Tibbiyot institutini endi boshlagan yoki oʻqiyotgan talabalar koʻp savollar berishadi. Bunday savollar ichida tez-tez takrorlanib turadigan savollardan biri «Men qaysi tilni oʻrganganim yaxshiroq; rus yoki ingliz tili?». Bu savolga hayotiy tajribamdan kelib chiqib javob yozmoqchiman. Bu maqola asosan tibbiyot institutlari talabalari uchun moʻljallangan, lekin boshqa sohadagi talabalar uchun ham birdek foydali boʻladi deb umid qilaman.

Bunday savol berayotgan talaba holatini juda yaxshi tushunaman. Chunki oʻzim ham 1-2-kursdaligimda huddi shu holatga tushganman. Rus yoki ingliz tili? Qaysi biridan boshlash kerak? Qaysi biri muhimroq? Qaysi biri osonroq va hokazo savollar berganman. Maktabdalik vaqtimda qishloqda yashaganimiz va qishloq maktabiga borganim tufayli na rus tilini, na boshqa chet tilini oʻrganganman. 18 yoshimgacha oʻzbek tilidan boshqa hech qanday tilda gaplasha olmas edim.

Oilamda shifokorlar koʻp. Tibbiyotda rus tili qanchalik muhim ekanligini hammasi taʻkidlashar edi. Uydagi barcha adabiyotlar rus tilida edi. Men institutda oʻqishni boshlaganimda oʻzbek tilida 2-3 ta kitob bor edi xolos. Uydagi rus tili adabiyotlari anchagina edi. Sifat va mazmun jihatdan rus tilidagi adabiyotlar oʻzbek tilidagilaridan ancha ustun edi. Birinchi kursda avvaliga tarjima qilib oʻqishimga akamdan, baʻzan dadamdan yordam olar edim. Keyinchalik lugʻat bilan tarjima qilib oʻqishni boshladim. Keyin 2-kursdaligimda ingliz tilini oʻrganishni boshladim. Maʻlum vaqtdan keyin ingliz tilida kitob oʻqib tushunadigan holatga kelganimdan keyin men hayotimda juda katta kashfiyot qilgandek sezdim oʻzimni. Sababi, ingliz tilida yozilgan tibbiyot adabiyotlarini oʻqishni boshlagan edim va eng asosiysi tushunishni boshlagan edim.

Ingliz tilidagi adabiyotlar oʻsha paytgacha koʻrgan rus yoki oʻzbek tilidagi adabiyotlardan bilan solishtirib boʻlmaydigan darajada katta farq qilar edi. Ingliz tilidagi adabbiyotlar juda sodda, tushunishga oson tilda, oʻta tartibli yozilgan edi. Afzalliklari aniq koʻrinib turar edi. Bir xil mavzuni ingliz tilidagi kitobdan oʻqib tushunishim uchun yarim soat vaqt ketsa, huddi oʻshanday mavzuni tushunish uchun rus tilidagi kitob oʻqishga bir soatdan koʻp vaqt sarflar edim. Oʻsha paytda ingliz tili bilish darajam rus tilini bilish darajamdan katta farq qilmagan. Ikkisini ham yaxshi bilmas edim. Ikkisida ham gapira olmas edim. Ikkisida ham eplab yoza olmas edim. Faqat oʻqib, lugʻat yordamida tarjima qila olardim xolos.

Ingliz tilidagi kitoblarni oʻqib tushunishim oson boʻlgani uchun, keyin faqat ingliz tilida kitob oʻqishni, maʻlumot olishni boshlaganman. Xulosa qilganman: tibbiyot tili bu ingliz tili. Men uchun tibbiyot tili bu ingliz tiliga aylangan. Oʻshanda 2005-yil edi.

Oradan 15 yil vaqt oʻtipti. Mutahassis boʻldim, u bu davlatlarda ishlash nasib etdi. Oʻtgan vaqtga va tajribaga asoslansam 15 yil oldingi xulosam oʻzgardimi? Hozirgi fikrim qanday?! Hali ham oʻsha fikrdaman. Tibbiyot tili bu ingliz tili. Nega bunday deyishimga sabab koʻp. Shulardan ayrimlarini yozsam. (Ular ichida ingliz tilini bilish koʻproq pul topishga qanchalik yordam berishi ham bor.)

