Hozir kompyuterni tozalayotgib 2014-yilda Norvegiyada grant yutish uchun tayyorlagan CVimni ko’rib qoldim va bundan 10 yil oldin o’rgangan saboqni sizlar bilan ulashgim keldi.
Ishga, o’qishga kirishda yoki shunga o’xshash har qanday raqobat bor joyda qanday qilib muvaffaqiyat qozonish mumkin? Maqsadi bor yoshlarni ko’pchiligini o’ylantiradigan savol.
Fikrimcha raqobatda muvaffaqiyat qozonish uchun odam o’zini marketing qila olishi kerak. Qayerdadir o’qigan edim, “Eng yaxshi marketing bu boshqalar tutmayotgan yo’lni tutish!” deb.
2014-yili grantga topshirganimda, CV maksimum bir varaq bo’lishi talab etilgan edi. Muammo CV 3-4 varaq edi. O’sha payt ikkita yo’l ko’rganman; 1) barcha ma’lumotlarni qisqartirib, kesib tashlab, eng muhim joylarini qoldirib, matn shaklida bitta varaqqa joylash va 2) bir amallab barcha ma’lumotni bir varaqqa joylash.
Birinchi yo’l tabiiydek va ko’pchilik shu yo’lni tutadi degan fikr bor edi. Undan tashqari men grant yutishim uchun barcha ma’lumotlar muhim deb hisoblaganim uchun kesishni hech ham hohlamagan edim. Keyin yuqoridagi marketing qoidasi bo’yicha boshqalar qilmaydigan ishni qilishim va raqobatchilardan ajralib turishim ham muhim edi. Shunda CV ni infografika shaklida qilishga qaror qilgan edim. Bu postdagi rasm o’sha CV nusxasi.
Grant yutdim, 2015 kuzida Norvegiyaga keldim, o’qish boshladim. Oradan bir yilcha vaqt o’tdi. Bir tadbirda kofe uchun tanaffus vaqtida universitet mas’ullaridan biri bilan gaplashib qoldim. Ismimni aytdim, asli ko’z kasalliklari shifokori ekanligimni, grant asosida o’qiyotganimni aytdim. Shunda u qabul bo’limida ishlashini va o’tgan yili meni hujjatlarimni u ko’rganini aytdi. Men yuborgan CV esida qolganini va boshqalar yuborgan bir-biriga o’xshash matndan iborat bo’lgan xujjatlardan farq qilib turganini esladi. Grant yutganimga qanchalik ta’sir qilgan degan savolimni bitta jilmayish bilan javobsiz qoldirdi.
Fikrimcha raqobatda birinchi taassurot muhim. Agar siz raqobatchilardan yaqqol afzal bo’lsangiz, doim yutayotgan bo’lsangiz demak siz o’zingizga mos muhitda emassiz. Siz kuchsiz muhitni tanlagansiz. Siz bilan kuchi teng insonlar bilan raqobat qilayotganingiz yo’q. Yutqazish muhim.
Bek Olimjon
Leave a Reply