Chet el jurnallarida maqola chiqarish bo’yicha postdan keyin menga bir nechta savollar kelib tushdi. Ular mazmuni umumiy. Qanday qilib chet el jurnallarida maqola chiqarsak bo’ladi?

Men hozirgacha bilganlarimga asoslanib quyidagi fikrlarni bera olaman.

  1. Avval ham aytganimdek tibbiyot sohasidagilar maqolani chet elda chop etishda Scopusga emas, PubMedda ro’yxatdan o’tgan jurnallarga e’tibor berish kerak. PubMedda ro’yhatdan o’tgan jurnal Scopusda bor degani, lekin scopusda bor degani PubMedda bor degani emas. Chet davlatlarda Scopusdan deyarli foydalanilmaydi. Ayniqsa tibbiyot sohasida. Agar PubMedda chiqsa, sizning maqolangizdan iqtibos keltirishlari ehtimoli juda katta.
  2. Jiddiy jurnallar hech qachon maqola qabul qilinmagunicha pul olmaydi. Avvaldan pul to’lash degan narsa yo’q. Maqolani jurnal talabiga moslab topshirasiz. U peer-review jarayonidan o’tadi. (Agar peer-review nima ekanini bilmasangiz bu haqida albatta o’qing). Faqat maqolangiz qabul qilingandan so’ng chop etishga pul to’laysiz. Jurnal open access bo’lsa (ochiq dostup) narhi qimmatroq, agar ochiq dostup bo’lmasa arzonroq bo’ladi. Tibbiyot sohasidagi o’zini hurmat qilgan jurnallarda bitta maqola narhi >1000$
  3. Jiddiy jurnallarda hech kim maqola chiqarib berish kafolatini ola olmaydi. Bu 100% muallif(lar)ga bog’liq. Chiqarib beraman degan o’rtakashlardan uzoq yuring.

O’zbekistondan chet elda chiqarmoqchi bo’lgan maqolamni ko’rib fikr bering deyishadi. Quyida chet elda maqola chiqarilishga yuboriladigan maqolalarda men duch kelgan yirik xatolar taxminiy ro’yhati.

  1. Avval o’zbek yoki rus tilida yozib, keyin ingliz tiliga kimgadir (odatda tibbiyotdan uzoq bo’lgan insonga) tarjima qildirishadi. Bu esa maqolani ingliz tilidagi variantini bo’tqa ko’rinishiga olib keladi. Chet el jurnallari ilmiy maqolani aniq, tiniq, qisqa, lo’nda va mantiqan davomiylikka ega bo’lishini talab etadi.
  2. Maqola strukturasi Rossiyada chop etiladigan jurnallarga moslashgan bo’ladi. Odatda bunday maqolalarda ”suv” qismi ko’p bo’ladi
  3. Tadqiqotning aniq maqsadi mavjud emasligi
  4. Tadqiqot maqsadi o’ta katta ekanligi. Boshqacha qilib aytganda Amerika ochishga harakat qilishi. Tadqiqot maqsadi katta va murakkab bo’lishi shart emas. Kichkina bo’lsada yangi ma’lumot olib kelsa hisob
  5. Avvaldan aniq va ravshan bo’lgan mavzuni qayta yoritishga harakat qilish. Boshqacha qilib aytganda Amerikani qaytadan ochishga harakat qilish
  6. Tadqiqot materiallari shubhali ko’rinishi. Soxtalashtirilganligi sezilib turishi
  7. Aniq, sinalgan va qabul qilingan ilmiy tadqiqot usullaridan foydalanmaslik
  8. Dalillarga asoslangan tibbiyot prinsiplaridan foydalanmaslik
  9. Yuzaki statistika va asosiy fokusni p harfiga berish. Mualliflarni statistikadan umuman bexabar ekanliklari. Odatda statistika qismini ”statist”ga berishadi va u bergan natijani shundayicha qabul qilishadi. Natijani so’roqqa tutishni bilmasliklari
  10. Maqola muallifi yoki mualliflari maqola mazmuni va undagi ma’lumotlarni to’liq xabardor emasliklari.

Bek Olimjon