Ohirgi kunlarda shu tug’ish haqida ko’p yozyapman. Instagramda ham shu haqida videolarim chiqyapti. Ko’z duxtiri uchun bu shunchalik muhimmi degan savollar bo’lmoqda.
Sababi azizlar, miopiyasi bor ayollar tug’ishi uchun qornini kesish shart emas. Bu keraksiz va asossiz. Ayollar va chaqaloqlarni keraksiz xatarga qo’yish hisoblanadi. Bu amaliyot ilmiy dalilga ega emas.
Tibbiy adabiyotlarda, qanchadan-qancha dalillarda buni qayta-qayta ko’rish mumkinki tabiiy tug’ruq Kesarcha kesishdan ko’ra bir necha chandon afzalroq. Bola uchun ham, ona uchun ham ancha xavfsiz hisoblanadi. Hattoki otani cho’ntagi uchun ham.
Bir misol, tibbiyot yaxshigina rivojlangan Gollandiya davlatida kesarcha kesish sababli ayollar o’limi tabiiy tuqqan ayollar o’limidan ko’ra deyarli 6 barobar yuqoriroq ekan (manba). Bu Gollandiyada, azizlar. Yozilishicha Gollandiyadek davlatda har 100 000 kesarcha operatsiyada 22 ta ayol o’lgan bo’lsa, Gollandiyadek rivojlanmagan davlatlarda bu ko’rsatkich 760 ta. Afrikada (Sahara osti qismida) esa 1090 ekan. Rivojlanayotgan davlatlarda (Uzb ham shu guruhda) ayollar o’limi Gollandiyadagiga nisbatan 34 baravar ko’proq.
Kesarcha kesish operatsiyasidan keyingi asoratlar soni esa bir qancha (manba) Bundan ona ham bola ham jabr ko’radi. Bu haqida har bir akusher-ginekolog ham, reanimatolog ham, pediatr ham yaxshi biladi. Unday emas deydiganlari zamonaviy adabiyotdan xabardor emas.
Dalillarga asoslangan tibbiyotda bir, 5 yoki 10 ta mutaxassis fikri, sahihligi bo’yicha mavjud dalillardan bir necha pog’ona pastda turadi. U mutaxassislar fikrini inkor etish mumkin, ba’zan zarur ham.
Shu joyda aytib o’tish kerak, agarda tug’ruq vaqtida ona yoki bola xayotiga xavf solayotgan kasalliklar/holatlar bo’lsa va akusher-ginekologlar Kesarcha kesishni joiz deb topsa, muammoim yo’q. Bu borada oftalmolog sifatida aralashmayman. Chunki meni soham emas.
Ammo ko’zdagi miopiya, avval o’tkazilgan lazer operatsiya va shu kabilar Kesarcha kesish uchun ko’rsatma emas. Ko’z kasalliklari umuman olganda Kesarcha kesishga ko’rsatma emas.
Bek Olimjon
26.12.23
Norvegiya
Leave a Reply