fikrim xato ekanini aytdim keyin.

Haligi yigitlar o’zbek standarti bo’yicha muvaffaqiyatli. Malibu yoki BYD mashinasi bor, qo’lida iPhone, kiyinishi chotkiy, topishi undan ham chotkiy, ishlayotgan odamlari jamiyatning eng old biznesmenlariyu bilimdonlari, hammasidan ham muhimi bu ular o’zlari sevgan ishni qilishmoqda.

Komandadagi bir 20 yoshli yigit bitta mikrofon haqida shunaqa berilib, maza qilib gapirib berdi. O’sha mikrofonga bo’lgan muhabbat izhori uncha-muncha ayollar his qilmaydigan darajada edi.

Kuzatuvlarim men avvalroq tushunib yetgan bir narsani tasdiqlagandek. Bolalarga fanni o’rgatish bo’yicha qattiqqo’llik qilishimizdan ko’ra, ular kunini turli matem yoki fizika to’garaklari bilan to’ldirib tashlagandan ko’ra balki o’zlarini qiziqishini topishga ko’maklashishimiz muhimroqdir.

Bola biror narsaga qiziqishini topishi uchun zerikishi muhim. Imkon bo’lsa kitob ko’p bo’lgan joyda, ijobiy muhitda zerikishi muhim. Bolani qiziquvchanligini (curiosity) topishga yordam berishimiz matem repititori pulini to’lab berishimizdan ko’ra muhimroq deyman. Ba’zan oddiy xalaqit bermasligimiz eng yaxshi yechimdek.

Esimda men kompyuterga qiziqqanimda yordam bo’lmagan. Ammo to’sqinlik ham bo’lmagan edi. Birinchi Pentium I kompyuterini akam bilan o’zimiz to’plagan pulga sotib olgan edik. Bu qiziqish natijada dunyodagi top universitetlardan birida IT sohasida magistratura qilishimga sabab bo’ldi.

Men bu to’g’ri, mana bu noto’g’ri deyishdan yiroqman. Ta’lim muhim. Ammo menimcha bolani ijobiy muhitda zerikishga qo’yib berish muhimroq degan fikrdaman ayni vaqtda.

Qiziqishni topish kerak. Har qanday bolada bor u. Uni topish kerak. Bu esa mashaqqatli ish.

Bek Olimjon
08.03.2024
Norvegiga