Bu hozir ancha hit mavzu. U haqida yozishdan oldin bitta narsaga aniqlik kiritib olish kerak. Ko’pchilik Bill Gates, Mark Zuckerberg va boshqa bir qator muvaffaqiyatli odamlarni universitetda o’qimagan degan fikrlar aytishadi. Bunday insonlarni universitetda o’qimagan emas, balki universtitetni sakrab o’tib ketgan deyish kerak aslida. Huddi vunderkind bola sinfdan-sinfga sakragani kabi, ular ham universitet qismini sakrab o’tib ketishgan. O’qimaslik bilan sakrab o’tib ketish farqi juda katta.
Universitetda o’qish kerakmi? Meni javobim ”Ha!”. Diplom olish uchun o’qish kerak, bilim olish uchun emas. Hozirgi ko’plab universitetlar zamonaviy bilimlarni bera olmaydi. Bu g’arbdagi ayrim universitetlarga ham tegishli. Bilim olishga talaba o’zi javobgar. Bu 100% talaba bo’ynidagi majburiyat. Meni institut o’qitmayapti deyish katta xato bo’ladi.
Xo’sh nega diplom kerak? Sohalardagi rivojlanish darajasi, jamiyat va davlat miqyosidan ancha oldin yuradi. Jamiyat va ko’plab tashkilotlar (ayniqsa davlat tashkilotlari) rivojlanish eng old qismida yurmaydi.
Shuning uchun biz yashayotgan jamiyat va juda ko’plab ishlar haligacha diplom talab etadi. Faqat diplomga emas, bilim va ko’nikmaga asoslangan holda ishga olishsa zo’r bo’lar ediyu, lekin har doim ham unday emas. Xullas biror sohada rivojlanmoqchimisiz, hozirgi kunda diplom kerak. Balki keyingi 10 yilda o’zgarish bo’lar.
Rivojlanish eng old qismida yurgan sohalar diplom talab etishni allaqachon to’xtatishgan. Yaqqol misol IT, marketing, ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash, biznes va hok. Agar siz ana shu sohalarda ishlamoqchi bo’lsangiz diplomni birinchi o’ringa qo’ymasa ham bo’ladi deb o’ylayman. Muhimi siz natija ko’rsata olishingiz.
Avvallari bilim markazlashgan edi. Universitetlar bilim markazi edi. Shuning uchun bilim olmoqchi bo’lgan inson universitetga borishga majbur edi. Hozir esa internet bergan imkoniyatlar tufayli bilim juda tarqoq holatda. Agar biror tashkilot ana shu tarqoq holatdagi bilimlarni tizimli shaklga solib, imtihon qilib, akkreditatsiyadan o’tgan diplom berishni yo’lga qo’ysa hozirgi ko’plab qimmat universitetlar ancha qiyin ahvolda qoladi degan fikrlar bor.
Universitetlar bilim berishidan tashqari ijtimoiy aloqalar o’rnatadigan maskan ham. Online ta’lim buni o’rnini bosa olmaydi. Mana shu qismi uchun ham universitet muhim bo’lishi mumkin. Xo’sh, nima qilish kerak? Fikrimcha o’ta qimmat bo’lgan universitetlarga pul sarflash kerak emas. Diplom olish uchun tekin yoki arzon universitetga o’qishga kirib, biz bilan maqsadlari uyg’un insonlar bilan aloqa qilib, ular bilan birga rivojlanishimiz kerak va bilim olishga 100% o’zimiz mas’ul ekanimizni tushunishimiz kerak. Bugungi kunda har qanday sohadagi ma’lumotlarni tekinga, uyda o’tirib olish mumkin. Birinchi qadam chet tilini (ingliz tili) o’rganish bo’lishi shart.
Bek Olimjon
Leave a Reply