Men ayni vaqtda Shvetsariyada oftalmologiya bo’yicha dunyodagi eng yaxshi malaka oshirish markazlaridan biridaman. Nomi ESASO – European School for Advanced Studies in Ophthalmology.

To’r parda kasalliklari bo’yicha o’quvchi sifatida kursga kelganman. Bugun kursning birinchi kuni o’tdi

Ma’ruzachilar shu sohadagi mashhur olim odamlar. Darslarda eng, eng ohirgi ma’lumotlar berilmoqda. Ayrimlari hali adabiyotlar yuzini ko’rmagan. Bugun berilgan ma’lumotlar ko’p qismini hali Yevropadagi klinikalarda ham qo’llash boshlangani yo’q. Keyingi 2-3 yilda qo’llansa kerak. (2,5 kunlik kurs uchun 4000€ sarfladim)

Tibbiyotda yangi kashfiyotlar amaliyotga tadbiq qilingunicha bir necha yil o’tadi. Rivojlangan davlatlarda ham vaqt o’tadi, lekin sal qisqaroq.

Endi mana shu yangiliklar hammasi ingliz tilida. Ingliz tilidagi ma’lumotlar boshqa ingliz tili ishlatilmaydigan davlatlarda tarjima qilinib amaliyotga kirgunicha esa anchagina vaqt o’tadi.

O’zbekiston tibbiyotida ma’lumot oqimi qanday bo’ladi?

Yuqorida aytgan ma’lumotlarim avval ingliz tilida chop etiladi. Keyin vaqt o’tib (bu bir-ikki oy emas) rusiyzabonlar o’sha ma’lumotlardan foydalanishni boshlashadi. Bizga esa ana shundan keyingina keladi. Oradan bir necha yillar o’tadi. Bu ma’lumotlar oddiy o’rta qatlam o’zbegi boradigan o’rtacha klinikaga yetib borgunicha 10 yil o’tib ketishi hech narsa emas. Men sizga tirik guvoh sifatida aytishim mumkin, ayrim klinikalarda hali ham 90-yillardagi ma’lumotlarga asoslanib tashxis qo’yishmoqda, davolashmoqda.

Eng qiziq joyi shuki yuqorida men aytayotgan zamonaviy ma’lumotlar internetda tekinga turipti.

Ingliz tilini bilgan odam ulardan bemalol foydalanishi mumkin.

Unda siz nega pul to’lab o’qiyapsiz deyishingiz mumkin. Men o’sha mashhur olim odamlar ma’lumotlarni o’qib, men uchun keragini tahlil qilib, filterdan o’tkazib, qisqa vaqtda tushunishim uchun tayyor qilib bergani uchun to’layapman. Ma’lumot esa aslida tekin.

Tasavvur qiling, siz 6 oy vaqt sarflab o’sha ma’lumotlarni tushuna oladigan imkoniyatga erisha olasiz. Qila olmayman demang. B2 darajasiga 6 oyda har qanday odam erishishi mumkin. Faqat mehnat orqali.

Nega siz o’zingizga, oilangizga va atrofingizdagilarga yordam berish uchun 10 yillab kutishga rozisiz?

Bir marta 6 oy vaqt sarflab, qunt qilib ingliz tili o’rganishingiz orqali butun umr eng yangi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo’lishingizni nahotki tushunmaysiz?

Nahot o’z sohangiz bo’yicha yaxshi mutaxassis bo’lishga intilishni xohlamaysiz?

Mayli, siz ingliz tilida ravon gapirishni o’rganmang, hech bo’lmasa ingliz tilidagi kitob va maqolalarni tushunadigan darajaga chiqish mumkinku?!

Siz tibbiyotni ingliz tilida o’rganmayapsizmi, demak siz zamonaviy shifokor bo’lishni xohlamaysiz.

Hozir imkon borida til o’rganmasangiz, ertaga yelkaga ola xurjun tushganda bu 10 barobar qiyin bo’ladi. O’rgana olmaysiz.

Zamonaviy tibbiyotni ingliz tilisiz o’rganib bo’lmaydi, azizlar. Bu fikrga qo’shilmagan tibbiyotdagilardan uzoq yuring.

6 oy vaqt sarflang, butun umr bilim olish chiptasi qo’lingizda bo’ladi.

O’zingizga, oilangizga, jamiyatga va ummatga yanada manfaatliroq inson bo’lishni nahotki xohlamaysiz?!

Bek Olimjon
01.02.2024
Shvetsariya