Hozir soat sahar 2, hamma uxlagan, atrof jim-jit. Stol ustida yog’ochdan yasalgan fil haykali turipti. Uni 2015-yilda Hindistonda ishlaganimda, bir klinikada 2 kunda 200 dan ortiq bemor ko’zini operatsiya qilganimiz uchun tashakkur sifatida berishgan edi. Shunga qarab xayol surib qoldim va bir voqea esimga tushdi. Shuni yozib qo’yay dedim. 

2013-yil edi. Dunyodagi eng katta ko’z shifoxonasida malaka oshirgani bordim. U Hindistonda. 

Kattaligini tasavvur qilish uchun sunchaki raqamlar. U yerda o’tgan bir yil ichida 524 000 ta operatsiya amalga oshirilgan, 4 357 000 (4,3 million) bemor qabul qilingan. 

Bu shifoxona nomi Aravind Eye Hospitals. 1976-yilda 58 yoshli Dr Govindappa Ventakaswamy degan oftalmolog tomonidan o’z uyini bitta xonasida ochilgan klinika. Hozirga kelib dunyodagi eng katta ko’z shifoxonasiga aylangan. Asos solgan insonni hamma Dr V deb taniydi. Dr V 60-yillarda Amerikaga boradi va McDonaldsni ko’rib hayratga tushadi. Uni hayratlantirgan narsa ovqat emas, balki McDonaldsni qanchalik keng ko’lamda va yuqori samaradorlikda ishlashi edi. Dr V orzu qiladi. Orzusi bir kuni McDonalds kabi yuqori samaradorlikka ega ko’z klinikasi ochish bo’ladi. Katta orzu bilan o’z uyida ishini boshlaydi. 

Rivojlanayotgan davlatlardagi ko’z ko’r bo’lishi asosiy sababi katarakta – ko’z gavhari xiralashuvi hisoblanadi. Hozirgi kunda buni 15 daqiqalik jarrohlik amaliyoti bilan davolasa bo’ladi. Bu uchun xira gavharni olib o’rniga sun’iy gavhar qo’yish kerak bo’ladi. 

Dr V uchun sun’iy gavhar qo’yish operatsiyasi emas, balki gavhar sotib olish muammo edi. 80-yillarda Amerikani o’zida bitta sun’iy gavhar 200$ turar edi (hozirgi kunga 623$ degani). Dr V qashshoq bemorlari buncha pulni butun umri davomida ko’rmasliklari aniq edi. Muammo qanday qilib shu sun’iy gavhar narhini arzon qilish edi. 

Dr V ko’p sayohat qilar edi. U har safar Amerikaga borganida jiyani Bala Krishnanni ko’rgani Michiganga albatta borar edi. Bala Krishnan sohasi bo’yicha muhandis. Hindistondagi eng obro’li muhandislik institutlaridan biri bo’lgan IIT ni tamomlagan. U o’qishni tamomlagach mexanik muhandislik bo’yicha Amerikada doktorlik ilmiy darajasini oladi. U yerda o’z hayotini quradi. Boy yashaydi, tagida Porsche moshina, ikkita yosh qizi va ayoli bilan ilmiy hodim sifatida yaxshi hayot kechiradi. 

Dr V har safar uni ko’rgani kelganida o’z klinikasidagi muammolar haqida ko’p gapiradi. Ko’rlik haqida gapiradi. Qanday qilib bo’lsa ham sun’iy gavhar narhini pasaytirish kerakligini aytadi. 

80-yillar yakuniga borib Dr V Bala Krishnanni o’zi bilan ishlashga ko’ndira oladi. Bala Krishnan Amerikadagi sun’iy gavhar ishlab chiqaruvchi bir qancha korxonalar bilan bog’lanadi va Floridadagi bir kichik korxona bilan shartnoma tuzishga erishadi. Hindistonda sun’iy gavhar ishlab chiqarishni boshlashadi. Oftalmologiya uchun asbob-uskunalar ishlab chiqaradigan korxonaga asos solinadi. Korxonaga Aurolab deb nom beriladi. Bala Krishnan 1990-yilda o’z ona yurtiga oilasi bilan qaytadi. Aurolabni boshqarishni boshlaydi. 

