Ohirgi haftalarda juda ommalashgan va odamlar orasida katta vahimaga sabab boʻlayotgan coronavirus haqida yozishimni soʻrab murojaat qilganlar boʻldi. Shuning uchun shifokor va kasallikni tushungan inson sifatida oʻz fikrimni oʻrtoqlashishga qaror qildim.
Bu postda, coronavirus mediada koʻrsatilayotgandek havflimi? U haqiqatdan ham yangi virusmi? Rostdan ham odamlarni ommaviy oʻlishiga sabab boʻlishi mumkinmi? Virus epidemiyasi nima? Virus pandemiyasi nima? Wuhan coronavirusi epidemiya darajasidami? Oʻzbekiston uchun qanchalik muammoli bu holat? Mana shu savollarga javob sifatida bilganlarimni yozdim.
Coronavirus bu butunlay yangi virusmi?
Aslida butunlay yangi virus emas. Coronavirus deganda bu aynan shu nomdagi viruslar oilasiga aytiladi. Bu nomdagi viruslar soni koʻp va avvaldan maʻlum. 2019-yildagi Wuhan shahrida chiqqan virus ana shu oilaga mansub viruslardan biri. Avvaldan mavjud boʻlgan va oʻtgan yili dekabr oyigacha aniqlanmagan virus turi.
Hozirgacha (02.02.2020, 14:49) ana shu virusdan kasallangan jami aniqlangan bemorlar soni 14 628 va bu kasallikdan oʻlganlar soni 305 nafar. Butunlay sogʻayganlar soni 348 nafar*. Bu raqamlar ohirgi 60 kun ichida kuzatilgan holatlar. Oʻlganlar soni foiz hisobida 2,1%.
Coronavirus bilan kasallanish bu butunlay yangilik emas, avvallari ham boʻlgan. Misol uchun aynan Xitoyda 2002-yilda va Saudiya Arabistonda 2012-yilda bu kasallik tarqalgan. 2002-yilda Xitoyda jami roʻyhatga olingan bemorlar soni 8096 ta boʻlgan va oʻlganlar soni 744 ta (9,2%). 2012-yilda Jidda shahrida jami 2494 bemor aniqlangan va shulardan 858 (37%) nafari oʻlgan.**
Inson hayoti raqamdan iborat emas. Shunday boʻlsada virus epidemiyasi yoki pandemiyasi bilan kurashishda sonlarga tayanish juda muhim. Wuhandagi coronavirusdan oʻlganlar sonini kunlik holatga boʻlib chiqadigan boʻlsak kuniga 6 tadan odam vafot etgan. Wuhan shahrining aholisi 11.08 million. Xitoy jami aholisi 1,4 milliard. Agar aholi soniga solishtiradigan boʻlsak oʻlganlar soni juda-juda past koʻrsatkich. Shuning uchun ham epidemiya darajasida emas.
Bu safargi virus shakli jihatdan ozgina farqli boʻlsada keltirib chiqaradigan kasallik koʻrinishi juda oʻxshash. Haqiqatdan ham yangi virusmi degan savolga javob shuki butunlay yangi yoki nomaʻlum virus emas.
Rostdan ham odamlarni ommaviy oʻlishiga sabab boʻlishi mumkinmi?
Ohirgi sonlarga eʻtibor beradigan boʻlsak buning ehtimoli juda past. Wuhandagi holat hattoki epidemiya darajasida ham emas. Shu oʻrinda epidemiya nima degan savolga javob bersak. Epidemiya bu maʻlum bir kasallikning kutilmagan holatda tez va keng tarqalishi. Wuhandagi holat epidemiya sifatida talqin qilingani yoʻq. Ingliz tilida ”outbreak” (ruschada ”вспышка”) deb ataladigan bu holat kasallikni geografik jihatdan ancha cheklangan joyda tarqalishiga aytiladi. Pandemiya – bu maʻlum bir kasallikni bir qitʻa yoki qitʻalararo tez, toʻsatdan, nazorat qilib boʻlmaydigan darajada tarqalishiga aytiladi. Endi bu coronavirus 2 oydan beri faol bolʻsa va 11 milliondan ortiq aholi yashaydigan shaharda 15 000 atrofidagi odamni zararlashi epidemiyaga toʻgʻri kelmaydi. Epidemiya uchun yetarli darajada kuchli emas.
