Peter degan bir hamkasbim bor. Yoshi 60 dan oshgan. Zehni yuqori, o’ta xushmuomala, tarbiyasi o’ta yaxshi, hammani hurmat qiladi, jahli chiqqanini ko’rmaysiz. O’z sohasi ustasi. Oilasi va bolalari bilan juda inoq inson.
Jamiyatning aksar vakillari kabi dinsiz odam, ammo bu na uning ishiga, na men yoki boshqa hamkasblar yoki bemorlar bilan muomalasida aks etadi. Men inson sifatida qadrlaydigan sifatlari juda ko’p. Odam suhbatlashib rohat oladi. U bilan biz turli mavzularda suhbat qurib qolamiz imkon bo’lganda. Ba’zan suhbatlar turli madaniyatlar haqida bo’ladi.
O’tgan kuni Eron haqida qayerdandir gap boshlandi va mavzu cho’zilib ayollar va erkaklar kiyimiga o’tdi. Agar Peterdan boshqa odam bo’lganda bu suhbatni davom ettirmagan bo’lar edim. Ammo Peter xolis inson. Shuning uchun davom ettirdim. Nega musulmon erkaklar salla o’rashi va keng kiyimi bo’lishi u uchun g’alati tuyilishini aytdi. “U mamlakatlar juda issiq bo’lsa, yana issiq kiyim kiyishadi, boshiga katta boshkiyim kiyadi. Undan tashqari erkaklar yana katta (arzon ma’nosida) uzuk ham taqib olishadi. Bunda mantiq yo’qdek, lekin bir sababi bo’lishi kerak. Men sababini bilmayman.” dedi.
Menda ham aniq va keng bilimlar mavjud emas, lekin bolaligimda dadamdan eshitganlarimni aytib bera olaman dedim.
Musulmonlar juda ko’p sayohat qilishgan, ilm ortidan, savdogarlik sabab uzoq davlatlarga sayohat qilishgan. Misol Indoneziyaga islom dini asosan savdo bilan kirib kelgan. Islom kelib chiqqan joylar bilan Indoneziya orasidagi masofani qara.
Endi boshidagi katta sallaga keladigan bo’lsak, musulmon odam o’lganda bosh-oyoq yuvilib, oq matoga solinadi va yerga ko’miladi. Boshidagi salla aslida bir necha metrlik oq matoni oddiy bosh kiyim (do’’ppi) atrofida o’ralgan ko’rinishi. Mabodo safarda, sahroda yoki boshqa yurtda o’lib qolsa ana shu mato topilmay qolish xavfi borligi sabab o’zlari bilan olib yurishgan. Unutmasligimiz kerak tekstil sanoati bundan 13–14 asr avval hozirgidek rivojlangan emas edi. Mato tanqis bo’lgan. Musulmon ko’milganda undagi har qanday bezak yoki taqinchoqlarni olib qo’yiladi. Qo’lidagi uzugi esa ko’mish bilan bog’liq harajatlarni qoplash uchun ishlatilgan. Mabodo o’z yurtidan boshqa joyda o’lib qolsa kafanda, hurmat bilan ko’milishini ta’minlash uchun salla kiyilgan va uzuk taqilgan. Keyin erkak kishiga tilla taqish mumkin emas, kumushga ruhsat. Shu sabab uzuk kattaroq bo’lishi mumkin.
Sen nega keng kiyiladi deysan. An’anaga ko’ra jundan tayyorlangan keng kiyim kiyilgan. Jundan tayyorlangan kiyimda “nafas olish” sifati bo’lgani uchun uni kiygan insonni issiq va sovuq urish xavfi anchagina kamayadi. Keng kiyim tor kiyimdan ko’ra salqinroq bo’ladi. Biz bu yerlarda yoz kelsa kiyimlarni yechishga o’rganganmiz, ammo bu o’lkalar (Norvegiya ma’nosida) yozi 25–30 gradus bo’ladi xolos. Daraxtlar, soyalar ko’p bo’lgan bunday mamlakatda yozda kiyimni yechish yengillik beradi, ammo soyasiz 40–45 gradus bo’lgan joyda yalang’och yurish issiq urish xavfini oshiradi, terini kuydiradi va inson salomatligi uchun xavfli bo’ladi.
