Biz ayni vaqtda voqelik bilan emas, orzularimiz bilan yashaymiz. Bilmaymizki, voqelikka tik qarash va orzularimiz orasidagi masofa katta emasligini.

Uch qavatli binoga zinadan chiqishga erinamiz, liftni chaqiramiz. Lift bo’lmasa chiqquncha hansirab qolamiz. Instagramda zalga boruvchilarni kuzatamiz.

Bir tadbirkor boy ekanligini ko’rsak, daromadi haqida gumonda bo’lamiz. O’sha tadbirkor bergan tekin tavsiyani olmaymiz.

Bir olim odam gapirsa, salohiyatimiz yetsada, tahlil qilishga erinamiz. Tavsiya etgan kitobini tekinga bo’lsa ham o’qimaymiz.

Shifokor kasallik davosi uchun vaqt kerak deydi, ”tabib” aytgan tuproqni choy qilib ichamiz, sabr qilmaymiz.

Voqelikka qaramaymiz. Vaziyatimizni tahlil qilmaymiz. Aslida birinchi qadamni qo’yish orqali hayotimizni o’zgartirishimiz mumkin.

Oynaga qarasak vaznimiz og’irligini ko’rishimiz mumkin. Qadam tashlasak, hansirashimiz tuzaladi.

Yaxshi gumonda bo’lsak, harakat va tadbirini qilsak, bir kun o’sha tadbirkorga shogird bo’lish mumkin.

Insoniyat tarixida kitob o’qish hozirgidek oson bo’lmagan, ammo kitobxonlar soni kamayib bormoqda. Kamyob bo’lish qadrni oshiradi aslida.

O’zimizni aldayotganimizni bilamiz, ammo tan olgimiz kelmaydi. Chunki bu mas’uliyatli ish, bizdan mehnat talab etadi.

Voqelikka tik qarash muhim.

Ray Dalio yozadi: ”Orzular + voqelik + qat’iyatlilik = muvaffaqiyatli hayot”.

Bizda hozircha faqat orzular bor xolos.

Bek Olimjon
29.01.24
Norvegiya