Kasbim tufayli ko’plab talabalar va yoshlar ko’zini yaxshi ko’rmasligiga shikoyat qilib maslahat so’rashadi. Yechimi ko’zoynak taqish desam, “Ee, men uyalaman ko’chada taqib yurgani!”, “Ee, qo’ysezchi, institutda ko’zoynak taqib yuramanmi!” va shu kabi g’alati bahonalar aytishadi. Nahotki boshqalar fikri seni har kuni atrofni tiniqroq ko’rishingdan ustun bo’lsa?! Tushunishim qiyin to’g’risi. Madaniyatimizda “Boshqalar fikri…” degan juda katta illat mavjud. Ana shu illat tufayli minglab talantlar, minglab olimlar, minglab yuqori potensialga ega bo’lgan odamlar umrini behuda o’tkazishga majbur bo’ladi. Bu ayniqsa qizlarimiz hayotida katta salbiy ta’sirga ega.
Men Dr Michael Ain haqida yozmoqchiman. U dunyoga mashhur ortoped-jarroh. John Hopkins Universitet Klinikasi (bu dunyodagi eng yuqori klassdagi klinikalardan). Xullas, Dr Michael Ain uncha-muncha xirurg emas. Dunyodagi eng kuchlilaridan biri. Dunyodagi!
Dr Ain yoshligi oson o’tmagan. Maktabdaligida bolalar juda ko’p mazax qilishgan va ustidan kulishgan. Shifokor bo’lishni orzu qilgan va maktabni bitirib tibbiyot institutlariga topshirgan. 20 ta institutdan rad javobi olgan. Orzusidan voz kechmagan va oxiri tibbiyot institutiga kirgan, keyin ortoped-jarroh bo’lgan, keyin bolalar ortoped-jarrohi mutahassisligiga erishgan. 20+ yildan beri ishlaydi.
Dr Ain 59 yoshda. Uni yoshligida mazax bo’lishiga va 20 ta institutdan rad javobi olishiga sabab uning bo’yi bo’lgan. Bo’yi 129 cm. Dr Ain liliput. Axondroplaziya degan kasalikka chalingan. Bu kasallikda suyaklar o’smay qoladi. Bo’yiga, masxara qilishlariga, 20 ta institutdan rad javobini olishiga qaramay orzusiga erisha olgan inson.
Uni operatsiya qilishini qarang. Aytishlaricha juda yaxshi ustoz inson.
Siz odamlar gapiradi, odamlar nima deydi deb yurgan bir paytda hamma tomonlama cheklangan odamlar dunyo cho’qqisiga chiqyapti. Axondroplaziya kasalligiga chalingan yoki suyagida muammosi bor bolalar qaysi shifokorni tanlashadi?! Dr Ain o’z umri davomida juda ko’p bolalarga va yoshlarga ruhan turtki bo’lganinga men shubha qilmayman. Ko’p bolalar uchun qahramon bo’lganligi aniq. Siz esa “ko’zoynak taqsam odamlar kuladi” deb faqat oldingizdagi 2 metrdan uyog’ini ko’rishga qiynalgandan ko’ra, ko’zoynak taqing.
26.09.2020
Bek Olimjon
Stockholm, Sweden
Leave a Reply