Undan tashqari musulmon belbo’gi va pichog’i bor. Pichoq haqida gapirmasam ham bo’ladi. Skandinaviya xalqlari uchun ham xos sifat. Ayovsiz tabiatda yurgan odam uchun pichoq o’ta muhim. Pichoq turlari, shakli va ularni ortidagi ma’nolar alohida mavzu endi. Belbog’i haqida. Belbog’ hozirgi biz ko’tarib yurgan ryugzaklarni ota-bobosi bo’lsa ajab emas. Unga non, qurigan meva, pul kabilarni solib, o’rab belga bog’lab olish mumkin. Pichoqni qistirib yurish mumkin. Kerak bo’lgan vaqtda sochiq yoki dasturxon vazifasini bajaradi. Zarur bo’lsa joynamoz vazifasini bajaradi. Yuvish va toza tutish juda oson. Hozirgi g’arbda mashhur bo’layotgan minimalism yoki bitta narsani bir nechta maqsadlarda foydalanish aslida yangilik emas.
Men tarixni, madaniyatni yanada chuqur bilmasligimdan ichimda achinib turganimda, Peterni bu ma’lumotlardan hayron qolganini ko’rish mumkin edi. Men uchun foydali bilim bo’ldi deb rahmat aytdi.
Biz narsalarni tashqi ko’rinishiga qarab baho berishga o’rganganmiz. G’arbda bizning madaniyatlarni to’liq tushunmay turib, ularni mantiqsiz deb tez xulosa chiqaruvchilar juda-juda ko’p. Hamkasbim kabi qiziqib, tafakkur qiladiganlar esa afsuski ko’p emas. O’zimizning jamiyat ham bundan mustasno emas. Men ko’p guvohi bo’laman. Chetga sayohatga chiqqan vatandoshlarimizda kuzatiladigan xolat. Ular atrofni va odamlarni ko’rib, o’zimizdagi holatga solishtirib, boshqa odamlarni qanchalik g’alati ekanligi, ular harakati yoki kiyimlari “mantiqsiz” ekanligi haqida xulosa qilishadi. Eng achinarlisi ular ustidan hukm chiqarishga juda shoshilishlari. Madaniy jihatdan o’xshash davlatlarda sayohat qilganda kuzatiladigan holatlar bular. Men Hindistonning chekka qishlog’i, Afrika yoki Amazona qabilalari haqida gapirayotganim yo’q.
Media har bir harakat ortidagi madaniy, tarixiy sabablarni tahlil qilmaydi. Sababi unday mavzular mediada “yemedi”, ko’p prosmotrga, diskussiyaga sabab bo’lmaydi. Juda zerikarli bo’ladi aksar qatlam uchun.
Men aksar qatlamdan chiqishga, tafakkur qilishga, biror bir mavzu haqida gap ketganda “meni fikrim to’g’ri” deyishga shoshilmaslikka chaqiraman. Agar shunday qilmasak, bizdagi imkoniyatlardan foydalana olmaymiz, bilim olishda, o’rganishda o’zimizni cheklab qo’yamiz degan fikrdaman.
Peter darrov xulosa qilishga shoshilmadi va meni eshitish uchun 2 daqiqa vaqtini ayamagani ucun savoliga javob topdi. Siz va meni Avstraliya aborigenlari bilan suhbat qilishimizga, Efiopiya chekka qishlog’iga borib kofe marosimida qatnashishga, Hadzabe qabilasi bilan kamonda olmaxon ovlashga yoki Amazonada og’iz bilan zaharlangan ignani puflab otadigan qurol bilan qush ovlashga xalaqit beradigan yagona sabab bu o’zimizdagi harakat yo’qligi. E bularni nima qilasiz deyishingiz mumkin. Mayli siz Nyu Yorkda Wall Streetda yoki Californiada ishlamoqchisiz. Mayli Germaniyada shifokor yoki Austinda dasturchi bo’lib ishlamoqchisiz. Muammo bor. Muammo bizdagi to’siqlar. Asosiy to’siq bu quntsizlik, o’zimizga ishonmasligimiz va harakat qilmasligimiz. Buning yechimi nima degan savol bo’lishi tabiiy. Menda bu muamoga yagona yechim yo’q. Yechimni boshi balki “to’xtab tur, balki men haq emasdirman?” yoki “men haq ekanligimni qayerdan bilaman?” degan savolni o’zimizga berishdan boshlanar.
O’z sohalarining eng zo’r mutaxassislari bo’lgan insonlarda kuzatgan sifatlardan biri bu kamtarinlik va o’zlarini bilmasliklarini har soniyada tan olishga tayyor ekanliklari.
Hammaga salomatlik tilab,
Bek Olimjon
12.08.23
Leave a Reply