Hammaga Ramazon muborak azizlar!
Nega ko’p bolalarda, yoshlarda biror narsaga erishish kerak bo’lsa ”Men buni qila olmayman!” degan o’ziga ishonmaslik fikri bo’lar ekan deb o’ylanar edim. Buni sabablaridan birini bugun o’z ko’zim bilan ko’rdim. Bolam bilan o’ynagani chiqqan edik. Maydonchada sirg’anchiq bor. U biroz balandlikda. Kecha yoqqan qor sabab haligi balandlik muzlab qopti. Qarab tursam bir 4-5 yoshlardagi qizcha keldi va chiqmoqchi bo’ldi. Muzlagan joyda sirg’anib yiqilib tushdi. Bir necha marta harakat qildi va yana yiqildi. Chiqa olmadi. Otasi indamay qarab turipti.
Keyin haligi qizcha ”Balki sirg’anchiqni ushlab chiqsam yiqilmasam kerak” deb qattiq ovozda gapirdi va aytganini qilishni boshladi. Chiqmoqchi bo’ldi, yiqildi. Yana chiqmoqchi bo’ldi, yiqildi. Otasi indamay turipti. Qattiq yiqilmaganini bilib turipti. Ohiri qiynalib yuqoriga chiqdi va hursandligidan mag’rur bo’lib otasiga qaradi. Otasi esa: ”Men sizni chiqa olishingizga ishongan edim, qizim!” dedi. Qiz sirg’anchiqdan tushdi va yana qayta chiqishga harakat qildi.
Narida bir 4-5 yoshli boshqa qiz qarab turgan ekan. Yugurib kelib balandlikka chiqmoqchi bo’ldi, muzlagan emasmi, sirg’anib ketdi. Qattiq yiqilmadi. Yana harakat qildi va yana yiqildi. Nariroqda otasi telefonini ushlab turgan edi, qizi sirg’anib ketganini ko’rdi va ”Chiqma, yiqilasan!” dedi. Haligi qizcha indamay qaytib ketdi.
Shunda o’ylab qoldim, agar bolaga kichikligidan nimadir qilmoqchi bo’lsa, qila olmaysan deyaversak, unda ”Men buni qila olmayman!” degan fikr shakllanib, miyasiga o’rnashib qolar ekan. Bunday fikrni katta bo’lganda miyasidan chiqarish juda qiyin bo’lar ekan.
Shakllantirish eng qiyin bo’lgan fikrlardan biri bu o’ziga bo’lgan ishonch aslida.
Hammaga xayrli kun tilab.
Bek Olimjon
02.04.22
Stockholm
Leave a Reply