Zamonaviy tibbiyot hozirgi kungacha yutuqlarga erishishiga asosiy sabab bu ilmiy izlanishlar natijasidir. Bu inkor etiladigan fikr emas. Turli davlat va xalqlarga zamonaviy tibbiyotni kirib borishi va uni rivojlanishini belgilovchi asosiy omil bu oʻsha davlatlarda faoliyat yuritayotgan shifokorlarning zamonaviy tibbiyotni tushunishi, qabul qilishi va unga amal qilishidir. Hozirgi kunda tan olingan va juda koʻp davlatlarda amal qilinayotgan tibbiyot bu “Dalillarga asoslangan tibbiyot”. (ingliz tilida “Evidence Based Medicine, rus tilida “Доказательная медицина”)
Dallillarga asoslangan tibbiyot haqida juda qisqa maʻlumot va misol. Dalillarga asoslangan tibbiyot juda-juda soddalashtirilgan holatda aytganda bu tashxis qoʻyadigan usullarni, diagnostik apparatlarni, davo muolajalarini bir-biri bilan yoki platsebo bilan solishtirishga asoslangan. Aytaylik, bir dori ishlab chiqaruvchi korxona isitmaga qarshi dori ishlab chiqardi va uni samarali deb daʻvo qildi. Lekin bu dorini haqiqatdan ham isitma tushirishiga dalil kerak. Dalilga erishishni bir necha xil usullari bor. Shulardan biri solishtirish usuli. Misol uchun jami 40 ta isitmasi bor bemorlarni tanlab olib, ularni ikki guruhga ajratiladi va tana haroratini oʻlchanadi. Buni dori berishdan oldingi tana harorati deb aytaylik. Keyin birinchi guruhga (20 ta bemorga), ularga isitmaga qarshi dori berilayotganini aytib, aslida bugʻdoy unidan yasalgan dori shaklidagi “sohta” tabletka beriladi. Bir soatdan keyin tana haroratini oʻlchanadi. Tabiiyki bugʻdoy unidan yasalgan tabletka isitma tushirmaydi. Ikkinchi guruhga (20 ta bemorga) esa oʻsha korxona ishlab chiqargan, lekin hali samaradorligi isbotlanmagan dori beriladi va 1 soatdan keyin tana haroratini oʻlchanadi. Barcha 40 bemordagi dori berishdan oldingi va keyingi tana haroratlari qogʻozga qayd qilib boriladi. Ana shundan keyin dori berishdan oldingi tana harorati va dori berishdan keyingi tana haroratlari ikki guruh orasida statistik usullar yordamida solishtiriladi. Qaysi guruhda isitma koʻproq tushgan boʻlsa va ana shu farq statistik ahamiyatga ega boʻlsagina inobatga olinadi. Koʻp holatlarda bunday farq boʻlmaydi. Bu misol davoga dalil olishni eng soddalashtirilgan usullaridan biri edi. Dunyoda juda koʻp dorilar ana shu oddiy bugʻdoy unidan yasalgan “sohta” doridan koʻra samaraliroq ekanligini isbotlay olishmaydi. Shu sababli tibbiyotda ishlatishga va aptekalarda sotishga ruhsat berilmaydi. Ming afsuslar boʻlsinki, bunday dorilar bozor davlat tomonidan toʻliq nazorat qilinmaydigan koʻplab davlatlarga olib kelinadi va turli xil marketing nayranglar yordamida xalqqa “dori” sifatida tavsiya etiladi. Bunday dorilar roʻyhati ancha katta.
Endi asosiy mavzuga qaytsak. Nega har bir shifokor statistikadan xabardor boʻlishi kerak. Quyida 6 ta asosiy sabablarni yozmoqchiman. Aslida sabablari bundan koʻproq.
- Eng muhim sabab. Yuqorida aytib oʻtilgan dalillarga asoslangan tibbiyot tavsiyalarini tushunish uchun. Ularni amalda qoʻllay olish uchun. Agarda ikki turdagi dorilar qanday solishtirilganini va natija qanday ekanligini tushunmagan shifokor, dalillarga asoslangan tibbiyot asosiy mazmunini tushunishi qiyin boʻladi. Yuqorida keltirgan misol bu juda soddalashtirilgan misol edi. Aslida zamonaviy ilmiy tekshiruvlarda bundanda murakkabroq statistik usullardan foydalaniladi. Shifokor esa ana shularni oʻqiganda nega aynan 1-dori emas 2-dori tavsiya qilinganligi, nega 1-dori berilganda qanchadir foiz havf borligi va nega bu havf 2-guruhda kamroq ekanligini tushunib yetadi. Agar tushunib yetmaydigan boʻlsa oʻz ustida ishlashi qiyin boʻladi. Sababi yangi bilimni oʻzlashtirishga saviyasi yetmaydi. Natijada bemorlarga jabr boʻladi. Agar siz bemor sifatida dalillarga asoslangan tibbiyot usullaridan xababrdor boʻlsangiz, ertaga biror bir shifokor huzurida sizga tavsiya etilgan dorini qanchalik isbotlangan ekanligi va sizda yana qanday boshqa variantlar bor ekanligini soʻrashga tortinmang. Biz shifokorlar bilimimizni bemorlarsiz rivojlantira olmaymiz.
