Bundan oldingi postda Dunning-Kruger effektini gummaxo’r misolida tushuntirishga harakat qilgan edim. Bu post real xayotdan bir hikoya.
2006-yili, 3-kursda o’qir edim. Ingliz tilini boshlaganimga ko’p bo’lmagan edi. Bir tanishim Amerikaga o’qishga borish rejasi borligini aytdi. (E’tibor qiling, orzu emas reja) Kontrakti qimmatku desam grant yutaman dedi ishonch bilan. Men uchun juda uzoqdagi orzu edi Amerikaga borib o’qish. Hech qachon erisha olmasam kerak degan ishonch bor edi.
Biz katta maqsadlar qo’yishga qo’rqamiz. Chunki biz turgan vaziyat bilan maqsad orasidagi masofa juda uzoq. Maqsadni ko’ra olmaymiz. Biz va maqsad orasidagi masofani ongimiz qabul qilgisi kelmaydi. Chunki u mehnat talab etadi va uzoq vaqt oladi.
Maqsadga erishish uchun nima qillishimiz kerak unda?
O’sha yo’ldan borgan insonlar hayotini o’rganish va bosib o’tgan yo’llarini tahlil etish kerak. O’sha yo’lni bir nechta (5-6 ta) bosqichlarga bo’lib chiqish kerak. Keyingi rejani 1-bosqichni bosib o’tishga qaratish kerak. Hamma fokusni o’shanga qaratish kerak. Undan keyin 2, keyin 3, keyin 4-bosqich va hok.
Insonda million dollar pulishi bo’lishi uchun avval 1000$ puli bo’lishi kerak.
Tajribali shifokor bo’lishi uchun tinmay kitob o’qishi, tahlil etishi, bir necha minglab bemorlarni ko’rishi, tafakkur etishi zarur. Bu uchun avval 1 ta bemorni to’g’ri davolay olishi kerak.
Tinimsizlik, harakatdan to’xtamaslik, maqsaddan voz kechmaslik natija beradi.
Oradan vaqt o’tadi, 5 yoki 10 yil. O’sha payt atrofga qarasangiz maqsadingiz sari tinmay mehnat qilgan siz ham, maqsadidan voz kechib ketgan tanishingiz ham 10 yilga ulg’aygan bo’ladi. Ammo farq shu darajada katta bo’ladiki u avlodlar xayotini o’zgartiradigan darajaga yetadi.
Vaqtga kim qanday ekanligi farqi yo’q. U hamma uchun bir.
Tanishim o’sha paytda 18 yoshda edi. Hozir 35 yoshda. Erishgan natijalarini eshitsangiz umrini behuda o’tkazmaganiga guvoh bo’lasiz. Ishoning havas qiladigan darajadagi natijalar.
Vaqt uchun kim qanday ekanligining farqi yo’q. U hamma uchun bir. Muhimi biz vaqt uchun befarq emasligimiz.
Bek Olimjon
20.12.23
Leave a Reply