Kuni kecha Rossiyada musofirlikda yurgan, xalqaro darajada katta yutuqlarga erishgan bir hamyurtimiz bilan gaplashib qoldim. Hafaroq koʻrindi, sababini soʻrasam bir necha soat oldin boʻlgan voqea taʻsirida ekanligini aytib berdi.

Aytadiki “Bugun ishdan qaytayotsam bir ayol bolasini “Agar yaxshi oʻqimasang, katta boʻlganingda anavi oʻzbekka oʻxshab kelgindidek ishlaysan…” deb soʻkyapti. Menga qattiq taʻsir qildi bu holat. Nahotki oʻzbeklar boshqa millatlar bolasini tarbiyalaganda salbiy obraz sifatida koʻriladigan boʻldik?” Keyin yana davom etdi: “Nega oʻzbek chetda bir-birini aldaydi, nega bir necha minglab odamlarimiz halol ishlasada oʻzbek nomiga ijobiy gaplarni deyarli eshitmaydi odam, nega millatimiz bu ahvolda?” deb kuyinib gapirdi. Ochigʻi nima deb javob qaytarishni bilmay qoldim. Oʻylantirdi. Haqiqatdan ham oʻylantirishi kerak boʻlgan, javob berish qiyin boʻlgan savollar. Nega rostdan ham shunday?

Bir oz toʻxtab, millatning ohirgi bir asrlik tarixiga birgina nazar soladigan boʻlsak balki javob topilar…

Xonlik davrlarida xalq sifatida ajraldik (undan avval ham juda inoq emas edik aslida), chor rossiyasi bosib oldi, bunga rozi boʻldik. Rozi boʻlmaganlarni qatl qildi. Xalq sifatida bunga ham rozi boʻldik. Maʻrifatni surgun qildi, rozi boʻldik. Oq poshshoni bilmasakda, uni poshsho qildik. Leninni daho dedik. Nemisni fashist dedikda, Stalinni “hudo” qildik. Sovetni xalq deb bildik, u uchun jon berdik. Moskvani Makka qildik, tilimizni unutdik. Paxtakorman deb kerildik, paxtaga qoʻshnimizni ham qoʻshib sotdik. Boyni poraxoʻr dedik, olimni esa igʻvogar. Keyin shifokor paxta terdi, muallim esa daraxt kesdi. Tojikni yomon koʻrdik, qirgʻiz bilan urushdik. Rusni alkash dedik, gʻarbni esa fahsh dedik. Nasroniyni kofir dedik, yahudiyni dushman. Olimlar din va davlat farqini tushuntirishga harakat qildi, ularni qadrlamadik. Tarixiy meroslar barbod boʻldi, eʻtiborsiz kuzatdik…

Bir davlatni “ikkiga” boʻldik. Oʻzbekiston ichida “Poytaxt” degan alohida davlat qurdik. Oʻzbek pasporti bilan poytaxtda yashash Parijda yashashdan koʻra qiyinroq boʻldi. Natijada poytaxtlik va viloyatlik bir millat vakili boʻla turib turli qatlamga ajraldi. Viloyatlikka poytaxtda yashashga ruhsat bermadik. Surxonda umrida biror marta boʻlmagan odam, asl surxon xalqini bilmay turib, surxonlikka past nazar bilan qaradi. Andijonda Namanganlikka nom berdik. Shaharda esa qishloqlikka gap bermadik. Qishloqda esa qoʻshnimiz u yoqda tursin, oʻz aka-ukalarimiz bilan yuz koʻrmas boʻldik. Ayollar mardikor boʻldi, erkaklar Rossiyaga ketdi. Imkon qilgan yelkamni chuquri koʻrsin deb uzoqroqqa ketdi…

Fikr qiladigan boʻlsak bizni boshqa millat oldida emas, oʻz ichimizdagi muammolarimiz koʻproq ekan aslida. Oʻz millatdoshini oʻz ona tilida va oʻz shevasida gapirgani uchun kamsitadigan xalqni boshqa millat kamsitmaydimi? Oʻz ona tilini saqlab qolaman deb uygʻur xalqi qamalayotgan zamonda rus tilini til qilgan boʻlsak axir… Oʻz-oʻzini hurmat qilmaydigan xalqni, nega boshqa xalq hurmat qilishi kerak degan savol tugʻiladi. Oʻzimizni hurmat qilmasak, nega boshqa odam bizni hurmat qilishi kerak deb soʻrash oʻrinlidir balki. Agar biz boshqa bir odamni fikrini hurmat qilmasak, nega boshqa odam bizning fikrimizni hurmat qilishi kerak?! 

