Chet elda oʻqishni maqsad qilib, chet tilini oʻrganib, IELTS, TOEFL yoki TestDaF topshirib, chet eldagi universitetlarga hujjatlarni tayyorlashni “qotirvoraman mana” deb turgan vaqtda talab etiladigan hujjatlar roʻyhatiga qarab odam siqiladi baʻzaan. Roʻyhatda CV degan narsani koʻrib koʻpchilik bunisi nima ekan endi degan savol beradi. Bu tabiiy savol, chunki bu haqida Oʻzbekiston taʻlim tizimida maʻlumot berilmaydi. Aslida bu muhim hujjat hisoblanib faqat oʻqishga emas, koʻp joylarga ishga topshirmoqchi boʻlganlar uchun ham talab etiladi. Menga CV nima degani u, qanday yozaman deb yozishadi. Googledan qidirib koʻring degan maslahat har doim ham yetarlicha foyda bermaydi.

Shuning uchun CV haqida post qilishga qaror qildim. Bu postda CV nima? Nima uchun kerak? Qanday tayyorlash kerak? Tayyorlashda nimalarga eʻtibor berish kerak? degan savollarga qisqacha javob topasiz. Ohirida menga 2015-yilda Norvegiyada scholarship olishim uchun eng muhim rol oʻynagan CV haqida yozaman.

CV nima?

CV bu qisqartma soʻz yaʻni abbreviatura. Toʻliq nomi “curriculum vitae”. Lotin tilidan tarjima qilinganda “Hayotda bosib oʻtilgan yoʻl” maʻnosini beradi. CV bu hayotda qilingan ishlarni qogʻozga tartib bilan tushirilgan koʻrinishi. Oʻzbekistonda bu maqsadda foydalaniladigan hujjat “Spravka obyektivka” yoki “Rezyume” nomini olgan. Lekin Oʻzbekistonda bunday hujjatlar chet ellardagi kabi keng ishlatilmaydi.

CV da misol uchun quyidagi maʻlumotlar joy olgan boʻlishi mumkin:

  • Toʻliq ism, tugʻilgan sana, yashash joyi
  • Taʻlim – qaysi kollej yoki litsey, universitet (bakalavr yoki magistr) qaysi yoʻnalish
  • Ish tajribasi – qayerda va kim boʻlib ishlaganligi
  • Hayotda erishilgan yutuqlar – olimpiada sovrindori, oʻzlashtirgan chet tillari va hok.
  • Qiziqishlar, maqsad va hok.

Misol uchun mana bu rus tilidagi naʻmunani koʻraylik. Oddiy va oʻta umumiy holatda tayyorlangan naʻmuna.

CV nima uchun kerak?

CV aksariyat chet davlatlarda oʻqishga yoki ishga kirish uchun talab etiladigan eng asosiy va muhim hujjatlardan biri. CV nomzod haqida tez maʻlumot bera oladigan hujjat.

Koʻplab universitetlarga va ishlarga bir necha yuzlab nomzodlar hujjat topshiradi. Bir necha yuzlab hujjatlarni koʻrib, saralab chiqib, kuchli nomzodlarni tanlab olish oson ish emas. Odatda saralab chiqish vazifasi universitetlarda ayrim talabalarga, ishxonalarda esa kotibalar yoki hodimlar boʻlimida ishlaydigan odamlarga yuklatiladi. Ularga CVda asosiy eʻtibor berishi kerak boʻlgan kalit soʻzlar oʻrgatiladi. Shunga asoslangan holda ular koʻz yugurtirib chiqib, saralashadi. Aytaylik bir ishga 450 ta nomzod topshirdi. Ulardan koʻpi bilan 10% qismini shunchaki koʻz yugurtirib chiqish orqali saralab olinadi. Qolgan 45 tasini sal yaqinroqdan oʻqishadi. Shulardan 10 kishini intervyuga chaqirishi mumkin. Microsoft yoki Google kabi tashkilotlarda bu jarayonlarni kompyuterlar amalga oshiradi. Siz joʻnatgan CVni kompyuter koʻrib chiqib dastlabki saralash bosqichidan oʻtish yoki oʻtmasligini hal qiladi.

