Bu post Oslo universiteti tibbiyot instituti talabalariga o’tiladigan dars haqida. Aniqrog’i ulardan talab etiladigan bilimlar haqida. Men bugungi o’tgan darsimdan na’muna yozmoqchiman.

Bugun Oslo Universitetida navbatdagi dars haftasini boshladim. Bugungi dars stomatologiya fakulteti 1-kurs talabalari (2-semestr) uchun. Bu yerda stomatologiya va tibbiyot fakulteti talabalari dastlabki 3 ta semestrda bir xil fanlar o’tishadi. Menga kelgan talabalar hozir ko’krak qafasi a’zolari anatomiya va fiziologiyasini o’tishyapti.

Men o’tadigan dars PBL (Problem Based Learning) deb nomlanadi. Bizdagi vaziyatli masalaga o’xshab ketadi, lekin ancha strukturaga ega va o’qituvchi vazifasi chetda turib talabalar ishtirokini ta’minlab turish. Meni darsdagi ishtirokim maksimum 20% ega. Qolgan vaqtda talabalar o’zlari diskussiya qilishadi. Xullas bugungi darsda qanday topshiriq tushdi?

58 yosh erkak, bir haftadan beri nafas yo’llarida shamollashga shikoyat qiladi. Nafas olishi qiyinlashgan. UASHga keladi, qon bosimi va puls normada, nafas olish qiyinlashgan. Perkussiyada chap o’pka pastki qismida bo’g’iq tovush, chap o’pka ekskursiyasi cheklangan. Yurak chegaralari perkussiya qilinmaydi, ictus cordis sezilmayapti. Auskultatsiyada nafas ushlab turganda pulssinxron mayda xirillagan tovush. Bemor shifoxonaga yotqizildi. Qon tahlillari CRP >400, leykotsitlar 35. Ko’krak qafasi rentgenida yurak chap tomogan kengaygan. Chap o’pka pastki bo’lmasida infiltrat va recessus costodiaphragmaticus yo’qolgan. Exokardiografiyada 2cm perikard suyuqlik.

Bu topshiriqda talabalar diskussiya qiladi va bitta talaba doskaga yozadi. Avval faktlarni yoziladi, keyin muammo aniqlanadi, keyin gipotezalar aniqlanadi. Gipotezalar eng ishonchlisini birinchi o’ringa qo’yib ro’yhati yoziladi. Undan keyin talabalar nimalarni o’rganish kerak ekanliklarini yozib chiqishadi. Misol uchun ko’krak qafasi anatomiyasi, yallig’lanish, bakterial infeksiya, innervatsiya, miokard infarkti, qon tahlillari va hok.

Ularda 3 kun vaqt bor. Shu vaqt ichida muammoga yechim topib kelishlari kerak. Juma kuni talabalar muammo yechishda qanday yo’l tutishgani va qanday qilib yechimga kelganliklarini ko’rib chiqamiz. Muammo javobi bor menda, uni hamma bilan birga juma kuni ko’rib chiqamiz.

Bu degani bu yerdagi talabalar aqlliroq degani emas. Shunchaki ulardan talab yuqori.

Shunaqa gaplar.