Oʻzbek boʻla turib fikrimni oʻzbek tilidan koʻra ingliz yoki rus tilida erkinroq bayon qila olishim bu yutuq emas, bu aslida inqiroz. Bir kalimani oʻz ona tilimda bexato yoza olishim esa haqiqiy yutuq. Lekin bunday yutuqqa erishganlar soni anchagina oz hozirgi kunda. Aminman, shu ikki varaqlik matnda ham bir qancha imlo xatolarim bor. Nima qilay, men ham siz kabi oʻzbekman.

Ishonchim komil, barcha muammolarimiz boshlanishi ham ularning yechimi ham roʻparamizdagi koʻzguda. Barcha muammolarimizga yechimni ana shu koʻzgudan boshlasak toʻgʻri boʻlar. Balki eng avvalo, boshqa odamlarni gapirishdan oldin oʻz-oʻzimizni hurmat qilishni boshlashimiz kerakdir. Shunda yonimizdagini hurmat qilishni boshlarmiz balki. Uning millati, dini, eʻtiqodi, jinsi, hohishlari, orzulari, fikrlari, boy yoki kambagʻalligi yoki yana bir nimalar uchun emas, shunchaki inson ekani uchun hurmat qilishni boshlasak muammolar yechim topar. Konfutsiy aytganidek “Oʻzingni hurmat qilsang, seni boshqalar ham hurmat qiladi”. Agar oʻzimizni hurmat qilsak yonimizdagi odam bizga yoqmasada uni inson ekanligi uchun hurmat qila olamiz. Uning fikrlariga qoʻshilishimiz shart ham emas. Biz va yonimizdagi insonlar bu oila va jamiyat. Jamiyat esa bu xalq… Fikrimcha insonning xalqiga boʻlgan hurmati oʻziga boʻlgan hurmatida namoyon boʻladi. Oʻzini hurmat qilgan odam birovni aldab ketmaydi, chunki oʻzi aldanishni hohlamaydi. Oʻzini hurmat qilsa oʻzini haqoratlanishiga yoʻl qoʻymaydi. Oʻzini hurmat qilgan birovning mulkini hurmat qiladi. Oʻzini hurmat qilgan inson birov yurtida yurganda oʻsha yurt millati, tili, madaniyati, dini va qonunlarini hurmat qiladi. Shunda millatlar orasida inoqlik paydo boʻladi. Shunda boshqa bir millat oʻzbek haqidagi salbiy fikrlaridan asta-sekinlik bilan voz kechishni boshlaydi.

Bunday uzuq-yuluq fikrlar uchun, bir talay muammolarni yozib unga tuzukroq yechim bera olmaganim uchun sizdan uzr soʻrayman. Ochigʻi yozgan barcha muammolarga yechim nima ekanligini men bilmayman. Lekin oʻzimizni hurmat qilishdan boshlasak qolgan yechimlarni ham topishimizga ishonaman.

Otam “Bolam, barcha muammolarimiz sababi bilimimiz yoʻqligida!” der edilar. Balki muammolarimiz yagona yechimi bilimni eng yuqori maqsad qilishimizdir. Balki yagona yechim yoʻqdir…

Bek Olimjon

22.07.19, Oslo, Norvegiya

PS. Meni Yapon millatining hatti-harakati doim hayratga soladi. Quyidagi rasmlarga eʻtibor beraylik. Xulosa esa oʻzimizdan.

Yaponiya: 1946-yilda Hiroshimadagi portlashlardan keyin ochiqlikda tashkil etilgan maktab
Yaponiya: 2011-yilda tsunamidan keyin tashkil etilgan vaqtinchalik maktab.