Blogim orqali tibbiyot instituti talabalaridan ko’p savollar bo’ladi. So’rovchilar aksar qismi qanday qilib yaxshi mutaxassis bo’lish yo’llarini qidirishadi. Rosti bu men uchun quvonarli hol. Oxirgi paytlarda bilim olishga intilish ortib bormoqda. Chetga mutaxassis bo’ish uchun chiqish bundan 5-6 yil avvalgidek “osmondagi ushalmas orzu” bo’lib ko’rinmay qoldi. Buni iloji bor ekanligini juda ko’pchilik tushunib yetdi. Bu quvonarli. Taxminim bo’yicha keyingi 5-7 yilda Yevropa davlatlarida ishlayotgan o’zbek shifokor mutaxassislar soni 100 dan oshadi. 

Umuman olganda har qanday savol, hech qanday savoldan 10 chandon afzal. Ammo ayrim savollarda mulohaza yetishmaydigandek. Misol keltiraman. 

Men dunyodagi eng zo’r neyroxirurgga shogird bo’lib tushmoqchiman, shunga nima qilishim kerak? Yoki men dunyoga mashhur kardioxirurg bo’lmoqchiman, shunga menga yo’l chizib bera olasizmi? Menga hozirdan boshlab nima qilishimni ko’rsating, qaysi kitoblar o’qishim kerak ekanligini ayting, kuniga necha soat dars qilishim kerakligini ayting. Xullas menga reja tuzib beringki, men o’sha reja asosida ketay. Shunday qilib bera olasizmi deyishadi. 

Nima deyishga ham hayronsan kishi. Til o’rganish muhim deb juda ko’pchilik takrorlayveradi-takrorlayveradi. Nega eng birinchi qadam bo’lgan tilni o’rganishga fokus qilish yo’q. Nega shu birinchi qadamdan boshlamay turib, qandaydir master rejaga ehtiyoj bor degan savolni berib ko’rdim o’zimga. Nega ko’pchilik uchun qayerdan boshlashni ko’rsatib qo’yish o’zi kifoya emas? Nega mustaqil davom ettirish yo’q ko’pchilikda? Tahlil qilishga harakat qildim.

Javobini topgandekman. 

Bola kichikligidan boshlab “borma kuyasan” yondashuvida ishlar ekanmiz. Ta’qiqlar ko’pdek. Bog’chada baqirib so’kuvchi, kerak bo’lsa kaltaklovchi tarbiyachilar mavjud. Maktabda o’quvchini savol berishiga emas, balki oq ko’ylagiga e’tibor ko’pligi, partada qo’lini birga qilib o’tirishi, agar tartibni buzsa dakki berishimiz bor. 

Bolani bir ish qilsa unga ta’qiq qo’yamiz, bola tabiiy ravishda sababini so’raydi. Biz esa “aytganni qil ko’p gapirmasdan” deymiz. 

Qaysi institutga kirishiyu, qayerda ishlashi kerakligini maktabdaligidan miyasiga quyamiz. 

Institutga kirganda esa baho olish uchun qaysi kitobni qaysi betlarini o’qish zarurligi, agar boshqa manbadan o’qisa o’qituvchilar “u ma’lumotni tan olmasliklari”. Dekan kirganda hamma o’rnidan turishga majburligi va hok. 

Oila qurishga kelganda kimga uylanishu, kimga turmushga chiqishni 100% ota-ona hal etadi. Ayrim ota-onalar bolasiga emas o’zi uchun turmush o’rtog’i tanlayotgandek.  

Qanday turdagi kiyim kiyishimizni bizga aytishadi. Biz nega ayrim ko’rinishdagi kiyimlar yaxshi emasligini tushuntirishdan ko’ra, ta’qiqlash yo’lini tutamiz. 

Yoshlarni qanday tanlov qilishlari har doim yuqori avtoritetga ega bo’lganlar (ota-ona, o’qituvchi, boshliq, jamiyat) tomonidan aytib kelinadi. Biror masalada tanlov qilish kerakmi, yuqori avtoritetga yuzlanasan, senga nima deyishsa shuni qilasan. Tanlov oson. Mas’uliyat esa deyarli yo’q. Har bir ishda yo’l ko’rsatuvchi bor. 

Endi chetga chiqib mutaxassis bo’lishni hohlaganlar ana shunday avtoritet figura qidirishni boshlaydi. Sababi bu borada bitta yo’l mavjud emas. Shuning uchun avtoritet figura topishni imkoni yo’q. Ali tutgan yo’l, Valiga to’g’ri kelmasligi mumkin. 

Chetda mutaxassis bo’lishni shim sotib olish misolida keltirsak. 

Men shim olmoqchiman, nima qilay deb savol berishadi va “Chorsu bozoriga borib, mana bu do’kondan, mana bu ismli sotuvchidan, mana bu rangdagi, mana bu o’lchamdagi shimni ol” degan aniq javob kutishadi. Afsuski bunday yondashuv ish aksar holatlarda ish bermaydi. 

Endi “shim olmoqchiman, nima qilay?” degan savolga,

Toshkentda mana bu-mana bu joylarda 5-6 ta bozor bor. Mana bu bozor nisbatan arzonroq, mana bu joy yaqinroq. Mana bunisida tanlov ko’proq, mana bunisida esa kamroq. Mana bunisi sifatliroq mahsulotlar sotadi, mana bunisida aldanib qolishing mumkin. Endi o’ylab ko’rib, tahlil qilib ko’rib, yakuniy tanlovni o’zing qil. Bu uchun qanday shim olishni va qancha pulga olishni o’ylab ko’r va shunga qarab harakat qil, lekin eng avvalo senda pul bo’lishi kerak desangiz, “eee oka, konkret gapirsezchi, ko’p gapirdizu” degan munosabat bo’ladi.  

Inson o’zi harakat qilishi muhim, o’z yo’lini topishga harakat qilishi muhim. Bunda albatta xatolar qilinadi. Xato qilish muhim. Xatolardan o’rganish muhim. 

Mustaqil bo’lish muhim. 

Bek Olimjon

09.04.23

Norvegiya