Post ijtimoiy tarmoqlarda kuzatiladigan men odobsizlik deb hisoblaydigan xislat haqida.

Ko’p kanallarda qayta-qayta kuzatiladigan bir xolat haqida yozmoqchiman. Obunachilar hurmatini qozongan bir odam o’z kanalida bilim va tajribalariga asoslanib post yozadi. Postdagi izohlar ichida postga umuman aloqasi bo’lmagan savollar yoki fikrlar yozishadi.

Misol uchun meni o’zimda kuzatiladigan holat. Pul haqida post yozsang, qanday qilib ingliz tili o’rganish haqida maslahat so’raladi. Men tanigan va bilgan kanal yuritadiganlarda ham har kuni kuzatiladigan holat.

Undan ham yomonrog’i izohlarda postga umuman aloqasi bo’lmagan mavzuda gap ochiladi va butun e’tiborni olib qochishadi. Uzundan-uzoq muhokama boshlanib ketadi. Urush-janjalga, haqoratlarga sabab bo’ladi ba’zan. Bunday odamlarni ”postlar qaroqchisi” deyiladi. (Ingliz tilida thread hijacking degan ibora bor). Xullas yaxshi xislat emas.

Undan tashqari obunachisi ko’p odamlar post qo’ysa izohlarda o’z kanalini reklama qiladiganlar bo’ladi.
”O’zbekistonni sevaman deganlar bo’lsa bitta layk bo’sin, bioga qaravorilar, kanalga obuna bo’linglar” kabi so’zlar bo’ladi. Bunday yondashuvga bizni qishloqda zo’r ibora boru, aytgani ozgina uyatliroqda 😊

Keyin boshqalar postini o’z kanaliga qayta post qiladiganlar ham ko’p. Maqsad yaxshi albatta. Foydali ma’lumot ulashay deyishadi. Ammo siz qiziqqan mavzudagi kanallarga sizning obunachilaringiz ham allaqachon obuna bo’lgan bo’lishini unutmaslik kerak deyman. Mayli qayta post qiling, lekin o’z fikringizni bildiring. Mayli tanqidiy bo’lsin, mayli ijobiy bo’lsin, o’z fikringizni bildiring. O’zi eng yaxshisi qanchalik oddiy tuyulmasin o’z fikr va xulosalaringizni yozing. Obunachilar soni muhim emas. Blogingizni o’zingiz, ukalaringiz yoki kelajakda farzandlar uchun yozing.

Xullas qaroqchilik qilmaslikka chaqiraman. Hammaga barakali tun tilab.

Bek Olimjon
30.04.23
Norvegiya