Yevropada oftalmolog bo’lib ishlashni boshlaganimdan beri haftasiga 5 kun ishlab 2 kun (shanba-yakshanba) dam oldim. 5 kun ish deyarli bir xil o’tadi. Ertalab soat 8 dan kechki 4 largacha bemor ko’riladi, odatda orada tanaffussiz. Har 15 yoki 20 minutda bitta bemor. Ishdan keyin uy, oila va bolalar uxlagandan keyin ilmiy izlanishdagi ishlar yoki o’z sohamdan tashqari bo’lgan ishlar, start-up yoki boshqa shaxsiy loyihalar bilan band bo’laman.

Eng kamida oxirgi 2 yilda shu yo’sinda ishlab kelyappan. Kunlar o’tishida bir xillik mavjud. Aslida bu juda salbiy emas, ammo o’z soham bo’yicha o’tirib 3-4 soatlab kitob, yangi maqolalar o’qish, soham bo’yicha rivojlanish kamayib bormoqda. Kundalik ishda duch keladigan deyarli barcha kasalliklarga diagnoz qo’yish va davolashda muammoga duch kelmasamda, bilimlarim eskirib qolayotganidan havotirga tushishni boshladim. Yangi bilimlarni olmay qo’yish bu rivojlanishdan to’xtash degani. Bu yaxshi emas.

Shuning uchun men endi haftasiga 5 kun emas 4 kun ishlashga qaror qildim va iyun oyidan boshlab shuni amalda qo’llab ko’rmoqchiman (aprel va may uchun bemorlar yozilib bo’lgan).

Bu nima beradi?

O’ylashga, kitob o’qishga, o’rganishga, rivojlanishga, oila bilan ko’proq vaqt ajratishga, sport bilan shug’ullanishga, sohamdan tashqari ishlar bilan shug’ullanishga, yozishimga, ijtimoiy aloqalarimni mustahkamlashga va boshqa har qanday o’zim hohlagan ishlarni qilishga imkoniyat yaratadi.

Haftasiga ishlashni 100% (40 soat ish) dan 80% (32 soat) tushirish moliyaviy jihatdan qanday ta’sir qiladi, daromad kamayishiga sabab bo’ladiku deyish mumkin. Ha, qisqa muddatda shunday bo’ladi, lekin uzoq muddatli investitsiya sifatida unday bo’lmaydi. Uzoq muddatda 32 soatlik ishim qadrini 40 soatlik ishimdan ko’ra yuqoriroq baholanishiga sabab bo’ladi. Oxir-oqibat haftasiga 4 kun ishlab 5 kun ishlagandan ko’ra ko’proq pul topa olaman.

Eng yaxshi marketing bu boshqalar tutmayotgan yo’lni tutish. Sohamda boshqalar tutayotgan yo’l haftasiga 5 kun ishlash. Bunda professional rivojlanish uchun vaqt qoldirmaslik ehtimolini oshiradi. O’qishga, o’rganishga vaqt qolmaydi. Boshqalar shunday qilayotgan vaqtda men haftasiga 4 kun ishlab, to’liq bir kunni rivojlanish uchun sarflayman. Natijada ko’proq manfaat taklif eta olaman. Bir mashhur faylasuf investor aytgan edi: ”Agar kuniga 1 soat vaqtingni ilmiy izlanish, matematika va falsafa bo’yicha kitob o’qishga sarflasang va buni hayotda qo’llay olsang, sen 7 yil davomida muvaffaqiyatlilar yuqori qatlamidan joy olishing tabiiy” deb.

Haftasiga 5 kun emas 4 kun ishlash moliyaviy erkinlik yo’lidagi muhim qadamlardan biri.

Inson karyerasini hayot mazmuniga aylanib qolishidan ehtiyot bo’lishi kerak.

Bek Olimjon
26.03.23
Norvegiya