2021-yilni menda covid infeksiyasi borligi haqidagi yangilik bilan boshladim. Infeksiya menda qanday o’tayotgani haqida qisqacha kundalik yozib boryapman. Ana shu kundalikni bu yerga qo’ygim keldi.

Men kasallik holatimni kuzatib borish uchun quyidagi belgilarni kuniga ikki martadan o’lchab boryapman:

  1. Puls
  2. Nafas yetishmovchiligi bor yoki yo’qligi
  3. Nafas yetishmovchiligi trayektoriyasi (yomonlashyaptimi yoki yo’q)
  4. Tana harorati
  5. Birinchi simptomdan boshlab o’tgan kunlar soni
  6. Mushaklardagi og’riq
  7. Fikrlash teranligidagi o’zgarishlar

Bunday kuzatuv uchun maxsus ishlab chiqilgan instrument bor. To’liq variantini mana bu (https://bmjopen.bmj.com/content/bmjopen/10/11/e042626/F2.large.jpg) yerda ko’rish mumkin.

1-kun (29.12.2020)
Ertaman soat 5 da uyg’ondim. Ishga bordim va bemorlarni ko’rdim. Ohirgi bemordan keyin ozgina holsizlik his qildim. Bosh og’riganini sezdim. 500mg Paracetamol ichdim. Har ehtimolga qarshi ishni davom ettirmaslikka qaror qildim va uyga qaytdim. 30-dekabr kuni ishga kelmasligimni aytdim. Uyga kelgandan keyin ahvolim yaxshilandi va o’zimda kasallik alomatlari sezmadim. Kam uxlaganim uchun charchaganim uchun shekilli deb o’yladim. Tekshiruvlar barchasi me’yorda.

2-kun (30.12.2020)
Hech qanday kasallik alomatlari sezganim yo’q. Uyda dam oldim. Bemorlar bilan ishlaganim uchun har ehtimolga qarshi deb uyga test buyurdim. Odatda 24 soatda PCR testni uyga olib kelib berishlari kerak. Tekshiruvlar natijalari normada.

3-kun (31.12.2020)
Kasallik belgilari yo’q. Testdan xabar yo’q. Kechki payt ko’chaga chiqib 1,5 soatcha yugurib keldim. Tekshiruvlar natijalari normada.

4-kun (01.01.2021)
Testni bugun kun davomida olib kelishlarini va u paytda uyda bo’lishim kerakligini aytishdi. Menda bugun boshqa rejalar bo’lgani uchun test olib keladigan taksini kutib o’tirgim kelmadi. Uni bekor qildim. O’zim borib topshirishga qaror qildim va online vaqt belgiladim. 1 soatdan keyin mashinadan tushmagan holda test topshirib keldim. Ishxonamga test topshirganimni va natija kutayotganini aytdim. Yugurgani chiqmadim. Uyda 30 minut yengil mashq qildim. Tekshiruvlar natijalari normada.

5-kun (02.01.2021)
Kasallik belgilari yo’q. Soat 10 lar atrofida test natijasi chiqqani haqida xabar keldi va online tekshirdim. Test natijasi menda covid-19 infeksiyasi aktiv kechayotganini ko’rsatdi. Kasallik belgilari yo’q. Boshlig’imga telefon qilib, test natijasini aytdim. Ishga 1 hafta chiqmasligimni aytdi. O’tgan hafta davomida birga yuguradigan do’stim bilan ko’rishgan edim. Unga telefon qilib menda covid testi musbat chiqqanini aytdim va o’zini kasal hisoblasa test topshirishi kerakligini aytdim. Kun uchun rejalashtirilgan ishlarni barchasi bekor qilindi. Ko’chaga chiqib 13km cha yugurib keldim. Kayfiyat yaxshi. Tekshiruvlar natijalari normada.

6-kun (03.01.2021)
Yaxshi uxladim. Nafas yo’llar shamollashi belgilari yo’q. Ishtaha yaxshi. Oilam bilan o’rmonda 2 soatcha aylanib keldik. Hid sezish sal pasaygandek, ta’m sezish yaxshi. Kayfiyat a’lo.
Har ehtimolga qarshi bugun yugurgani chiqmaslikka qaror qildim. Tekshiruvlar natijalari normada.

7-kun (04.01.2021)
Kayfiyat yaxshi. Nafas olishda hech qanday muammo yo’q. Hid sezish pasaygan. Kechga kelib sal charchaganlik hissi bor. Tekshiruvlar natijalari normada.

8-kun (05.01.2021)
Hid sezish sal yaxshilangandek. Boshqa kasallik belgilari yo’q. Tekshiruv natijalari normada.

9-kun (06.01.2021)
Hid sezish pastligi huddi kechagidek. Barcha tekshiruvlar normada. Hech qanday kasallik belgilari yo’q. Qizim bilan qorda o’ynagani chiqdik.

10-kun (07.01.2021)

Hid sezish ancha yaxshi. Hech qanday kasallik belgilari yo’q. Tekshiruv natijalari barchasi normada. Tashqarida ajoyib havo, oppoq qorda 90 minut yugurib keldim. Bugundan boshlab o’zimga o’zimni sog’aydim deb e’lon qildim 😊 Shunday bo’lsada dushanbaga kungacha ishga chiqmayman va odamlar bilan masofa saqlayman.