Hozir bir ukamiz comment qoldirgan edi. Vaziyati ko’pchiliknikiga o’xshagani uchun boshqalarga ham foydasi tegishi mumkin degan maqsadda u insonga bergan javobni alohida post qilib yozyappan. 

Xullas vaziyat mana bunday. Kollej yoki litseyni tamomlagan, IELTS 6,5 yoki 7 bor. Yevropada o’qimoqchi. Moliyaviy vaziyat zo’r emas. Scholarship olish niyati bor. Agar scholarship ola olmasa ham o’qish kontraktsiz yoki juda arzon bo’lsayu, o’zi o’qib, o’qish davomida ishlab o’zini eplab yursa va uydagilarga yuki tushmasa. Xo’sh, bunday vaziyatdagilar o’qishga topshirishda qanday yo’l tutishi kerak? 

Men har qanday ishga sistematik yondashish tarafdoriman. O’zim chet el davlatlariga o’qishga topshirishda qanday yo’l tutgan bo’lsam, ana shu yo’lni tavsiya etmoqchiman. 

Eng e’tibor berish kerak bo’lgan jihatlaridan biri bu chetda o’qimoqchi bo’lgan inson faqat kollej yoki litseyni bitirgan bo’lsa, Yevropa davlatlari universitetlariga bakalavrga qabul qilinishda cheklovlarga duch kelish ehtimoli yo’q emas. Sababi ayrim davlatlarni O’zbekistondagi kollej yoki litseyda olingan ta’limni to’liq o’rta ta’lim sifatida tan olmasliklari. Misol uchun Norvegiyada bakalavrga topshirish uchun O’zbekistonda bakalavrni kamida 1-kursni tamomlagan bo’lish talab etilar edi. Hozir ham shunday bo’lsa kerak.

Ikkinchi muhim jihati IELTS 7 yoki undan baland bo’lishi scholarship olishga katta ta’sir etmaydi. U sizni ingliz tili bilishingizni tasdiqlovchi hujjat xolos. Bu darajadagi ingliz tilini o’sha o’qishga topshirayotganlar barchasi biladi. Misol Shvetsiya va Norvegiyada maktab bitiruvchilari 100% qismi ingliz tilida erkin muloqot qilishadi. 

Maqsad yoshlar ruhiyatini tushirish emas, balki vaziyatga real qarashga undash. Bizda IELTS 7 oldim deb osmonda uchib yurgan, endi mana shu IELTS 7 bilan men Harvard Medical Schoolda o’qib, Dr McDreamy kabi neyroxirurg bo’laman deb yurganlar (juda ko’p bo’lmasa ham) yo’q emas. 

Xo’sh, o’qish qidirishga qanday qilib sistematik yondashish kerak? 

1) Avval qaysi sohada o’qimoqchi ekanligingizni aniqlang. Agar qaysi sohada o’qishni aniq bilmasangiz bu falokat emas. Taxminiy qaysi sohada o’qimoqchisiz shuni aniqlang. 

2) Imkon qadar o’qish tekin yoki ancha arzon bo’lgan davlatlarda o’qishga harakat qiling. 21-asrda bir necha (o’n yoki yuz) ming dollar pul sarflab diplom olish uzoq muddat uchun yaxshi investitsiya emas fikrimcha. Hozirgi kunda rivojlangan davlatlarda, yaxshi universitetlarda tekinga yoki deyarli tekinga o’qisa bo’ladi. Harakat kerak xolos. Yevropada oliy ta’lim tekin bo’lgan davlatlar bor. Tekin bo’lmaganlarida scholarship olish imkoniyatlari bor.  

3) Ana o’sha davlatlar ro’yxatini tuzib chiqing. Ro’yxatni alfavit bo’yicha terib chiqing. 

4) Ro’yxat bo’ylab har bir davlatdagi universitetlar ro’yxatini googleda “List of universities in XXX country” deb qidiring va o’sha davlatdagi barcha universitetlar/institutlar ro’yxatini oling. Agar siz 5 ta davlatni tanlagan bo’lsangiz, har bir davlatda 15 tadan universitet bo’lgan taqdirda ham (aslida undan ko’proq ba’zi davlatlarda) sizda 75 ta unviersitet ro’yxati shakllanadi. 

5) Endi har bir universitet saytiga kirib siz hohlagan soha bormi, siz qabul talablariga javob berasizmi yoki yo’q aniqlab chiqing. Mana shu saralashdan keyin balki sizda 10-15 ta unviersitet ro’yxati qolar. 

6) Ana shu unviersitetlarda o’qish pullik yoki tekin ekanligini aniqlab chiqing. Kamida 5 ta tekin yoki o’qish arzon bo’lgan universitetlar albatta chiqadi (!soha va qabul talablariga qarab albatta). 

7) Ana endi o’sha universitetlarni yaqindan o’rganib, hujjat topshirish muddatlari qachon, u universitet joylashgan shaharda chet ellik talabalarga ish topish imkoniyatlari qanday, universitetda o’qish davomida internship imkoniyatlari qanday, o’qishni tamomlagandan keyin ish imkoniyatlari qanday kabi barcha savollar ro’yhatini tuzib chiqing va har bir savolni javobsiz qoldirmang. 

Quyida sal achchiqroq gaplar yozaman. Bu men maslahat berib charchaganim tufayli emas. Imkon qadar maslahat berishga, yordam qilishga tayyorman, lekin men ham xato qilishim mumkin. Bilganim tomchi bo’lsa, bilmaganim okean. Shuning uchun men o’zbek yoshlarini mustaqil fikrlashlari, tanqidiy va sistematik yondashuvni o’rganishlari tarafdoriman. 

Eng, eng muhim narsa, hech qachon yoddan chiqarmaslik zarur bo’lgan narsa bor. Dunyoni sizdan qarzi yo’q. Hech kim sizga ma’lumot berishga majbur emas. Chetda o’qib, ishlab yurganlar juda ortib ketsa umumiy ma’lumot bera oladi xolos. Chunki siz berayotgan savollarga javobni Google yaxshiroq biladi. Unutmang sizni ingliz tili bilishingiz haqida IELTS sertifikatingiz bor. Qandaydir agentliklarga pul berib yurmang. Agar sizda IELTS sertifikati bo’lsa demak siz u agentlik qilayotgan ishni ulardan ko’ra yaxshiroq qila olasiz. Chunki siz o’z kelajagingiz uchun harakat qilyapsiz. 

Yoddan chiqarmang! Hech kim sizga yordamga kelmaydi. Hech kim sizni qutqarmaydi. Boshqalardan biror narsa kutmasdan, o’zingiz harakat qiling. Chunki kelajagingizga SIZDAN boshqa hech kim javobgar emas. Muvaffaqiyat tilayman. 

Bek Olimjon,
07.10.2021, Stockholm