1-sabab. Tadqiqot tili bu ingliz tili. Tibbiyot bu tadqiqotga juda boy boʻlgan soha. Tadqiqotsiz tibbiyot rivojlanmaydi. Tadqiqot = rivojlanish. Dunyodagi tadqiqotchilar 90% dan koʻpi ingliz tilida ish olib borishadi. Tadqiqot natijalarini ingliz tilida chop etishadi. Sababi oddiy! Ingliz tili xalqaro til sifatida qabul qilingan. Tadqiqotchi oʻzbek, xitoy, ispan yoki rus boʻlishi mumkin, lekin ilmiy ishi natijalarini butun dunyo oʻqishini hohlaydi. Shuning uchun ingliz tilida chop etishga harakat qiladi. Aynan shu masalada rus tibbiyotiga ixlos qoʻygan hamkasblar argument keltirishadi. “Rus tilida ham bir qancha maqolalar chop etiladiyu. Agar seni aytayotganing rost boʻlsa nega ular unday qilishadi?” deyishadi. Nufuzli rus olim-shifokorlari yoki oʻziga yuqori maqsad qoʻygan rus yosh shifokorlari uchun asosiy fan tili bu ingliz tili. Ular ingliz tilida kitob va maqolalar oʻqishadi, ingliz tilida ilmiy ishlarini chop etishga harakat qilishadi.

2-sabab. Ingliz tilida adabiyotlar soni va sifati baland. Bu yuqorida yozilgan sababning bevosita davomi. Tibbiyotdagi biror kashfiyot topilgandan boshlab amalda qoʻllanila boshlangungacha ketgan vaqt 17 yilni tashkil etar ekan. Tibbiyotdagi kitoblar/darsliklar bu ilmiy ishlar va yangilik natijalari toʻplami.

Biror bir yangilikni darslikda qoʻllanila boshlanishi uchun eng kamida 17 yil vaqt kerak boʻladi degani bu. Bu agarda taʻlim vazirliklari va institutlar talabalarga eng ohirgi davolash usullari haqida oʻqitsa. Unday emasligini hammamiz bilamiz. Shuning uchun darslikdagi tibbiyot bilan haqiqiy amaliyot farq qiladi deyishadi. Farq qilishiga sabab, darsliklar ancha orqada qolgan. Bu muammo koʻp davlatlarda bor. Shuning uchun rivojlangan davlatlardagi tibbiyot talabalari kasalliklarni oʻrganayotganida kitobdan koʻra yangi ilmiy maqolalar oʻqib oʻrganishadi. Buning asosiy sababi ilmiy maqolalarni kitob shaklida chop etilguncha boʻlgan vaqtning koʻpligi va uni ustiga, aksariyat maqola natijalari kitoblarda hech qachon chop etilmasligi. Chop etilganlari ham ingliz tilidagi kitoblarda chiqadi xolos. Bu kitoblar aksariyat qismi hech qachon rus tiliga tarjima qilinmaydi. Balki 5% dan kam qismi tarjima qilinar desam xato qilmagan boʻlaman. Oʻzbek tilida esa tarjimasi yoʻq.

Koʻpchilik sovet tibbiyoti zoʻr edi deb eslashadi. Sovet tibbiyotida ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar koʻp boʻlar edi. Balki haqiqatdan ham sovet tibbiyoti dunyoda yaxshi (balki eng yaxshi) boʻlgandir. Balki oʻsha paytda rus tilida tibbiy maqolalar juda koʻp boʻlgandir degan fikrni tekshirish maqsadida, oʻsha paytlarda qaysi tilda nechta maqola chop etilganligini oʻrganishga qiziqdim. Turli tillarda chop etilgan adabiyotlarni solishtirib chiqqan birgina maqola topa oldim xolos. Oʻsha paytlarda ham rus tilida chop etilgan maqolalar soni tibbiyotda chop etilgan maqolalarni atigi 2% ni tashkil etgan ekan xolos. Ingliz tilida tahminan 40% boʻlgan ekan. 1959-yildayoq ingliz tilidagi maqolalar soni 20 barobar koʻproq boʻlgan ekan. Xulosa sizdan. Men esa bu 2% koʻrsatkich oshmagan deya olaman.

