Bu maqolada tibbiyot instituti talabalari tibbiyotni yanada yaxshiroq oʻrganish uchun Instagramdan qanday foydalanish mumkinligi haqida yozildi. Bu haqida gapirishdan avval, internet haqida qisqacha fikrlar.
Biz 2019-yilda yashayotgan boʻlsakda, internet yordamida dunyoda avtomobillar haydovchisiz boshqarilishiga erishilgan boʻlsada, internet yordamida oʻzga sayyoralarga chiqishga harakat qilinayotgan boʻlsada, internet yordamida dunyo boʻylab qanchadan-qancha odamlar hayoti ijobiy tarafga yaxshilanayotgan boʻlsada, haligacha internetni demonizatsiyaqilish (“yomon otliq qilish”, zararli deb hisoblash) haligacha mavjud. Internet bugungi jamiyatning eng muhim qismlaridan biri va hozirgi kunda usiz rivojlanishga erishib boʻlmaydi. Internet bu maʻlumotlar bazasi, maʻlumot esa foydali yoki foydasiz, salbiy yoki ijobiy boʻladi. Internetni yomonlashdan oldin maʻlumotdan qanday qilib toʻgʻri foydalanish haqida koʻproq gapirilishi kerak nazarimda. Shunday ekan, men oʻsha koʻpchilikni vaqtini behuda ketishiga sabab boʻladigan Instagramdan qanday qilib foydali maʻlumotlar olish mumkinligi haqida yozaman. Bu maqolacha umumiy maʻlumotlar koʻrinishida boʻlib qolmasligi uchun, Instagramdan tibbiyotni oʻrganishda qanday foydalanish mumkinligi haqida ayrim yoʻnalishlar beradi.
Nega aynan Instagram?
Instagram bu rasmlar uchun platforma, faqatgina mashhurlar rasmlari uchun emas. Shou-biznes olamidagilar faolroq boʻlganliklari sabab, instagramda ularning rasmlari koʻproq uchraydi. Yoki odamlar tushlik ovqatini rasmga olib qoʻyishni odat qilganlaridan beri ana shunday ovqatlar rasmi ham koʻpayib ketgan. Shunday boʻlsada qanday qilib tibbiyotni oʻrganishda foyda berishi mumkin? Ana shu haqida qisqacha maʻliumotlar.
Tibbiyot instituti talabalariga biror kasallikni tushunish oʻzi oson emas. Uni ustiga oʻqish davrida amaliy koʻnikmalar rivojlantirmasligi tufayli, kasallikni haqiqiy hayotda qanday ekanligini oʻrganishdan koʻra, koʻproq nazariyaga asoslangan boʻladi. Aynan shu nazariy bilimlar olinayotgan vaqtda Instagram kasalliklar rasmlarini koʻrish orqali yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Qanday qilib deysizmi? Quyidagi misolda koʻrib chiqamiz.
Aytaylik siz 5-kurs talabasisiz va hozir siz Patau sindromi haqida oʻqiyapsiz. Bu sindrom 12 000 tugʻilgan chaqalloqa 1 taga toʻgʻri keladi va institut davrida bunday kasallikka duch kelmaslik ehtimoli juda yuqori. Nazariy bilimni haqiqiy kasallikni qanday koʻrinishga ega ekanligini koʻrish bilan mustahkamlasa boʻladi. Bunda biz hashtag (#) dan foydalanamiz. Qidiruv qismiga #patausyndrome deb yozib koʻramiz. Menda aynan Patau sindromiga bogʻliq 2295 ta rasm chiqdi. Mana sizga kasallikning qanday koʻrinishi haqida tayyor rasmlar. Turli yoshda va turlicha koʻrinishi. Eʻtibor bergan boʻlsangiz men sindrom soʻzini ingliz tilidagi shaklidan foydalandim. Rus tilidagi #синдромпатау hashtag bilan qidiruv natijasida 71 ta rasm. Ingliz tilidagisiga solishtirganda ancha katta farq qilsada, har qalay umuman yoʻq degani emas. Asosiy maqsad rasmni koʻrish boʻlgandan keyin uning tagidagi yozuvlar juda muhim emas. Aynan mana shu usul bilan hohlagan kasallikni qidirish mumkin. Agar kasallikni ingliz tilidagi nomini bilmasangiz translate.google.com saytiga kirib ruschadan tarjima qilish mumkin. Kasallik nomini ingliz tilida topish yana bir yoʻli bu google.com saytiga kirib ruschada qidirasiz va shu orqali ingliz tilidagi nomini topasiz. Aytaylik siz “склеродермия” kasalligini ingliz tilida qanday atalishini bilmaysiz. Bu tabiiy hol, chunki siz tibbiyotni ingliz tilida oʻqimagansiz, endi kirib kelyapsiz. Demak, google.com saytiga kirib склеродермия deb qidiramiz, 436 000 ta natija ichida birinchisi “Системная склеродермия — Википедия”.