Misol uchun hammamizga maʻlum boʻlgan oddiy gripp virusi tufayli AQShda 2018-2019 yil gripp sezonida 36 000 000 tagacha odam kasallanganligi, shulardan 491 000 ta inson kasalxonaga yotqizilganligi, 34 200 ta bemor vafot etganligi qayd etilgan*. Solishtirish uchun AQSh aholisi soni 327 million. Xitoy aholisi esa 1,4 milliard.
Coronavirus haqida uydirma va faktlar
Uydirma: Coronavirus dunyodagi eng havfli virus
Fakt: Oddiy gripp virusi har yili hozirgi coronavirusiga nisbatan 60 martagacha koʻproq odam oʻlishiga sabab boʻladi
Uydirma: Agar menga coronavirus yuqsa men oʻlaman
Fakt: Yuqorida yozilganidek oʻlim holati 2% atrofida. Asosan oʻlim holati bu immun tizimi kuchsiz boʻlganlarda (qariyalar misol uchun) uchraydi. Gripp virusidan oʻlish ehtimoli ham 2% atrofida.
Uydirma: Maska yoki maxsus himoya vositasi kiyib yurish kerak
Fakt: Qoʻllarni doimiy sovunlab yuvish va tirsak ichki qismiga aksirish eng yaxshi himoya vositasi.
Uydirma: Coronavirus haqidagi yangiliklar vahima qilishiga arziydigan holat. Bunga Xitoy xalqi aybdor.
Fakt: Vahima qilishga arzimaydi. Virus epidemiyasida maʻlum bir xalq yoki millat aybdor emas. Qirgʻin kelsa musulmonniyam, boshqasiniyam ayab oʻtirmaydi.
Uydirma: Internetdagi coronavirus haqidagi postlar haqiqatga yaqin
Fakt: Aslo unday emas. Aksariyat maʻlumotlar odam eʻtiborini jalb qilishga va vahima uygʻotishga asoslangan. Ilmiy asosga ega emas. Afsuski bunday postlar tibbiy bilimga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan keng tarqatiladi.
Oʻzbekiston uchun qanchalik muammoli bu holat?
Oʻzbekistonga coronavirus yetib kelgan yoki kelmaganligini bilmaymiz. Chunki bu borada Sogʻliqni Saqlash Vazirligi tayyorgarlik eʻlon qilmagan. Chegarada tekshiruvlar yoʻlga qoʻyilmagan. Xitoy bilan aloqamiz yaxshi. Koʻplab odamlarimiz borib-kelishadi. Shuning uchun bu virus balki yetib kelgandir.Aniq javob topa olmasak kerak. Hozirgi kundagi oddiy gripp koʻrinishidagi kasalliklarga sabab bu oddiy gripp virusi yoki coronavirus, yana yoki boshqacha virus sabab ekanligini aniqlash imkoniyatimiz mavjud emas. Aynan coronavirus boʻyicha tayyorgarlik yoʻq. Bunday tayyorgarlik qanchalik zarur ekanligi soʻroq ostidagi mavzu.
Ammo Oʻzbekistonda bundan koʻra muhimroq kasalliklar bor. Misol uchun yurak qon-tomir kasalliklari tufayli har yili kamida 65 000 ta hamyurtimiz olamdan oʻtishi roʻyhatga olingan*. Bu oyiga 5417 ta, har kuni esa 180 ta odam degani. Ohirgi 2 oy ichida Wuhanda oʻlganlar sonidan Oʻzbekistonda ohirgi 2 kunda yuragi kasal boʻib oʻlganlar soni koʻproq.
Xullas Oʻzbekiston uchun coronavirusdan koʻra yurak kasalliklariga eʻtibor yuqori boʻlishi oʻta zarur. Afsuski bu haqida na Sogʻliqni Saqlash Vazirligi, na media jar soladi. Oddiy arifmetika, bu 180 ta hamyurtlarimiz ular siz va bizning ota-onamiz, qarindoshimiz, doʻstimiz va qoʻshnimiz. Har kuni 180 ta oʻzbek xalqi…
Shuning uchun oʻzbek xalqining oʻlimiga sabab boʻlayotgan 1-oʻrindagi kasalliklar haqida oʻrganishimiz muhimroq.
Adabiyotlar
– https://gisanddata.maps.arcgis.com/apps/opsdashboard/index.html#/bda7594740fd40299423467b48e9ecf6
– https://www.thelancet.com/action/showPdf?pii=S0140-6736%2820%2930185-9
– https://www.worldlifeexpectancy.com/uzbekistan-coronary-heart-disease
Leave a Reply