Hozir osh zirvagini qilyatib xayol surib qoldim…

Bundan 1,5 yil avval USMLE haqida video qilgan edim. Videoda men yetkazmoqchi bo’lgan asosiy ma’lumot bu USMLE yo’lini tanlashda hayotga real qarash va prioritetlarni aniqlab olish muhim ekanligi edi. Bu video chet elda shifokor bo’lish uchun AQSh yaxshimi yoki Yevropa degan debatga aylangan edi. Bu haqida savollar ko’p beriladi. Kimdir Amerika zo’r desa, kimdir Yevropa zo’r dedi.

Aslida o’zi bizga nima muhim?

Fikrimcha ko’pchilik uchun hayotda erishish kerak bo’lgan eng muhim yutuqlar ro’yhati boshida moliyaviy stabillikka erishish turadi. Bu ota bo’lib oila boshlig’i sifatida oilasini boqa olish, ota-onasiga yordam berish, oilasi ta’minotini joyiga qo’yish degani. Ona sifatida esa karyeraga katta fokus qilgan holdayam, farzandlari uchun vaqt ajrata olish imkoni degani.

”Men John Hopkinsda eng zo’r neyroxirurg bo’laman” yoki ”Men Amerikadagi eng zo’r kardiologga shogirdga tushaman” degan orzular albatta yaxshi, ammo hayotga real qarash zarur degan fikrdaman. Agar siz uchun John Hopkinsda ishlashdan boshqa muhimroq orzu bo’lmasa, bu uchun bir necha yilni qurbon qilishga tayyor bo’lsangiz, oila sizni qo’llasa demak siz bunga albatta harakat qilishingiz zarur.

Shu bilan bir narsani aslo yoddan chiqarmaslik kerak. Hech bir inson o’lim to’shagida yotganda qiladigan afsusi ”nega ko’proq ishlamadim” bo’lmaydi.

Agar karyera muhim bo’lmasa, unda nima muhim?

Har bir inson 18 va 35 yosh orasida imkon qadar karyera va ijtimoiy kapitalni yaxshilab qurishi, oila ta’minotini qilib bera oladigan darajada stabillikka erishishi va undan keyin o’z ustida yanada ishlab moliyaviy erkinlikka erishishga harakat qilishi muhim. Oilasiga, yaqinlariga yordam berishi, undan ortsa jamiyatga yordam berishi muhim degan fikrdaman. Dunyoda katta o’zgarishlar qiladigan odamlar 8 dan 5 gacha ishlaydigan, ishdan kelib televizorni yotvolib ko’radigan, o’z ustida ishlashga harakat qilmaydiganlar emas, balki moliyaviy erkinlikka erishgan insonlar.

Kuzatuvchilarim asosiy qismi tibbiyot sohasidagilar bo’lgani uchun buni yozishni muhim deb o’ylayman. Har qaysi sohada vijdon qiynalmagan holatda moliyaviy stabillikka erishish, keyinchalik moliyaviy erkinlikka erishish mumkin. Bu yo’lda geografik chegaralar to’siq bo’la olmaydi. Yagona to’siqlar – odam o’ziga bo’lgan shubha, komfort zonadan chiqib keta olmaslik, qiyinchilikka tik qaray olmaslik, harakat qilishni hohlamaslik va hokazolar.

Jamiyat uchun foydali bo’lish muhim. Oila muhim. Salomatlik muhim. Moliyaviy stabillikka erishish muhim. Kun oxirida, yil oxirida, umr oxirida o’tgan vaqt uchun vijdon qiynalmasligi muhim. Ruhiy hotirjamlik muhim.

Muammo aslida bizga nima muhim ekanligini to’liq tushunib yeta olmasligimizda…

Bek Olimjon
19.02.2023, Oslo