3-sabab. Chet elda oʻqish va malaka oshirish. Ingliz tili bilish chet elda oʻqishni davom ettirish yoki zamonaviy klinikalarda malaka oshirishga imkoniyat beradi. Ingliz tilini bilish orqali grantlar yutish mumkin. Bunda oʻqish yoki malaka oshirish harajatlarini qoplab beradi. Tasavvur qiling, ingliz tilini bilsangiz sizga sayohatingizga, yotoq, ovqat, malaka oshirish va qoʻshimcha shaxsiy harajatlar uchun ham pul berishadi. Bu osmondan olingan gaplar emas. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytyapman. Undaylardan faqat men emasman. Bir necha oʻnlab odamlarni taniyman.

4-sabab. Ingliz tili sohangizda sizni raqobatga chidamli qiladi. Nomi chiqqan shifokor boʻlishga imkon beradi. Tabiiyki siz bilan birga oʻqiyotgan kursdoshlaringizni hammasi ham ingliz tili yoki boshqa biror chet tili oʻrganmaydi. Chunki dangasalar juda koʻp. Shunday ekan ertaga siz shifokor boʻlib yetishgan vaqtda siz bilan birga oʻqiganlar (yoki +/- 10 yil farqi) bilan bevosita “raqobatlashasiz”. Oʻzbekiston sharoitida tibbiyot sohasida koʻproq pul topishni belgilab beradigan asosiy koʻrsatkich bu sizning mijozlaringiz soni. Qancha mijoz koʻp boʻlsa shuncha daromad koʻp boʻladi. (!Men shifokorni tekinga ishlashiga va xoʻrlanishiga qarshiman!)

Endi mana bunday vaziyatni tasavvur qiling. Sizga bir bemor keldi. Sizgacha 5 ta shifokorga uchragan, davo topmagan, chunki unga yoki notoʻgʻri diagnoz qoʻyilgan yoki befoyda davo qilingan. Siz uning kasalligi haqida yaqinda bir maqola oʻqigansiz va ingliz tilida chet eldagi shifokorlar bilan diskussiyada qatnashgansiz (misol uchun Facebookdagi shifokorlar uchun guruhlardan birida). Aynan shu yangi bilimlarga asoslanib bemorga tashxis qoʻya oldingiz va davoladingiz. Bemor davolangandan keyin unga sizdan kuchliroq shifokor yoʻq. Chunki u sizdan avval 5 tasiga borgan va yordam topmagan. Sizdan esa topdi. Buni odamlarga har kuni gapirib yuradi. Tibbiyotdagi eng samarali marketing usullardan biri aynan mana shu. Ingliz tilidan “word of mouth” deyiladi. Oʻzbek tilida “falonchi borgan ekan, tezda davolanipti, zoʻr boʻp qopti!” degandek gap. Bu holat siz topadigan pulni belgilaydi. Hursand mijozlar soni = koʻproq pul topish (agar shu hohish boʻlsa). Sizga aynan shu narsa sizdan oldingi 5 ta shifokorga nisbatan kuchli boʻlish imkoniyatini beradi.

5. Isbotlarga asoslangan tibbiyot bilan ishlash. Ingliz tilidagi tibbiyot bilan tanishganingizdan keyin butun dunyo, ayniqsa tibbiyot jihatdan rivojlangan qator davlatlar (AQSh, Yevropa davlatlari, Hindiston va hok.) qanday ishlashi haqida tasavvuringiz paydo boʻladi. Isbotlarga asoslangan tibbiyot haqida bilimingiz boʻladi. Shunda solishtirishni boshlaysiz. Solishtirish orqali juda koʻp narsa oʻrgansa boʻladi. Ana shunday solishtirishlar orqali nima uchun juda koʻplab bemorlar davo topmasliklarini tushunib yetasiz.

Bu sabablarni uzun qilib davom ettirish mumkin. Bu yozganlarim sizga shifokor sifatida foyda beradigan sabablarning 10 dan biri ham emas aslida. Ingliz tili sizni nafaqat bilimli shifokor sifatida shakllanishingizga yordam beradi, balki inson sifatida shakllanishga, qobiqdan chiqishga, atrofdagilarni, dunyoni tushunishga yordam berishiga men aminman. Bu yozganlarim rus tilini oʻrganmaslik kerak degani emas, shunchaki siz uchun boʻlajak shifokor sifatida ingliz tili koʻproq yordam beradi.

Agar maqola sizga foydasi tekkan boʻlsa hursandman. Boshqalarga ham joʻnating, balki foydasi tegar…