Oxirgi 2-3 yil davomida o’qish uchun kitob tanlashimda o’zgarish sezdim.

O’ylab kor’sam bestseller kitob kam o’qiyapman ekan. Negadir bestseller bo’lib chiqayotgan kitoblar sayozlashib ketayotgandek.

Aksar ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlar haqida. Tushunsa bo’ladi. Bu ”yeydigan tema”. Kitoblar aksari insoniyatning oxirgi 20-30 yillik tarixi haqida. Negadir juda qisqa vaqt diapazoni bilan yashayotgandekmiz. Iste’mol qiladigan ma’lumotlarimiz asosiy qismi oxirgi 48 soatda chiqqan. Achinarli xolat.

Xulosam shu bo’ldiki hozir bestseller bo’lish ortida sun’iylik bor. Bu qanday? Mana bu jarayonni tasavvur qiling.

Bir yozuvchi kitob yozmoqchi, g’oyani nashriyotga olib boradi, hali kitob yozilmay turib shartnoma qilinadi. Kitob tayyor bo’lay deganda nashriyot marketingni boshlaydi. Marketing strategiyalaridan biri katta auditoriyaga ega podcastchilar, youtube kanallar bilan hamkorlik qilish. Muallif podcastga ”taklif etiladi” va suhbat davomida kitobini reklama qiladi. Podcastni bir vaqtda bir necha minglab yoki millionlab odam eshitadi. Qisqa vaqt ichida kitobga online buyurtma beradi. Bu esa tabiiyki online sotuvni oshiradi, algoritmlar o’sha kitobni yanayam oldinga surib beradi va qarabsizki tez orada o’sha kitob BESTSELLERga aylanadi.

Ammo 50% ko’p odam boshlagan kitobini tamomlamaydi.

Yillar davomida shaxsiy rivojlanish bo’yicha bir qancha kitoblar o’qidim. Borgan sari eski kitoblar ko’proq tortyapti meni. Bundan 60, 100, 150 yil, hattoki ming yillar avval yozilgan kitoblarni o’qish orqali ko’proq, chuqurroq, kengroq ma’lumot olayotgandeksan kishi. Muallif fikrlari seni o’ylashga majbur qiladi. Balki unday kitoblar vaqt sinovidan o’tgani uchundir.

Bestsellerga vaqt va pul sarflagandan ko’ra eski kitoblarni ko’proq o’qishni tavsiya etgan bo’lar edim. Misol uchun 2023 da Henry Thoreau yozgan Walden degan kitobni o’qidim. Rostini aytsam shaxsiy rivojlanish, moliyaviy, fikriy erkinlik bo’yicha bestseller kitoblardan ko’ra ancha ko’proq foyda oldim. Kitob 1854-yilda chiqqan.

Bek Olimjon
03.01.24
Norvegiya