Bu post mashhur neyroxirurg Dr. Alfredo Quiñones-Hinojosa haqida. U inson Dr. Q nomi bilan tanilgan. Bugun bu inson yozgan “Becoming Dr. Q: My Journey from Migrant Farm Worker to Brain Surgeon” kitobini oʻqib tugatdim.
Dr. Q haqida qisqacha. Bu inson taʻlim olish va oʻz karyerasini qurishda bosib oʻtgan yoʻlni ambitsiyaga ega boʻlgan har qanday shifokor havas bilan qaraydi.
Dr. Q oʻqigan universitetlar
- San Joaquin Delta College – bakalavr, UC -Berkeleyga koʻchirib oʻtib ketgan
- Cornell University – yosh tadqiqotchi
- University of California, Berkeley – psixologiya sohasida bakalavr darajasi (BSc)
- Harvard Medical School – shifokorlik (MD) darajasi
- University of California, San Francisco – neyroxirurgiya boʻyicha mutahassislik (rezidentura)
Dr. Q professional karyerasi
- Massachusetts General Hospital and Harvard Medical School – Ilmiy tadqiqotchi
- John Hopkins School of Medicine – Neyroxirurgiya, Onkologiya, Nevrologiya va Hujayra va Molekulyar Tibbiyot boʻyicha professor
- John Hopkins School of Medicine – Bosh miya oʻzak hujayra biologiyasi laboratoriyasi direktori
- Mayo Clinic – Professor va Neyroxirurgiya boʻlimi direktori
Dr. Q zamonamizning eng zoʻr neyroxirurglaridan boʻlishi bilan birga u dunyoga tanilgan tadqiqotchi. Hozirgacha 400 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan.
Dr. Q hikoyasining eng qiziq joyi shundaki u asli Meksikalik. Oʻsha paytdagi qashshoq Meksika iqtisodiyoti tufayli Alfredo 19 yoshida Amerika Qoʻshma Shtatlari chegarani noqonuniy kesib oʻtadi. Aniqroq qilib aytganda chegara devori ustidan sakrab oʻtadi. Undan keyin uysiz yashab yurib Californiya shtatida fermalarda noqonuniy qora ishchi sifatida eng ogʻir ishlarni bajaradi. Qishda yerlarni yalang oyoq sugʻorish bormi, pomidor yoki qovun ekilgan dalalarda yovvoyi oʻtlarni yulish bormi yoki paxta terish bormi barchasini. Keyinchalik baliq tozalash, oltingugurt omborida yoki mashina tuzatadigan ustaxonalarda ishlashni boshlaydi. Bu paytda u 20 yoshini boshlagan edi. Keyinchalik bir amallab kechki maktabga yoziladi. Kunduzi baliq va omborxonada ishi koʻpligidan va vaqti ziqligidan maktabga baliq va oltingugurt hidi oʻrnashgan kiyimlarida keladi. Hech qachon oʻqishini tashlab qoʻymaydi.
Bunday harakatlari uchun atrofdagilar, oilasi va doʻstlari uni ustidan kulishar, uni hech qachon shu qora ishlardan boshi chiqmasligini tasdiqlashar edi. U kelajakda nima qilishini hali aniq bilmasada kelajagi yorqin ekanligini va bu qora ishlar vaqtincha ekanligini his qilar edi.

Bu paytda, 20 yoshida u ingliz tilini oʻrganishni endi boshlagan edi. Keyinchalik universitetda oʻqishni boshlagan yillarda ham yonida ispancha-inglizcha lugʻat koʻtarib yurar edi. Har doim ingliz tilini yaxshi bilmasligidan, gapirayotganda aksenti borligidan uyalib yurar edi.
Ana shu ingliz tilini oʻrganishni 20 yoshida boshlagan qashshoq, qishloqlik, ferma ishchisi 12 yildan keyin dunyodagi eng mashhur tibbiyot oliygohi – Harvard Medical School – tamomlaydi.
Orzulari osmon boʻlgan yurtdoshim. Sizning orzularingiz yuqori ekanligidan, chet tili oʻrganayotganingizdan, dunyo kezmoqchi ekanligingizdan yoki mashhur inson boʻlishni hohlashingiz ustidan birortasi kuladigan boʻlsa siz Dr. Q hikoyasini eslang.
Bek Olimjon
31.01.2020, Oslo
December 7, 2022 at 13:55
Rahmat akajon umriz uzoq bo’lsin SHunday buyuk inson shakillanishida o’z hissez bo’lib bizga ham shunday insonlardek bo’lish nasib qilsin