O’zim haqimda qisqacha: Ismim Bek Olimjon, kasbim oftalmolog, ayni vaqtda Norvegiya va Shvetsiyada oftalmolog bo’lib ishlayman. Oslo Universitetida tibbiyot fanlari doktori darajasini olganman.

Ko’zoynak, kontakt linza yoki lazer operatsiyalarini sotilishidan menga hech qanday moddiy manfaat yo’q. Ayni vaqtda men O’zbekistondagi klinikalar bilan hamkorlik qilayotganim yo’q. Bularni aytib o’tishim muhim deb o’ylayman. Chunki bu postda miopiyaga qarshi mashqlarni befoyda ekanligi haqida qisqaroq yozmoqchiman va turli mashqlarni targ’ibotchilari ilmiy diskussiya qilishga kelganda, ularga qarshi fikr bildirganlarni ko’zoynak, linza, lazer operatsiyalaridan manfaatdor deb diskussiyadan qochishga harakat qilishadi. Mashqlar samarasiz ekanligi, hech qanday ilmiy asosga ega emasligi faqat meni gapim emas. Bunday mashqlar nafaqat befoyda ekanligi, balki bemorlarga zararli ekanligi haqida ham butunjahon oftalmologlari jamlangan fikrlar mavjud (1).

Miopiyani mashqlar bilan davolash bu yangilik emas. Eng kamida 100 yillik tarixga ega. O’zbekistonda ko’p targ’ib qilinadigan va tarqalgan usullar bu Beyts, Norbekov va Slogodski va hokazolar.

Beyts usuli nima?

Uni amerikalik oftalmolog William Bates (1860–1931) o’ylab topgan. Beyts ko’z atrofidagi muskullar spazmi hisobiga ko’z olmasi shakli o’zgaradi degan ishonchga ega bo’lgan. Unga ko’ra ko’z atrofidagi muskullar ko’z olmasini qisadi va shu tufayli ko’z olmasi uzayadi degan ishonch oldinga surilgan. Uning usullari asosan 1891-yilgi maqolaga va o’zi nashr qilgan kitobga asoslangan. 1917-yili miopiyani mashq bilan davolash bo’yicha kurs sotgan. Bu Amerika Tibbiyot Uyushmasi (AMA, AQShdagi eng katta tibbiyot uyushmalaridan biri) tomonidan qattiq tanqid qilingan va Beyts ishlarini firibgarlik deb aytilgan. 1929-yili FDA Beyts usulini “noto’g’ri, bemorlarni yo’ldan uruvchi va bemorlar uchun zararli” degan xulosa chiqargan. FDA bu AQSHda davo turlarini tasdiqlovchi va ruhsat beruvchi tashkilot. Beyts usullari hech qanday ilmiy asosga ega emas. Bu usullarni qo’llash orqali davo topish ilmiy isbotlanmagan. Buni bilish uchun oddiy wikipediani ochib qidirib ko’rish kifoya. Beyts davridan keyin tibbiyot, ayniqsa oftalmologiya, anchagina rivojlangan. Misol uchun antibiotik 1928-yili ixtiro qilingan. Bu shunchaki solishtirish uchun.

Norbekov usullari haqida

Norbekov Beytsdan farqli o’laroq oftalmologiyaga umuman aloqasi yo’q odam. U inson haqida mana bu joyda o’qisa bo’ladi. Uning usullari ham ilmiy asosga ega emas.

Slogodski usuli

Ohirgi vaqtlarda O’zbekistonda tarqalayotgan usullardan biri xalqaro ekspert deb ta’rif etilayotgan Evgeniy Slagodski tomonidan sotiladigan davo usullari. Slagodski kim? Uning ham tibbiyotga hech qanday aloqasi yo’q. Uning o’z saytida aytilishicha u 1989-yilda nafaqaga chiqqan harbiy xizmatchi. Gipnozchi va yoga bilan shug’ullanadigan odam. O’z saytida mana bunday yozilgan:


“Слогодский Евгений Николаевич Президент Общественного Объединения «Академия Психоэкологии Сознания»,основатель Школы Сибирской Йоги «Снежный лотос», Школы развития способностей человека «Шестое чувство», Гипнотерапевт, работающий в архаичных техниках гипноза этнических культур. Преподаватель редких оздоровительно-развивающих техник Маха Крийя Йоги, Тибетской Йоги Бордо, Тибетских практик Развития Ясного Зрения и Интуиции.”