Ana shu linkni bosadigan boʻlsak Vikipediyaga oʻtadi va quyidagi natijani beradi.

Bizga rus tilidagisi emas, ingliz tilidagisi kerak boʻlgani uchun pastroqqa tushamiz chap tomonda “На других языках” degan joyiga oʻtib “English” yozuviga kiramiz.

Qarabsizki sklerodermiya kasalligini ingliz tilidagi sahifasidamiz. Kasallikni nafaqat ingliz tilidagi nomi balki u haqida yanada kengroq maʻlumot ham topdik. Endi ana shu kasallikni instagramda #scleroderma deb qidirsak 41 mingdan ortiq rasmlar chiqadi. Kerakli rasmni tanlab, kasallik haqida tasavvur paydo qilish mumkin. Eng qizigʻi shuki, bu rasmlarda har doim ham tibbiy maʻlumotlar boʻlavermaydi. Kasallik bilan ogʻrigan bemorlar kundalik hayotidan rasmlar qoʻyib boradi. Kasallikni haqiqiy hayotda qanday koʻrinishga ega boʻlishi haqida oʻrganish mumkin.

Bu hashtag, Google va Vikipediyadan qanday foydalanish haqida qisqcha koʻrsatma edi. Xullas tushundingiz. Endi eng qiziq joyiga qaytsak. Instagramda mashhur shifokorlarning aksariyati ancha faol. Ayrim misollar quyidagilar:
- Dr. Cat Begovic (@beautybydrcat) – mashhur plastik jarroh
- Dr. Mike Varshavski (@doctor.mike) – model doktor 🙂
- Dr. Michael Cellini (@drcellini) – intervension radiolog
- Dr. Sandra Lee (@drpimplepopper) – dermatolog. Juda bir “qiziq” postlar qoʻyib boradi.
- Dr. Gohari (@dr.gohari) – kasalliklar haqidagi maʻlumotlarni qanday yodlash haqida postlar qoʻyib boradi.
Hullas bunday doktorlar juda koʻp.
Hozir yuqoridagi doktorlarni instagramda tekshirib koʻrib “Eee, baribir ingliz tilidayu bular!” degan gap aytgan boʻlishingiz mumkin. Men ingliz tilini bilmasam degan fikr kelgan boʻlishi mumkin. Endi aynan shu vaziyatga ikki tomondan baho berish mumkin: 1) Ingliz tilida ekan deb tashlab qoʻyib shuncha maʻliumotdan quruq qolish, boshqacha aytganda rivojlanishdan ortda qolish, 2) Buni imkoniyat sifatida qabul qilib “Hozir yozgan narsalarni 0,5% niyam tushunmasman, lekin qachongacha tushunmasdan yuraman?” degan savolni oʻzingizga berib asta-sekinlik bilan oʻrganib borish. Aynan shu instagramdan foydalanish Medical English oʻrganishingizga turtki boʻlishi mumkin. Aslida medical english uncha qiyin emas, chunki siz lotin tilidagi atamalardan xabardorsiz. Lotin tilidagi siz bilgan atamalar ohiridagi “-ia” suffiksi oʻrniga “-y” qoʻshilsa ingliz tilidagi varianti boʻladi. Misol uchun lotinda “physiologia”, ingliz tilida esa “physiology”. Siz oʻylagandek qiyin emas 🙂
Maqolani magʻzi – tibbiyot instituti talabalari uchun 15 ta instagram profillari
(Roʻyhat alohida tartibga asoslanmagan holda berilgan)
@medicaltalks
@medschoolposts
@medspiration
@cincykidsrad
@surgerypics
@medical.doctors
@thankmedical
@dissurvivor
@medscape
@osmosismed
@onlinemeded
@usmlemedprep
@hansonsanatomy
@mike.natter
@medicalzy
Ana shularni kuzatib borishni boshlagandan keyin instagram turli tavsiyalar berib boraveradi. Shunda sekin-sekin befoyda profillardan qutulib, ularni institutda oʻqishda yordam beradigan, yanayam muhimrogʻi yaxshiroq shifokor boʻlishga yordam beradigan profillarga almashtirasiz. Qarabsizki Instagramni ochishingiz bilan faqat tibbiyot haqidagi maʻlumotlar – rasmli ensiklopediya. Ertalab oʻqishga ketishdayam, kechki payt qaytishdayam, har doim yangi-yangi postlar 🙂 Endi shifokorlar uchun alohida “instagram” ham ishlab chiqilgan aslida, uni nomi Figure1. Medical English salgina rivojlantirilsa undan ham bemalol foydalanish mumkin.
Instagram faqat oʻyin-kulgi yoki boshqalarni tushlikka yeydigan somsalar haqida emasligini, undan foydaliroq maqsadlarda ham foydalanish mumkinligini doʻstlaringiz bilan ham ulashing. Instagramda koʻrishguncha! Meni mana bu yerdan topasiz -> www.instagram.com/bek.olimjon/
©Bek Olimjon 25.03.2019, Norvegiya
Leave a Reply