Marcus Elliot degan bir shifokor bor. Harvard tibbiyot institutini tamomlagan. U sport tibbiyoti bilan ishlaydi. Sportchilarni qanday qilib kamroq jarohat olishi va yanada yuqori natijalarga erishishini ta’minlaydi. U statistika, texnologiya va tibbiyot jamlanmasi bilan ishlaydi. 

Micheal Easter, kechagi kuni aeroportda o’qigan kitobim muallifi. U kitobni o’qiyman deganimga 2 yildan oshdi. Easter ijodi bilan tanishman. Bir-ikki podcastlarini tinglaganman. U komfort zonada yashashimiz qanchalik xavfli ekanligi haqida yozadi. 

Misogi – yaponlar shinto dinida inson o’z ruhini/qalbini tozalashga qaratalgan amaliyot. Odatda u qiyinchilikdan iborat. Muzdek sharshara tagiga tushib o’tirish bir misol. 

Maasai qabilasi. Keniyada yashovchi qadimiy va juda an’anaviy qabila. Bolalarni erkaklikka o’tishi uchun ular o’zlarini isbotlashi kerak bo’lgan va tarixan o’spirin yigitlar sherni qo’lda ko’tarib yuradigan nayza bilan (kamon nayzasi emas) ov qilib o’ldirishi ularga erkaklik maqomini bergan. 

Nenets qabilasi. Rossiya shimolida bug’ular boqish bilan hayot kechiradigan qabila. Ular juda qaqshatgich tabiatda ko’chmanchi bo’lib yashaydi. O’g’il bolalar 9-10 yosh atrofida havo harorati -30-40 ga tushgan, 20-40km/s shamol esadigan sharoitda shimol bug’ularini qo’riqlash yoki yovvoyi bug’ularni ushlab kelish orqali o’zlarini oilada erkaklar qatoriga qo’shilishiga haqli ekanligini isbotlovchi an’anasi bor. Ungacha oiladagi o’g’il bolalar erkaklar bilan birga o’tirib ovqat yeyishga haqqi yo’q. Faqat ayollar bilan ovqat yeyishadi. 

Tarixan, turli qabilalarda, jamiyatlarda ana shunday an’analar mavjud. Amazonada 5-6 yoshli bolani o’rmonga yolg’iz tashlab ketish va bolani o’z qabilasini topib borishi bir misol. 

Maqsad qiyinchilik orqali bolani o’ziga bo’lgan ishonchini orttirish. 

Xullas, Marcus Elliot misogining zamonaviy talqinini kiritgan. Unga ko’ra inson qandaydir jismonan qiyin ish tanlashi kerak va uni bajarishni ahd qilishi lozim. 

Ikkita sharti bor: 1) vazifani uddasidan chiqish ehtimoli 50% bo’lishi kerak 2) odam bajarish jarayonida o’lmasligi muhim. Bu ikki qoidadan tashqari yana 2 ta tavsiyasi ham bor: a) imkon qadar kamyob turdagi vazifa bo’lishi va b) bajargunga qadar hech kimga e’lon qilinmasligi. 

Misol uchun kimdir umri davomida eng uzog’i 10 km yugurgan. Bu inson balki 20 km yugura olar. 30km chi? Tugatish ehtimoli 70% deydigan bo’lsak, bu inson uchun misogi 40km yugurish bo’ladi. 

Elliot va do’stlari bajargan misogi mashg’ulotlaridan biri 40kg toshni kanalda suv ostda 5km ga siljitish bo’lgan. Hech qanday nafas apparatlarisiz. Bir kishi suv tagiga sho’ng’iydi, toshni topadi, ko’taradi va 3-4 qadam siljitadi, yuqoriga chiqadi, ikkinchi odam sho’ng’iydi va jarayon davom etadi. O’lib qolmasliklari uchun ularni nazorat qilib turgan boshqa do’stlari ham bo’lgan. 

Elliot va Misogi haqida eshitganimga 3 yil bo’ldi. Shundan beri nimadir qilish kerak degan fikr bor. Har qanday qiyin narsani bajarishdan oldin odam o’zini ozgina sinab ko’rishi shart. Shunga kecha mini-misogi qilib ko’rishga qaror qildim. 

Safardan qaytishda uyqu yaxshi bo’lgani yo’q. Ertaman turib bir kun oldingi mastavaga bomba qalampir solib bir kosa ichdim. Achchiq choy ichdim. Uchta qurtova yedim.

Ali degan do’stim bor. Uni yugurishga taklif etdim. Umrida eng uzog’i 12 km yugurgan. Mendagi yashirin maqsad uni 21km yugurishga undash. Soat kechki 4 da uchrashishga kelishdik. Havo yaxshigina issiq, 27 gradus. Bu sovuqdek tuyulishi mumkin, lekin Norvegiyaning namlik yuqori havosida ancha og’irlik sezadi odam. 

Uchrashdik va yugurishni boshladik. Bugungi rejani, qancha yugurishimizni so’radi. Men davom etaveramiz, yugurganimizcha yuguramiz dedim. Reja haqida aytmadim. O’zim bilan belbog’imda yarim litrcha suv oldim. Unda ham yarim litr suvi bor ekan. Davom etdik, suhbatlashdik, safar taassurotlari haqida gaplashdik. Masofa avval 6 keyin 8, keyin 10 bo’ldi. Davom etdik. Ali suvini deyarli ichib bo’ldi. Bugun 10km ni tamomlasak maqsadga erishishini aytdi. Men indamadim, gap bilan chalg’itib davom etaverdim.