To’liqroq o’rganmoqchilar uchun uning sayti mana bu yerda.

U odam MNOT (Многофункциональный Нейро-Офтальмологический Тренажёр) deb nomlangan mashq ko’zoynaklarini ixtiro qilgani va bunga patent olganini aytib reklama qilishadi. Bu ko’zoynak oddiy duoxrom (ikki xil rangli. m.u. yashil va qizil) linzalardan iborat va hech qanday ixtiro emas.

Bunday ko’zoynaklarni ishlatgan odam tiniqroq ko’rishini aytadi va shuning uchun bu usulni natija beryapti deb o’ylaydi. Aslidachi? Duoxrom linzalar va rasmdagi tirqishlarni biz oftalmologiyada diagnostikada har kuni ishlatamiz va ularni yuqoridagi yogachiga umuman aloqasi yo’q. Miopiyasi bor odamlar kichik teshik orqali yaxshiroq ko’rishlari, astigmatizmi bor insonlar tirqish orqali yaxshiroq ko’rishlari, miopiyasi bor odamlar duoxrom linzalarda tiniqroq ko’rishlari fanga ma’lum. Bularni tushunish uchun sferik aberratsiya, xromatik aberratsiya degan tushunchalarni bilish kifoya.

Xullas, Slogodski usullari haqida ham ilmiy asos mavjud emas. Kurslarini tekinga taklif etishga va kurslarida ko’zoynagini sotishga asoslangan biznes modelga ega ekanligi aytiladi. Bu ham yuqoridagilarga o’xshagan. Barchasini qo’rqmasdan sharlatan deb atash mumkin.

Bunday davo usullarini taklif etayotgan odamlar odatda tibbiyotga aloqasi yo’q odamlar bo’ladi. Bir qator misol keltirish mumkin. AQShda keng tarqalganlaridan biri bu Jake Steiner, endmyopia asoschisi. U birja bilan shug’ullangan odam va sayti orqali mashqlarni sotish bilan tanilgan. U ham sharlatanlardan biri. Bunday sharlatanlarga xos bo’lgan belgilardan biri ular internetda juda faol. YouTubeda bir dunyo videolari bor.

Eng achinarlisi shuki, ayrim shifokorlarimiz ham bunday usullarni foydali deb ishonishadi va bu usullar targ’iboti bilan shug’ullanishadi. Bunday shifokolar ilmiy asosga ega tibbiyotdan ancha uzoq odamlar ekanligi juda achinarli holat.

Xo’sh nima qilish kerak? Yechim nima? Yechim tanqidiy fikrni shakllantirish. Birortasi sizning katta muammoingizga yengil yechim taklif qilsa, bir daqiqaga to’xtab, savolga tutish, dalil talab etish, Googlega kirib qidirib ko’rish va o’zingiz xulosa qilishingiz. Agar savolga tutishni o’rgansak, tanqidiy fikrlashni shakllantirsak, aldanib qolmaymiz. Tibbiyotdagi insonlardan, talabalardan shuni iltimos qilar edimki, dalillarga asoslangan tibbiyot nima ekanligini o’rganing. Uni nima ekanligini bilmasangiz, zamonaviy tibbiyot nima ekanligini hech qachon tushunmaysiz. Nega bir davo foydali, ikkinchisi befoyda ekanini tushunmaysiz. Agar uni bilmasangiz sharlatan shifokorlar safiga kirib qolishingiz havfi yuqori.

Sharlatanlar har doim bo’lgan, hozir ham bor, keyin ham bo’ladi. Bilim olganlar esa doim rivojlanishda bo’lgan.

Barcha muammolarimiz sababi bilimsizlik. Barcha muammolarimiz yechimi bilim olish.

Bek Olimjon, 08.11.2021, Stockholm