Bu post Scopusda maqola chiqarish haqida. Aniqrog’i tibbiyot sohasidagilar nega Scopusda maqola chiqarishni birinchi o’ringa qo’ymasliklari kerak ekanligi haqida. Agar siz ilmiy tadqiqot bilan shug’ullanmasangiz yoki bunga qiziqmasangiz, bu postni o’qishga vaqt sarflamang.
Scopus nima o’zi?
Sodda qilib ayganda Scopus bu Elsevier deb nomlangan bosmaxona tomonidan tashkil etilgan ma’lumotlar bazasi. Unda bir necha minglab jurnallar ro’yhati bor. Turli mavzulardagi maqolalarni qidirish imkoniyati bor. Ilmiy ish bilan shug’ullanuvchi insonlar uchun turli xil ma’lumotlar, misol uchun siz yozgan maqolani kim iqtibos sifatida keltirdi, necha marta iqtibos qilindi va hok, kabilarni berib turadi. Scopus ma’lumotlar bazasiga nafaqat tibbiyotdagi, balki turli xil sohalardagi ilmiy jurnallar kiritilgan. Scopus yaxshi qidiruv xizmati bo’lgani uchun ilmiy tadqiqotchilar orasida ko’p ishlatiladi.
Elsevier bosmaxonasi o’zini hurmat qiladigan tashkilotlardan. Ular har qanday jurnallarni ham o’z bazasiga kiritavermaydi. Bazasiga kirishi uchun ilmiy jurnal bir nechta talablarga javob berishi kerak. Shuning uchun ham sifatli deb hisoblanadi va ko’plab oliygohlar Scopus bazasida bor jurnallarda maqola chop etishni hohlashadi. Bozor iqtisodiyotida hohish bu talab. Talab bor har qanday narsadan pul topsa bo’ladi. Bu sohada pul topmoqchi bo’lgan bir qator jurnallar mavjud. Siz Scopus bazasidagi jurnalda maqola chiqarmoqchisiz, jurnal sizdan pul oladi va maqolangizni chiqaradi.
Ammo barcha jurnallar ham birdek sifatli emas. Scopus yil davomida o’z bazasidagi jurnallarni taftish-nazorat qilib boradi. Talabga javob bermagan jurnallarni o’z bazasidan chiqarib tashlaydi. Ishonasizmi bundaylar har yili bir necha yuzlab jurnallarni tashkil etadi. Misol uchun 2020-yili fevral oyida Scopusdan chiqarib yuborilgan jurnallar ro’yhatini mana bu yerda ko’rishingiz mumkin.
Nega bu jurnallar chiqarib yuboriladi? Sabablari oddiy. Sifat talabiga javob bermagani uchun. Sifatsiz maqolalar chiqargani uchun. O’z ishi davomida shaffoflikni ta’minlamagani uchun. Olimlar tomonidan qora ro’yhatdagi jurnallar deb e’tirof etilgani uchun. Predatory journals (bizda maqola chiqaring deb yalinib yuruvchi gadoy jurnallar umumiy nomi shunday deyiladi) deb sanalgani uchun va hok.
Bu borada O’zbekistondagi vaziyat qanday?
Bizda Scopusda maqola chiqarish kerak degan ”vasvasa” mavjud. Bizdagi yosh tadqiqotchilar aksar qismi ingliz tilini bilmagani uchun Scopusda maqola chiqarib beraman degan o’rtakashlarga murojaat etishadi. Unday shovvozlar tadqiqotchi pulini olishadi, bugun maqolasini birorta sifatsiz jurnalda chiqarib beradi. Bu jarayon narhi bir necha yuz dollardan 2 000 dollargacha borishi mumkin. U jurnal Scopusda bugun bor, lekin ertaga yo’q bo’lish ehtimoli yuqori. Tadqiqotchi esa puliga kuyib qolish ehtimoli yuqori. Achirali holat. Afsuski bizning tibbiyot institutlarimiz ham mana shu Scopus vasvasasiga tushgan. Jiddiy jurnallarda maqola chiqarish narhi, maqola qabul qilinmagunicha aytilmaydi. Qachonki sizning maqolangiz qabul qilinadi, ana shunda pul to’lash so’raladi.
Muammoni aytgandan keyin, yechim ham berish kerak
Tibbiy tadqiqotlar markazi bo’lgan davlatlarda ishlatiladigan PubMed degan qidiruv va indeksatsiya xizmati bor. PubMed bu tibbiyotga aloqador turli sohalarda chop etilgan maqolalarni o’ziga jam etgan qidiruv tizimi. Tibbiyot sohasida jiddiy ilmiy tadqiqot bilan shug’ullanayotgan har qanday tadqiqotchi PubMeddan foydalanadi. Dalillarga asoslangan tibbiyot bilan ishlayman degan har qanday shifokor PubMeddan foydalanadi. PubMed jiddiy jurnallarni indeksatsiya qiladi. Hokus-pokus, bugun bor, ertaga yo’q jurnallarni qabul qilmaydi. PubMed bu bitta bosmaxona emas, balki dunyoda tibbiyot sohasida eng mashhur tashkilotlardan biri NIH (National Institutes of Health) tomonidan tashkil etilgan va boshqariladi. Biror jurnal PubMed talabiga javob berishi uchun bir qator chig’iriqlardan o’tishi, yetarlicha tarixga ega bo’lishi talab etiladi. Scopusdagidek bugun bor, ertaga yo’q jurnallar undan o’rin olish ehitmoli kam.
Shuning uchun ham rivojlangan davlatlardagi tibbiyotdagi tadqiqotchilar asosan PubMedga qarashadi va o’z maqolalarini PubMedda chiqarishadi.
Qo’pol qilib aytganda, tibbiyotda PubMed indeksidan o’tmagan jurnal, jiddiy jurnal sifatida qabul qilinmaydi.
Tibbiyotdagi hamyurt tadqiqotchilariga ham o’z maqolalarini PubMed indeksidan o’tgan jurnallarda chiqarishga harakat qilishlarini tavsiya qilaman.
Leave a Reply