Oʻz tajribamga asoslanadigan boʻlsam, Norvegiyada rezidenturani boshlash uchun ishga topshirilganda ayrim markaziy klinikalarda bir oʻringa 100 dan ortiq odam topshiradi. Misol uchun men 2017-yilda men ishga topshirgan klinikada 12 ta oʻrin eʻlon qilingan. Shu oʻrinlarga jami 672 ta nomzod hujjat topshirgan. Shulardan 25 tasini intervyuga chaqirishgan va 12 tani ishga qabul qilishgan. 672 tadan 25 tasini saralab olish bir kotibaga topshirilgan. Kotiba bu topshiriq uchun 1 kun ham vaqt sarflamagan. (U kotiba bilan keyin gaplashib soʻrab bilganman.)

CV ni qanday tayyorlash kerak?

Saralash bosqichidan oʻtish muhim ekanligini tushundik. Saralashdan oʻtadigan CV ni qanday tayyorlash kerak degan savolga javob topish har doim ham oson emas. Ammo buni 100% iloji bor. Nimalarga eʻtibor berish kerak? Ishga topshirayotgan vaqtda ishga berilgan eʻlonni yaxshilab oʻqib chiqish kerak. Kerak boʻlsa bir necha marta oʻqib chiqish kerak. Eʻlonda nima deb yozilgan, ish beruvchi qanday ishchini qidiryapti, nima hohlaydi kabi savollarga javob topsa boʻladi. Undan keyin ish beruvchi tashkilot haqida yaxshilab oʻrganib chiqish kerak. U tashkilot maqsadi nima, qaysi sohalarda faol, ular uchun nima muhim kabi savollarga javob topish kerak boʻladi. Aytaylik misol uchun omborxonada yuk tashish uchun ishga eʻlon berilgan boʻlsa va siz ana shu ishga topshirmoqchi boʻlsangiz demak bu ishda jismoniy baquvvatlik talab etiladi. Shuning uchun CV da jismoniy baquvvatlik va omborxonada ishlay olishingizni koʻrsatadigan maʻlumotlarni topish oson boʻlishi kerak. Yoki aytaylik grafik dizaynerlik uchun ishga topshirmoqchisiz. CV ni oʻzi grafik dizaynerlik boʻyicha yetarli tajribaga ega ekanligingizni koʻrsatish kerak. CV ni grafikalardan foydalangan holda tayyorlash kerak. Bu haqida pastroqda kengroq toʻxtalamiz.

CV da yozilishi shart boʻlgan maʻlumotlar yaʻni ism, kontakt maʻlumotlar, taʻlim va ish tajribasidan tashqari boʻlishi muhim boʻlgan narsalar bor. Shulardan biri bu rasm.

  • CV da sizning kulib turgan rasmingiz boʻlishi shart! Saralayotgan odam nomzod yuzini koʻrishi orqali saralash bosqichidan oʻtkazish ehtimoli oshadi. Berilgan maʻlumotlarni bir insonga bogʻlay oladi. Rasm muhim!!!
  • Yozilgan maʻlumotlar notoʻgʻri boʻlmasligi muhim. Osmondan olib yozilgan narsalarni sezish oson boʻladi. Uni sezmagan holatda saralash bosqichidan oʻtib intervyugacha borilganda ham, yolgʻon maʻlumot intervyuda qattiq pand berishi mumkin.
  • Eng muhimi siz berayotgan maʻlumotlar topshirayotgan ish yoki oʻqishga mos boʻlishi. Eʻlonda yozilgan barcha talablarga 100% javob bermasligingiz mumkin. Bu normal holat va bu haqida rost yozish kerak.

Faqat matndan iborat boʻlgan CV tayyorlash mumkin. Ammo bu har doim ham hohlagan natijaga erishishga yordam bermasligi mumkin. Chunki faqat matnni oʻqish zerikarli. Shuning uchun CV tayyorlashda uning dizayniga katta eʻtibor berish kerak.

Misol uchun quyidagi CV larga eʻtibor qarataylik. Oʻng tomondagi CV da maʻlumotlar ancha tartibli yozilgan va oʻqish uchun koʻzga ancha yoqimli.