- Tibbiyotdagi har qanday davoda qaysidir darajada havf bor. Hech qanday davo 100% kafolatlangan emas va hech qanday davo 100% asoratsiz boʻlmaydi. Oʻzbek xalqida “Koʻza kunda emas kunida sinadi” degan gap bor. Aynan shu maqol bilan bu sababni tushuntirish mumkin. Koʻza necha kunda sinadi yoki 100 ta koʻzadan nechtasi sinadi degan savollar berish oʻrinli bu yerda. Havf darajasi deganda beriladigan dorini asorat keltirib chiqarishi yoki nojoʻya taʻsirini tushunish mumkin. Aytaylik chaqaloqqa vena ichiga qilingan antibiotikni ich ketishiga sabab boʻlishi bu antibiotik nojoʻya taʻsirlaridan hisoblanadi. Oddiy qilib aytganda, ana shu nojoʻya taʻsirni 100 ta bemordan nechtasida boʻlishini foiz hisobida havf darajasi deyish mumkin. Statistika borasida bilimga ega boʻlgan shifokor ana shunday havf darajalarini bemorga tushuntira oladi. Baʻzan biror kasallikda berilishi mumkin boʻlgan dorilar foydasidan koʻra nojoʻya taʻsirlari koʻproq boʻlishi mumkin. Bunda havfni baholash (ing. risk assessment) lozim va dorini berish yoki bermaslik haqida qaror qabul qilish kerak boʻladi. Ana shunday holatda statistika boʻyicha bilimlar qoʻl keladi.
- Eng qiziq sabab. Statistika borasidagi bilimlar bu shifokorlar oldiga oʻz dorisini maqtab kelgan farmatsevtika kompaniyasi vakili kelganda qoʻl keladi. Agar biror kompaniya vakili shifokor oldiga oʻz dorisini maqtab kelsa, undan ana shu dorini foydali ekanligini isbotlovchi qanday ilmiy tekshiruvlar oʻtkazilganligi haqida soʻrash kerak. Odatda bunday vakillar qoʻlida bir-ikki maqolalar boʻladi. Lekin u maqolalar “zakaznoy” boʻlishi mumkin. Boshqacha aytganda ayrim “ekspert”larga pul berish yordamida yozilgan va chop etilgan, lekin xalqaro hamjamiyat tomonidan, dalillarga asoslangan tibbiyot tomonidan tan olinmagan boʻlishi mumkin. Aynan shunday holatda statistika borasidagi bilimlar shifokorga berilgan maqolalarni tushunishga va farqlay olishiga yordam beradi. Bunda statistikani oʻzi emas, balki isbotlangan ilmiy tekshiruv usullaridan xabardorlik ham talab etiladi.
- Turli xil diagnostik va skrining tekshiruvlari natijasini baholash. Tibbiyotda deyarli hech qaysi diagnostik usul har doim 100% toʻgʻri natija beravermaydi. Baʻzan bor narsani yoʻq deb koʻrsatishi, yoki aksincha yoʻqni bor deb koʻrsatishi mumkin. Bunday xatoliklar darajalari bor va ular foizlarda belgilanadi. Ana shularni tushunishda statistikadan xabardorlik talab etiladi.
- Har bir shifokor oʻqish va oʻrganishdan toʻxtamasligi zarur. Buni oʻz ustida ishlash deb aytamiz. Oʻz ustida ishlashning eng ommaviy usuli bu turli xil ilmiy tekshiruvlarga asoslangan maqolalarni oʻqish va ularni tushunish. Bunday maqolalar har doim ham haqiqatni yozavermaydi. Ilmiy maqola chop etish ortida turli maqsadlar yotadi va ulardan biri tibbiyotni rivojlanishiga hissa qoʻshishni maqsad qilgan holatda haqiqatni chop etish. Oʻzini hurmat qilgan bir qator ilmiy jurnallar haqiqatdan yiroq boʻlgan yoki “zakaznoy” maqolalarni chop etmaydi. Lekin hozirda juda koʻp jurnallar borki ana shunday haqiqatdan ancha yiroq boʻlgan maqolalarni chop etadi. Ana shunday holatlarda haqiqiy va sohta maqolalarni ajrata olishga imkoniyat beruvchi bilim bu statistika haqidagi bilim. Albatta statistikani tushunsayu, lekin ilmiy tekshiruv usullaridan bexabar boʻlsa, unda shifokorda muammo bor.
- Ilmiy izlanishni va ilmiy darajaga erishishni hohlovchi shifokorlar uchun statistika boʻyicha bilimlar zarur. Aslida klinik ilmiy izlanish qilayotgan olimlar statistik bilimlarga ega boʻlmay turib haqiqiy ilmiy darajaga erishishlari ehtimoldan ancha uzoq.
Dalillarga asoslangan tibbiyotga qarshilik qiluvchi hamkasblarimiz yoʻq emas. Uni tan olmaydiganlar ham topiladi. Dalillarga asoslangan tibbiyotni nuqsonlardan holi emasligi bor narsa, lekin bundan koʻra aniqroq dalil olish imkoniyati hozircha yoʻq. Dalillarga asoslangan tibbiyotga qarshilik qiluvchi hamkasblarimiz afsuski undan koʻra afzalroq usulni asos sifatida keltira olishmaydi. Statistika borasida esa, men tibbiyot institutida oʻqish davrida uni yaxshi oʻqimaganimdan afsusdaman. Balki statistika faniga umuman eʻtibor berilmas… Har qalay men talabalik vaqtida shunday edi…
Dr. Bek Olimjon 07.07.19, Oslo, Norvegiya
Leave a Reply