Kecha kitob o’qishni youtube ko’rishdan ustun ekanligini targ’ib etuvchi post qo’ygan edim. Unda 200 betli kitobni bir o’tirishda o’qib tugatish mumkinligini yozgan edim. Men izohlarni o’qib anchagina hayron qoldim. Negadir bitta kichik kitobni bir o’tirishda o’qib tugatishni ilojsiz yoki juda mushkul vazifa deb o’ylaydiganlar men o’ylagandan ko’ra anchagina ko’p ekan. Bu qandaydir super kuch emasligini, qandaydir texnikasiz, shunchaki o’rtacha tezlikda kitob o’qish ekanligini qayta-qayta ta’kidlasam ham bunga ishonmaganlar bo’ldi.
Tushunish muhim shunchaki o’qish emas, eslab qolish muhim, miya soatlab ishlay olmaydi, buni iloji yo’q kabi izohlardan bir nechta bo’ldi. Endi bir postni o’qiganlar ichida fikr bildiruvchilar 1-2% tashkil etishini hisobga olsak, bitta kitobni bir o’tirishda o’qishga ishonmaydiganlar anchagina ekanligini tushunish mumkin.
Azizlar, bir necha soatlab o’tirib kitob o’qish, aqliy mehnat qilish iloji bor, tarixda va hozirgi zamonda bunday qilayotganlar millionlab bor. Buni ilojsiz deb qarash kerak emas. Bundaylar atrofimizda ko’p.
Tarixda birinchi marta Antarktikada to’liq Ironman tugatgan bir yigit bor. Ironman bu 3 sport turini o’z ichiga oladi: 3,8 km suzish, 180km velosipedda yurish va 42,2km yugurish. Hammasi birin-ketin. Bu yigit ismi Anders Hoffman, daniyalik, yoshi 23 edi. Hech qanday sportchi emas u. Biznes sohasida o’qigan. 2 yil tayyorgarlikdan so’ng Antarktikada mana shuni tugata oldi. Antarktika haqida ozgina tasavvur. U yer muz va qor. Harorat -90 gacha tushadi, shamol esa 50 dan 250km/s. Ana shu joyda okeanda 4kmcha suzish, undan keyin qor ustida 180km velosipedda yurish va undan keyin 42,2km yugurishni uddalay oldi shu yigit. Andersni bir gapi bor: ”Limitations are perceptions”, taxminiy tarjimasi ”oldimizga qo’yadigan chegaralar faqat kallamizda xolos”.
Roger Bannister degan inson bo’lgan. U 1954 yilgacha 1 milni (1600metr) 4 daqiqa ichida yugurish aslo iloji yo’q degan ishoncha bo’lgan. Bannister 1954-yili tarixda birinchi marta 1 milni 4 daqiqa ichida yugurgan. Hozirgacha bu rekordni 2000 ga yaqin odam takrorlagan.
Eluid Kipchoge tarixda birinchi marta marafonni 2 soatdan kam vaqtda tugatdi.
Elon Musk tarixda birinchi marta osmondan raketalarni qayta yerga qo’ndirib yana qayta uchirdi.
Isaak Asimov 500 dan ortiq kitob yozgan.
Bu ro’yhatni davom ettirish mumkin. Islom olamida esa bundaylar juda ko’p. Mana shunday insonlar miyamiz kuchli ekani, uni uzoq muddat ishlay olishi va ko’p narsalarga qodir ekanligiga yaqqol misol. Hammasi ”endi ular boshqachada, men unday bo’la olmayman, men bitta kitobni tugata olmayman” deyishdan boshlanadi.
Miya uzoq ishlay olmaydi deydiganlar uchun isbot. Tili arab tili bo’lmagan, o’qiyatgan narsasini tushunmaydigan 8-10 yoshli qori va qoriya bolalar bor. 6-8 yoshda yoshda diqqat qanchalik tarqoq bo’ladi, bola qanchalik o’yinqaroq bo’ladi? Nafaqat o’qish, balki tovushma-tovush yodlashmoqda. Bundaylar minglab. Ular qandaydir geniy emas.
Bunga ham bahona topishadi baribir. Bolalikda eslab qolish oson degan. ”Iloji yo’q” degan infeksiyadan qutulish vaqti allaqachon kelgan azizlar. Siz iloji yo’q desangiz boshqalar sizni xato ekanligingizni qayta-qayta isbotlashmoqda. Qaysarlik qilishni to’xtatib, fikringizni o’zgartirish vaqti keldi.
Bek Olimjon
17.08.23
Norvegiya
Leave a Reply