Kecha tog’dan sayr qilib qaytayotib mashinam yo’l chetidagi ariqqa tushib ketdi va qorga tiqilib qoldi. 7 yillik mashina. Yangi mashina bo’lganda shu tiqilib qolmasmidi degan fikr keldi.

Tesla mashinalari dunyoda eng zo’rlaridan. Uni haydab ko’rgan odam boshqa eskiroq mashina haydagisi kelmaydi. Gelik yoki boshqalar Tesladek ”haydash kayfi”ni bermaydi. Mashinam Tesla emas.

Tesla Model Y 2023-yilda eng ko’p sotilgan mashina bo’ldi.

Shu Model Y ga 3 marta buyurtma berdim.

Har safar mashinang keldi, olib ketish uchun kun va vaqt tanla degan sms keladi va men har safar buyurtmani bekor qilaman 😁 Uni ustiga uyimda quvvatlagich ham bor.

Birinchi marta dekabr 2022. Model Y narhi 65 ming dollar atrofida edi. Bekor qildim, bir oy o’tib narhi 15ming tashladi. Bekor qilganimga hursand bo’ldim.

2023 davomida emotsiyaga berilib yana ikki marta buyurtma berdim. Olib ketishga bir hafta qolganida bekor qildim.

Sabablari bilan o’rtoqlashgim keldi shu yerda.

  • yangi mashina menga oshiqcha stres bo’ladi deb o’yladim. Birov chizib ketmadimi degan havotir bo’ladi. Uni narhini ushlab qolish uchun asrab-avaylash kerak. Bolalar loy etigi bilan chiqsa xira bo’lasan odam. O’rmon yo’liga kirishda daraxt tegmadimi, chuqurga tushmadimmi kabi o’ylar. Polirovka, toza ushla va hok kabi vaqt oluvchi ishlar.
  • Model Y ni tomi panorama oyna. Mana shu ham bekor qilishim sabablaridan biri bo’ldi. Men kayak va velosipedlarimni oynali tom ustiga qo’ysam, u sinib ketsa yana ishi ko’payadi degan fikr keldi.
  • o’zi yangi mashina olish bu moliyaviy sog’lom qaror emas aslida. Mashina salondan chiqqan zahoti narhi yaxshigina tashlaydi. Mashina narhi doim pasayib boruvchi matoh. Oydan-oy pasayib boradi. Moliyaviy jihatdan pul keltiradigan investitsiya emas u. Yangi mashina sug’urtasi ham baland. Meni xolatimda mashina 96-98% vaqt davomida ishlatilmasdan parkovkada turadi. Bunga 45 ming sarflash puldan noto’g’ri foydalanish deb bildim.
  • kundalik ehtiyojimni qondirayotgan o’sha 7 yoshli mashinam bor ekanligi ham asosiy sabablardan biri bo’ldi. To’g’ri, Tesladek ”haydash kayfi” yo’q, ammo ehtiyojni qoplaydi, bolalar aravasiyu chanasi, meni velosipedlarim, kayaklarni tashish mumkin. Qo’shnim 5 qop tuproq olgan ekan. So’rab chiqdi, kalitni berdim. Og’iri yengil bo’ldi.
  • menimcha yangi mashina olmaganim eng asosiy sababi uning narhi meni necha oylik umrimga teng ekangligi bo’ldi. Ya’ni 45 mingga olsam, men o’sha 45 ming topish uchun necha oy umrimni sarflashim kerak degan savol bo’ldi. Har qalay bir oy emas 😀

Kundalik vaqtimni 2% qismida menga umri qisqa emotsiya beradigan buyum olish uchun butun hayotim necha foizini sarflashga roziman degan savolga javob topishim qiyin bo’ldi rosti.

Biror narsani harid qilishda o’sha narsaga bo’lgan ehtiyojni yaxshi tahlil qilish muhim. Undan keyin uni narhini $ da emas, balki umrda o’lchash odatda to’g’riroq qaror qabul qilishga yordam beradi.

Bek Olimjon
28.01.24

PS. O’tib ketayotgan bir yo’lovchi fermer chuqurdan chiqishimga yordam berdi. 4km yurgandan keyin bir Teslani chuqurdan chiqishiga yordam berdik. Chunki qor ko’p yoqqan edi.