Har bir odamni yashash ehtiyojlari bor. Yeyishi, kiyishi, boshpanasi bo’lishi muhim, transport yoki boshqa ehtiyojlari bor. Jamiyatimizda bu ehtiyojlarni qoplash uchun asosan puldan foydalanamiz. Bu pulni topish uchun ishlaymiz. Har kunlik soatlarimizni pulga ”sotamiz”. Soatlar to’plasak kunlar bo’ladi, kunlarni to’plasak yillar bo’ladi, yillarni to’plasak umr bo’ladi. Natijada umrni pulga almashtirgan bo’lamiz.
Moliyaviy erkinlik – ehtiyojlarimizni qoplash uchun zarur bo’lgan pulni topish uchun kunlarimizni pulga almashtirmaslik. Qo’pol qilib aytganda pul topish uchun ishlamasak ham ehtiyojlarimizni qoplash uchun yetarli pul kelib turishi. Bunda tekinxo’r bo’lmaslik muhim, jamiyatga foydali bo’lish muhim, halol bo’lish eng muhimi.
Moliyaviy erkinlikka qanday erishish mumkin? Turli usullar haqida o’qish mumkin. Menimcha jamlangan holatda tushunishga eng oson ta’rifni Naval Ravikant bergan. Unga ko’ra:
1) Ehtiyojlarni nolga tushirish. Kiyimga, ovqatga, boshpanaga ehtiyoj bo’lmasligi. Rohib bo’lish misol uchun. Qandaydir ziyoratgohga borib o’sha yerda kun kechirish. Tushgan hayriyalar hisobiga yashash.
2) Qandaydir biznesga egalik qilish. Siz tunda uxlaganingizda ham pul keltiradigan qandaydir biznesga egalik qilish. Bunga eng oddiy misol ijaraga uy berish. Yoki biror biznesga investitsiya qilish va bundan daromad olish. Ya’ni siz vaqtingizni bermasangiz ham pul topa olishingiz.
3) O’zingiz sevadigan mashg’ulot bilan band bo’lish. Sizga pul to’lashmasa ham qilishga tayyor bo’lgan ish bilan band bo’lishingiz. Shunday bo’lsinki sizda ishlayabman degan fikr bo’lmasligi.
Bulardan 1 va 3 qiyinlari hisonblanadi. Birinchi usul variant emas. Uchinchi usulga erishish uchun odam o’zi qiziqqan turli sohalarda biror natijaga erishishga ko’p martalab urinib ko’rishi kerak. O’zi sevgan narsasini topishi uchun o’nlab, kerak bo’lsa yuz martalab mag’lubiyatga uchrashga tayyor bo’lishi kerak. Oila va jamiyat ma’suliyati bo’ynida turgan odam uchun bu har doim ham to’g’ri variant bo’la olmaydi.
Shuning uchun yuqoridagilardan ikkinchi tanlov, ya’ni biznesga egalik qilish, eng ”osoni” hisoblanadi. Qiyin qismi shuki biznesga egalik qilish uchun kapitalga egalik qilish zarur. Kapital = pul deb tushuniladi. Men o’zimcha kapitalni qattiq va yumshoq turlari bor deb tushunaman. Qattiq kapital bu ushlab ko’rish mumkin bo’lgan moddiy resurs. Misol uchun pul, oltin, qandaydir bino, mashina va hok. Yumshoq kapital esa bu bilim, ko’nikma, tanish-bilish va hurmat. Yumshoq kapitalni qattiq kapitalga aylantirish oson.
Bu postni shu joygacha o’qiganlarni aksariyat qismi yumshoq kapital orttirishga intilayotganlar hisoblanadi.
Bugungi kunda erishish eng oson bo’lgan yumshoq kapital bu bilim va ko’nikmalar. Deyarli barcha turdagi bilim va ko’nikmalarni tekinga olish mumkin. Bilim va ko’nikmani jamiyat muammosiga yechim topishda ishlatilsa, jamiyat unga yarasha haq to’laydi. Ya’ni yumshoq kapital qattiq kapitalga, ya’ni pulga aylanadi. O’sha pulni qandaydir biznesga investitsiya qilish orqali moliyaviy erkinlikka erishish mumkin. Bunda ”tejash foizi” degan tushuncha markaziy omil hisoblanadi. Bu haqida keyinroq…
Bek Olimjon
11.03.23
Norvegiya
Leave a Reply