Shu kunlari bu yilgi qishning eng sovuq kunlari. Havo -25 gacha. Har doim ham bunday imkoniyat bo’lavermaydi deb ishdan keyin yugurgani chiqdim va instagramga hazilona story qo’ygan edim. Ko’pchilikka ta’sir qilgan shekilli, ancha DM oldim.
Odam o’zini nega qiynashi muhim?
Fikrimcha odam biror bir qiyinchilikni yengib o’tmagunicha o’ziga bo’lgan ishonchi shakllanmaydi. Aqliy yoki jismoniy qiyinchilik bo’lsin. Jismoniy qiyinchilikni yengib o’tish osonroq. Qiyinchilik orqali o’zimizni tarbiyalaymiz.
Aytaylik siz 10km yugurmoqchisiz. O’ylaysizki bu juda uzoq masofa. Men yugura olmayman deysiz. 1km yugurib o’tmaguncha 10km uzoqdek tuyuladi. 1kmga 500metr qo’shsa, 1,5km, yana 500m qo’shsa 2km bo’ladi. Mana shunday qilib har safar ozginadan, aytaylik 100mdan qo’shib boraverilsa, oradan 4-5 hafta o’tmay 5km bo’ladi. 10kmga hali yana bor, ammo siz maqsad qoq o’rtasidasiz endi. 10ga faqat 5km uzoq xolos endi. Aslo ilojsizdek ko’ringan ishni yarmidasiz. Bunga bir necha hafta ketdi xolos. Vaqt baribir o’tadi.
Bu usulni pul topishda ham, vazn yo’qotishda, til yoki fan o’rganishda ham qo’llasa bo’ladi. (Aslida tibbiy fanlar o’rganish bo’yicha bir tizimli post yoki kurs qilishim kerakdek).
Nega bugungi imkoniyat har doim ham yo’q? Sababi issiqroq havoda yuguruvchilar ko’p. Ertaga ishga borganda hamma sovuqdan nolib gapirsa, siz yugurganingizni aytib berasiz. Yaxshigina hikoya bo’ladi.
Endi o’ylab ko’ring, siz yuradigan davralardagi nechta odam sovuqdan kipriklari muzlab bir-biriga yopishib qolganini his qilgan? Ko’p bo’lmasa kerak. (Sizga yoqqan qiz e’tiborini tortadigan yaxshi hikoya bu ham)
Ertaga pul topasiz, ammo nabiralarga aytadigan hikoyalaringiz juda kam bo’ladi. Bu o’ylashga majbur qiladigan fikr.
Boshqalar qiyin deb yuz o’girgan imkoniyatlar ortida muhim saboqlar, unutilmas hissiyotlar va takrorlanmas hikoyalar bor. Eng qizig’i ularni ertaga pulga sotib olish iloji yo’q.
Qiyinchilikdan qochmang, haqiqiy yashashni his qilasiz shunda.
Bek Olimjon
04.01.24
Norvegiya
Leave a Reply