Masofa 11km bo’ldi. Ali bugungi maqsadga erishganligi va uyga qaytishimiz mumkin ekanligini aytdi. En shunda ”keyingi yarim soatda hamma narsani, meni, o’zingni, atrofni yomon ko’rasan, kayfiyating juda yomon bo’ladi. Agar meni so’kking kelsa so’kaver. Buni tushunaman. Agar yarim soat chidasang, bugun uyga borganda o’zingdan juda mag’rurlanasan” dedim. Indamadi. Chunki yarim soat degani bu yana 5km degani edi. Maqsad 15 km ekan deb tushundi va tishni-tishga qo’yib davom etdi. 

Terlash, holsizlarnish, hansirash, eng qiyini chanqoq yaxshigina qiynashni boshladi. Orada yugurish tezligini pasaytirib, ba’zan yurib bo’lsa ham davom etdik. Suvsizlik hissi juda qiyin his. Juda-juda chanqadim. Uni ustiga terlayappan. Quyosh to’g’ridan urib turipti. Og’iz qurigan. Odam gapirgisi kelmaydi. Davom etdik. Masofa 13, 14 va 15 km bo’ldi. 

Tibbiyotda suvsizlanish degidratatsiya deyiladi va hayot uchun juda xavfli. Odam suvsizlansa qon quyuqlashadi va tromb hosil bo’lish xavfi ortadi. Yurak xuruji yoki miya insulti bo’lish hech gap emas. Uning ustiga terlaganda tuz tashqariga chiqadi. Kaliy, Natriy kabi tuzlar yurak ishlashi uchun juda muhim. Agar inson terlashi hisobiga bu tuzlar organizmdan chiqib ketsa va o’rni qoplanmasa yurak faoliyati to’xtaydi va yurak to’xtashi mumkin. 

16-km. Menda bosh aylanishi va qattiq og’rishi boshlandi. Ahvolim yaxshi emas. Qon bosimi pasayganini sezdim. Puls odatdagidan anchagina baland (soat ko’rsatib turadi). Ko’krak sohasida biroz og’riq paydo bo’ldi. Oyoq muskullaridagi og’riq unchalik kuchli emas, lekin suvsizlik yaxshigina qiynashni boshladi. Belimda suv bor, olib ichgim kelyapti ammo bunday qilsam shu qiyinchilikni yana bir marta boshdan kechirishimni o’ylasam yurak ortga tortyapti. Davom etishga qaror qildim. 

Men faqat yugurish qisminigina registratsiya qilgan bo’lsam, Ali yugurish va o’rtadagi yurishlarni ham hisobladi. Va nihoyat u jami 21km uddasidan chiqdi. Umrida birinchi marta yarim marafon masofani bosib o’tdi. Mayli, hammasi to’liq yugurish bilan bo’lmasada bosib o’ta oldi. Undan oldingi eng ko’p yugurgani men bilan 2 hafta oldingi 12km edi. Undan oldingi eng uzog’i 5km edi. Men undan fahrlanishimni aytdim. U 21km dan keyin yugurmasdan faqat yurish bilan davom etdi.

Menda 17-km. Ahvol yaxshi emas. Tezlik yaxshigina pasaygan. Bosh og’rig’i kuchaygan, puls 175 atrofida. Yana bir km ga harakat qilib ko’raman dedim. Agar o’zimni yaxshiroq sezmasam to’xtashga va suv ichishga qaror qildim. 18-km tugadi. Ahvol yaxshi emas. O’tirdim, suvdan ozgina-ozgina xo’plab ichdim. Belimdan chiqqan ter, issiq va quyoshdan tushgan nur hisobiga suv iliq edi. Juda bemaza tuyuldi. Zo’rg’a 250ml icha oldim xolos. 

Maqsad yarim marafon masofani (21km) suv ichmasdan yugurib o’tish edi. Men buni uddalay olmadim. Jami masofa tahminan 23km bo’ldi, lekin faol yugurish masofasi 18km bo’lgan edi xolos. 

Mag’lubiyatni tan oldim. Ali suv ichmaganimni sezgan ekan. Senga yarim marafon yugurish yetarlicha qiyinchilik emasdek go’yo deydi. Yo’q unday emas, albatta qiyin, lekin uni yugurib tugatishimga ishonaman. Yarim marafonni suvsiz tugatishimga 80% ishongan edim. 


Qadimiy qabila va jamiyatlardagi misogi qanchalik muhim ekanligini tushunadi odam.

Qiyinchilikni boshdan kechirish odam o’zi yashayotgan hayotni qanchalik komfort ekanligini tushunib yetishini ta’minlaydi. Kofesi yetarlicha achchiq bo’lmaganidan, palovi bo’sh bo’lganidan, yo’ldagi probkadan yoki shamoldan nolish befoyda ekanligini tushunib yetishiga yordam beradi. Bir so’z bilan aytganda shukur qilishni o’rgatadi.

Bu safar men mag’lubiyatga uchradim, lekin nima bo’lsa ham inson har qanday qiyinchilikdan yanada kuchli bo’lib chiqadi. Shuning uchun maqsadga erisha olmagan bo’lsamda tajriba bilan chiqdim. Endi yarim marafonni suvsiz yugura olishim uchun nimalar qilishiz zarur ekanligini bilaman. Yaxshi uyqu, oldindan qabul qilingan tuzli suv va kechagidek issiq bo’lmagan harorat va och qorin. Keyingi safar bu maqsadni bajara olishim aniq, lekin endi bu qiziq bo’lmaydi. Boshqa bundan kattaroq bir mini misogi o’ylab topish kerak endi.


Bek Olimjon
18.08.23
Norvegiya