Baʻzi holatlarda sizda CV bir necha varaqdan iborat boʻlishi ham mumkin. Misol uchun 5-6 varaq. (Baʻzi odamlar hayotida erishgan ishlarini qisqa holatda yozganda ham CV 10 varaqdan ortishi mumkin. Men tanigan bir professor CV si ayni vaqtda 96 varaqdan iborat va kundan-kunga ortib bormoqda :))

Ammo yuqorida aytilganidek bir nechta varaqdan iborat CV ni oʻqib chiqishga universitet hodimi yoki ish beruvchida vaqt va hohish boʻlmaydi. Shuning uchun ular CV bir varaq boʻlishini rasman talab etishadi. Agar 1 varaqdan ortiq boʻlsa avtomat ravishda rad javobi degani. Siz koʻp maʻlumot yozmoqchisizu, lekin bir varaq joyga sigʻmaydi. Harflar oʻlchamini kichiklashtirsangiz dizaynga putur yetadi. Bunday holatlarda nima qilish kerak?

Ohirgi yillarda infografika (maʻlumotlarni grafik usulda tasvirlash) avj oldi. Infografikani CV tayyorlashda ham qoʻllash ancha urf tusiga kirgan ayni vaqtda. Misol uchun quyidagi CV naʻmunasiga eʻtibor beraylik. Sodda, aniq, chiroyli va barcha maʻlumotlar bor.

Men ohirgi 10 yil davomida turli sabablar tufayli 200 dan ortiq CV yuborgan boʻlsam kerak. Bular ichida mutahassislik boʻyicha ishlarga topshirish ham bor, oddiy vaqtinchalik ishlar (farroshlik, ofitsiantlik va hok) uchun ham bor. Shulardan 10% holatlardagina ijobiy natijaga erishganman deya olaman. Ana shunday natijalardan biri 2015-yilda Norvegiyada grant yutishim boʻlgan. Bu uchun men tayyorlagan CV muhim rol oʻynagan. (Buni Norvegiyaga kelganimdan keyin menga grant berish qarorini qabul qilgan inson bilan gaplashganimda bilganman. Nega meni tanlagansan degan savolimga “Sen joʻnatgan CV eʻtiborimni tortgan. Shundan keyin yaqinroqdan oʻrganib chiqqanmiz” deb javob bergan edi.)

Oʻsha payt grantga talab boshqa hujjatlar bilan birga bir varaqdan iborat CV joʻnatish boʻlgan. U paytda mendagi CV 4 varaqdan iborat edi. Faqat matndan foydalangan holatda oʻzim hohlagan barcha maʻlumotlarni bir varaqqa joylash imkoni boʻlmagan. Undan tashqari saralash bosqichidan oʻtishim uchun boshqalardan ajralib turishim ham muhim boʻlgan. Bu ikki maqsadga men infografikadan foydalanish orqali erishganman. Universitetga boshqa hujjatlar bilan birga quyidagi CVni yuborganman.

Bu CV ni men tayyor naʻmunadan foydalanib 3 kun vaqt sarflab Photoshopda tayyorlagandim. Hozir bunday CV ni online bir necha daqiqa davomida tayyorlasa boʻladi. Canva, Piktochart, Visme, Venngage va hokazo kabi saytlarda tayyorlasa boʻladi.

Siz oʻqishga yoki ishga topshirayotgan joyda CV uchun maxsus naʻmunadan foydalanish talab etiladimi yoki yoʻq ekanligiga ham eʻtibor berish kerak. Misol uchun Yevropa ayrim davlatlari universitetlari Europass CV naʻmunasidan foydalanishni talab etadi. Agar bunday talabga eʻtiborsiz boʻlib, chiroyli qilib, naqshlar bilan bezalgan CV ni yuborsangiz, uni ichini oʻqimasdan turib rad javobi berish ehtimoli yuqori.

CV barcha narsani hal etmaydi. Talabga nomzod haqiqatdan ham javob berishi kerak. CV asosan saralash bosqichidan oʻtishga yordam beradi. Qolgan barchasi intervyuda hal boʻladi. Intervyuga qanday tayyorlanish kerak, nimalarga eʻtibor berish boʻyicha maʻlumotlar qiziq boʻlsa bu haqida ham post tayyorlaymiz. Balki foydasi tegar…

Bek Olimjon

08.02.2020, Oslo

Kanalga ulanish – Bek Olimjon