Kecha Viktor Franklning “Manʻs Search for Meaning” (rus tilida: Сказать жизни «Да!»: психолог в концлагере) degan kitobini oʻqib chiqdim. Toʻqqiz kun ichida yozib tugatilgan bu kitob 1946-yilda chop etilgan. Muallif Dr. Frankl, psixiatr boʻlgan. Bu inson juhud boʻlgan va 2-jahon urushi paytida fashistlar tomonidan ushlanib konsentratsion lagerga tashlanadi. Dr. Frankl oʻz kitobida kons. lagerlarda hayotga boʻlgan har qanday umid yoʻqolishi va inson qanchalik vahshiyliklarga qoʻl urishi mumkinligini mahbus va ayni vaqtda mutahassis sifatida tahlil qilib bergan.

Kitob markaziy mavzu oʻquvchini “Yashashdan maqsad nima?” degan savolga javob topishga undash. Kitob bu savolga aniq javob bermasada, balki inson har qanday ogʻir vaziyatda hayotdan mazmum topa olishga qodir ekanligi haqida yozilgan.

Har qanday ogʻir vaziyat deganda siz va mening hayotimdagi vaziyatlar hech qanday ogʻir emasligini aniq tushunishimizga yordam beradi. Ogʻir vaziyatlarda hayotdan mazmun topish deb tasvirlangan holatlar misol uchun insonning har bir kuni daxshatli qiynoqlardan tashkil topganda ham, oʻzi boshqa odamlar tomonidan kalamushlardan ham past koʻrilgan va ayni vaqtda ochlik tufayli kalamush va sichqonlarni yeyishga majbur boʻlgan holatlar tasvirlangan. Yana ogʻir vaziyatlardan insonni har kuni yuzlab oʻlimlarga guvoh boʻlishi, kecha uyquga ketishidan oldin, bir-birini issiq ushlab turish uchun badanini bir-biriga tekkazib yotgan ikkita erkakdan biri kechasi ochlikdan oʻlganligi, ertaman esa sherigi uning sovuq murdasini sezib uygʻonishi yoki ocharchilik tufayli issiq murdani tishlab uzib yeyishgacha borishi haqida yoziladi.

Kitob qorongʻu kitob, ogʻir kitob. Koʻpchilik oʻqiy olmasligi mumkin. Shunday boʻlsada bu kitob hozirgacha 10 milliondan ortiq nusxada sotilgan. Hozirgi zamonning kuchli faylasuflari tomonidan “Hayotimda katta oʻzgarishga sabab boʻlgan kitoblardan biri” deb eʻtirof etiladi.

Biz hayotimizda dod-voy qilishimizga, siqilishimizga sabab boʻladigan muammolarimiz aksar qismi aslida hech qanday muammo emasligini tushunib yetishga imkon beradigan kitob ekan. Bu kitobni oʻqishdan oldin hayotdagi maqsadim aniq boʻlgan boʻlsada, bu kitobni oʻqigandan keyin hayotga boʻlgan qarashim ancha oʻzgardi. Maqsadim yanayam mustahkamlashdi. Ikkilanishlar ancha kamaydi.

Bu kitobni hayotda aniq maqsadini topa olishga qiynalayotgan har qanday odamga tavsiya etgan boʻlar edim. Har nima deyishingiz mumkin, lekin hayotda maqsadini topa olmay yurganlar soni minglab topiladi. Jamiyatimizda bundaylar juda koʻp. Ayniqsa yoshlar ichida.

britannica. com

23.01.2020, Oslo, Norvegiya

Kanalga ulanish – Bek Olimjon