Bir oyda topiladigan pul – bir oydagi harajat = tejalgan pul
Buni tushunish nega muhim?
Har qanday 18 yoshdan oshgan inson mustaqil fikrlovchi, o’z hayoti, oilasi va kelajagiga mas’ul shaxs sifatida buni tushunishi muhim. Aynan shu tushuncha ortida butun kelajak farovonligi yotadi. Oila va farzandlar ta’minoti, o’zining ruhiy hotirjamligi mana shu tushunchaga bog’liq.
Moliyaviy erkinlikka erishmoqchi bo’lgan har qanday inson o’zlashtirishi kerak bo’lgan eng fundamental tushuncha hisoblanadi.
Nima o’zi u va moliyaviy erkinlikka qanday aloqasi bor?
O’ta oddiy til bilan tushuntirilganda har oy oxirida qo’lga tegayotgan oylik bor. Aytaylik 100 so’m. Bir oydagi harajatlar miqdori 90 so’mni tashkil etadi. Natijada 10 so’m farq qilyapti. Ana shu 10 so’mni biror maqsadda tejash odamda 10% tejash foizi bor ekanligini ko’rsatadi.
Aytishingiz mumkin, topganimiz yetmaydi, narhlar qimmat, inflyatsiya baland va hokazo deb. Bu haqida keyin batafsilroq. Hozir maqsad nazariy jihatdan tejash foizi nima ekanligini tushunish.
Buni tushunishdan asosiy maqsad umrimizdagi soatlarni pulga sotmaslikka erishishga harakat qilish.
Yuqoridagi misoldan kelib chiqadigan bo’lsak, 10% tejash foiziga ega inson 9 oy ishlashi va shu vaqt mobaynida har oyda 10 so’mdan tejab borsa 1 oy ishlamasligi mumkin. Chunki 9 oy davomida 90 so’m pul tejay oldi. Endi ana shu tejash foizi 10% emas, 20% bo’lsachi? 4 oy ishlagandan so’ng 1 oy ishlamasligi mumkin. Endi bu ko’rsatkich 50% bo’lsachi, 1 oy ishlab, keyingi oy ishlamasligi mumkin. Yoki 6 oy ishlab, 6 oy ishlamasligi mumkin.
Agarda meni tejash foizim 75% bo’lsa, bir yil ishlab, undan keyingi uch yil davomida pul uchun ishlamaslik imkoniyatini beradi. Bunda birinchi yildagi yashash tarzimni saqlab qolgan holda 3 yil davomida pul uchun ishlashim shart bo’lmaydi.
Raqamlarda tushuntirsak, aytaylik meni oilamdagi barcha harajatlar uchun bir oyda 1000$ sarflayman. Bir oydagi oyligim 4000$ teng. Men har oyda 3000$ tejayman va 1000$ ishlataman. Yil yakunida, 12 oydan so’ng, menda 36000$ (12×3000$) naqd pul bor. Endi bunga men 36 oy davomida yashashim mumkin.
Ishlamaslik deganda umrini pulga almashtirmaslik tushuniladi. Vaqtdan hohlagan maqsadida foydalanish tushuniladi.
Aytaylik men Java dasturlashni yoki mashina tuzatishni o’rganmoqchiman. Menda tejash foizi 0% ga teng bo’lsa buni imkoni yo’q. Chunki o’rganish uchun kunlarimni sarflasam oylik kamayadi va natijada minusga kiraman. Agar Java yoki mashina tuzatishni o’rganmoqchi bo’lsam oilamni boqish uchun kimdandir qarz olishimga to’g’ri keladi. Shunda oylik olmagan holda o’rganish uchun vaqt sarflashim mumkin.
Yuqorida aytganimdek bu nazariy tushuncha. Bu yerda inflyatsiyani, kutilmagan harajatlarni inobatga olish muhim. Bu haqida batafsilroq to’xtalishdan avval, bu postni o’qiyotganlar ko’pchiligi o’zi pul topmasligi va qarzga yashashini aytib o’tishimiz muhim. Ko’pchilik qarzga yashaydi. Kimnidir qaramog’ida. Kim uchundir boqimanda.
Kimnidir hisobidan yashash har doim ham salbiy qabul qilinmasligi kerak, ammo buni anglab yetish muhim. Kimnidir hisobidan yashash yoki o’zimiz topgan pulga yashash jamiyatdagi foydalilik darajamizni ko’rsatadi.
Shuning uchun tejash va tejash foizi haqidagi mavzulardan 2-3 qadam oldinroqqa qaytishimiz zarur. Qarzga yashash turlari haqida gaplashishimiz kerak. Bu haqida keyingi postlarda…
Bek Olimjon
12.03.23
Norvegiya
Leave a Reply