Bir necha kundan beri “virusdan sog’ayganlarga gul berish” marosimi bir qancha o’zbek hamkasblarim qatori meni ham bir qator savollar berishga majbur etyapti. Bugun Kun Uz saytida chiqqan maqola barchasidan o’tib tushdi deb ayta olaman. Unda virusga chalingan 4 nafar bemorning sog’ayganligi va ularni tantanali kuzatish marosimi rasmlari bilan ko’rsatilgan. (Manba) 

Rasmlarda bir necha o’ndan ortiq tibbiyot hodimlari virusdan himoyalanadigan kiyimlarda bemorlarni qarsak chalib kuzatishayotgani, virusdan tuzalganlarga esa gullar taqdim etilayotgani ko’rsatilgan. Kim uchun shuncha tantana hayronman?! 

Tibbiyot jihatdan quyidagi muhim jihatlar e’tiborimni tortdi:

– Rasmlarda virusdan tuzalgan deb ko’rsatilayotganlar 20-25 yoshlar atrofidagi yoshlar. Bu virus haqidagi mavjud ilmiy asoslarga qaralsa bu yoshda virus yuqtirganlarda deyarli hech qanday davo talab etilmaydi. Kasalxonaga yotqizish ham talab etilmaydi. Hech qanday reabilitatsiyaga ham ehtiyoj yo’q. Uyda karantin qilish kerak xolos. Bu yoshdagilar hech qanday kasallik belgilarisiz yoki oddiy shamollash belgilari (burun bitishi, bosh og’rishi va hok) bilan kasallikni o’tkazishadi. Ushbu bemorlarni tuzatdik deb bayram qilinayotgani g’alati. Hech qanday davosiz tuzaladi bu yoshdagilar. 

– Endi atrofdagi himoya kiyimlaridagi tibbiyot hodimlari holati umuman tushunarsiz. Bu turdagi himoya kiyimlarini faqatgina o’ta yuqumli kasallik bilan ishlayotganda, yuqumli kasallar uchun tashkil etilgan maxsus bo’limlarda ishlatiladi. Bunday kiyimlarni bo’limlardan chiqayotib yechish shart. Agar ushbu kiyimlarda bemorlar bilan ishlangan bo’lsa ularda viruslar bo’lish ehtimoli yuqori. Bemor oldidan chiqqan holatda bu kiyimda ko’chaga chiqilmaydi va jamoat ichiga kirilmaydi. Bu epidemiologiyaning eng fundamental qoidalaridan biri. Bu kiyimlarda darvoza tagida to’planish, yo’l bo’yiga chiqish aqlga sig’maydigan holat. 

– Agar bemorlar sog’aygan bo’lsa nega bu kiyimlarni kasalxona hovlisida kiyib yurish kerak? Ular o’zlarini kimdan himoya qilishyapti? 

– Agar rasmdagi tibbiyot hodimlari o’zlarini himoya qilayotgan bo’lsa, nega tibbiyotimiz boshida turgan odamda bunday kiyim yo’q? 

Shaxsan menga bu holat juda g’alati tuyuldi o’rtoqlar. Shuncha odam ovora bo’lgani, ayniqsa shuncha himoya kiyimlari isrof bo’lgani juda-juda achinarli holat. 

Men odatda salbiy fikrlar yozmaslikka harakat qilaman, lekin bu holat tibbiyotdagi haqiqiy masxarabozlikdan boshqa narsa emas afsuski. Men tibbiyotimizni ilmiy asoslarga tayangan holatda ishlashi tarafdoriman. Bu fikrlar hozir ko’pchilik ehtirosga berilgan bir paytda sizga yoqmasligi mumkin, lekin bor resurslarni avaylash kerak azizlar. 

Bek Olimjon, 

01.04.2020

Oslo, Norvegiya