Mexanik muhandis bo’lgani uchun maxsulotlar sifatini tushirmagan holda ular narhini qanday pasaytirish mumkinligi haqida uzoq ishlaydi. Dr V Bala Krishnanga ixtiro qilish va ishlab chiqarish vazifasi yuklaydi va barcha kerakli sharoitlarni yaratib beradi. 

Bala Krishnan va uning jamoasi bir qancha xatoliklardan so’ng 1992-yilda bitta sun’iy gavhar narhini taxminan 1$ ga ishlab chiqara olishga erishadi. Dr V sun’iy gavhar ishlab chiqarishdagi samaradorlik bilan bir vaqtda bemorlarni qabul qilish, jarrohlik bo’yicha ham yuqori samaradorlikka erishadi. 

Aravind sun’iy gavhari bilan hisoblaganda butun jarrohlik amaliyoti narxi taxminan 10$ ga aylanadigan darajaga erishadi. O’sha paytda bitta jarrohlik amaliyoti Amerikada 1000$ dan baland edi. 

Sun’iy gavharni bu qadar arzon bo’lishi o’sha paytdagi kambag’al davlatlarda ham katarakta jarrohligi rivojlanishiga katta turtki bo’ldi. Shulardan biri O’zbekiston edi. Hozirgacha O’zbekistonda ishlatiladigan aksar gavharlar Hindistonda ishlab chiqarilgan. Bala Krishnan yo’l qo’ygan texnologiya asosida ishlab chiqariladi.

Bala Krishnan butun insoniyat uchun, shu bilan birga o’zbek xalqi uchun ham katta xizmat qilgan ajoyib inson. Hozirgacha 25 milliondan ortiq bemor Bala Krishnan tomonidan ishlab chiqilgan ko’z gavharlari orqali ko’rlikdan davolandi. Bala Krishnan 2019-yilgacha Aurolabda bosh direktor bo’lib ishladi.

Aravind birinchi shifoxonasi janubiy Hindistonda Madurai shahrida joylashgan. 2013-yili Maduraida Bala Krishnan va uning ayoli Varalakshmi meni uyiga mehmonga taklif qilgan edi. 

Bala Krishnan shahar kichik bir mahallasida, ayoli bilan 3 yoki 4 xonali, hashamatli bo’lmagan oddiygina uyda yashaydi. Men hozirgacha uchratgan eng kamtar insonlardan biri.

O’sha kundagi mehmon bo’lgan xona va suhbatlar esimdan chiqmaydi. Oshxonasiga ulangan mehmonxonada sofada o’tirgan edik. Xona nim qorong’i, televizor yo’q. Sofa orqasida katta kitob javoni. Javon yonida xona burchagiga bo’yniga gulchambar osilgan Ganesh (fil ramzidagi xudo buti) va uni oldida hid chiqarib turadigan tutatqi isiriq qo’yilgan edi. Ganesh yonida shag’am yoqilgan va qora kosada suv va uni ichida turli rangdagi gul barglari bor edi. 

Ayoli mazali qilib idli va sabzavotli dosa (milliy taomlar) pishirgan edi. Ovqatdan keyin ko’p sut va shakar qo’shilgan kofe tortildi.



Shunda Bala Krishnandan bunchalik katta yutuqlarga erishishidagi asosiy sababini so’radim. Javobi: ”Bek, the biggest factor was that I had independence to think and work at Aurolab. I am surrounded by smart people and achievements are theirs too”. Taxminiy tarrjimasi ”Bek, fikrimcha eng katta omil bu menga Aurolabda fikrlash va ishlashga berilgan erkinlik edi. Meni atrofimda ko’plab aqlli insonlar bor va yutuqlar faqat men tufayligina emas”. 


Bala Krishnan oftalmologiya sohasida katta burilishi yasadi va uning nomi tarixga yozildi.

Bek Olimjon

29.03.2023

Norvegiya