Tanqidning qanday afzalliklari bor?

Boshqalarni bizni tanqid qilishlari sabab biz rivojlanamiz. Tanqid fikrlarimizni biz ko’rmagan, inobatga olmagan tomonlarini ko’rishimizga yordam beradi. Tanqid beruvchini ham, oluvchini ham fikrlashga majburlaydi. Tanqid sabab biz harakatni boshlaymiz.

Ammo tanqid nozik masala. Ayniqsa madaniyatimizda insonlar ko’nglini og’ritib qo’ymaslikka katta e’tibor beramiz. Shuning uchun ham haqiqatni aytishdan ko’ra inson ko’nglini og’ritmaslikni afzal ko’ramiz. Madaniyatimizda bizdan yuqori avtoritetni har qanday holatda ham hurmat qilish o’rgatilgani uchun, biz ularni hech qachon tanqid qilmaymiz. Natijada uni o’rganmaymiz.

Tanqid qilayotganda nimalarga e’tibor berish muhim. Ko’p jihatlari bor, hozir esimga kelganlari quyidagilar:

  1. Tanqid qilishdan avval birinchi inson o’ziga beradigan savoli ”maqsad nima o’zi bu yerda?”, ”tanqid qilishimdan maqsad nima?” Tanqiddan ko’zlangan maqsad kimnidir mot qilish, kimnidir ustidan g’alaba qozonish orqali o’zini statusini oshirish bo’lmasligi muhim. Tanqid oluvchini va beruvchini rivojlanishiga sabab bo’lsagina qilish lozim. ”Meni fikrim to’g’ri bo’lmaslik ehtimoli bor” degan nuqtai nazardan kelib chiqqan holda fikr yuritish muhim.
  2. Tanqid har doim fikrga yoki vaziyatga nisbatan bo’lishi lozim. Shaxsga qaratilgan bo’lmasligi kerak. Agar shaxsga qaratilgan bo’lsa, unda oluvchi tomonda himoya mexanizmini birdaniga shakllanishiga sabab bo’ladi va orada nizo kelib chiqadi.
  3. Tanqid qilishdan avval, fikr yoki vaziyatni ijobiy tomonlarini aytib o’tish zarur. Agar ijobiy tomoni bo’lmasa yaxshi gumonda bo’lgan holda ”balki siz mana bunday deb o’ylagandirsiz, boshqa tomondan mana bu jihatlari haqida nima deysiz?” kabi ohangda.
  4. Tanqid beruvchi inson, tanqid oluvchi insonni xato ekanligini aytmasligi muhim. Kimdir biror fikrda yoki vaziyatda sizningcha ochiqchasiga xato bo’lsada, u insonga ”sen xato fikrlayapsan yoki noto’g’risan” deyish maqsadga olib bormaydi. Aksincha nizoga sabab bo’ladi. Undan ko’ra u inson fikrini ijobiy tomonini eslatib o’tgan holda, siz to’g’ri deb o’ylagan jihatni tavsiya etish mumkin.
  5. Tanqid buyruq ohangida emas, taklif ogangida bo’lishi lozim.
  6. Agar tanqid qilishda yetarlicha fikrlaringiz bo’lmasa, savol so’rash mumkin. Siz o’ylayotgan fikrlarni savol ko’rinishida berish mumkin. Misol uchun ”fikrlaringizni (ijobiy tomonlarini ko’rsatgan holda) mana qismlarini tushundim, lekin men tushunishga qiynalayotgan jihatlari mana bular. Shularga qanday fikrdasiz?

Tanqid komplementdan ko’ra afzalroq. Kompliment (iltifot) insonga qanchalik yoqmasin uni kuchsizlanishiga sabab bo’ladi. To’g’ri qilingan tanqid esa insonni yanada kuchliroq qiladi.

Tanqid eng yaxshisi o’z-o’zini tanqid qilish. Bunda ham yuqorida aytib o’tilgan 6 ta jihatlarni qo’llash juda muhim.

Ancha nazariy va mavhum fikrlar bo’ldi 😊 Qanday qilib yaxshilash mumkin, tanqid sizdan.

Bek Olimjon
25.03.23
Stockholm