2011-yil. Shvetsiyada magistraturada o’qiyman. Karolinska, top 10 tibbiyot institutlaridan biri
AI darsidan imtihon
Bizga dars o’tgan professor bir xalqaro jurnalda bosh muharrir bo’lib ishlar edi. Bir Koreyalik professor ana shu jurnalda chop etish uchun ilmiy maqola topshiradi. Maqolada xatolik bo’ladi.
Imtihon topshirig’i Koreyalik professor qilgan xatoni topish, uni nega xato ekanligini asoslab berish va to’g’ri yechim berish.
Imtihonni uydan turib topshiramiz, xohlagan materialdan foydalanish mumkin. 12 soat vaqt berilgan.
11 soat 50 minut deganda topshirgandim. Bu vaqt ichida 1 marta hojatga borishga va 1 chashka kofe ichishga imkonim bo’lgan xolos. Imtihondan 20% atrofida talaba o’tgan. Men 3 baho bilan o’tganman.
Bir xitoylik gruppadoshim 1 soatga qolmay tugatgan va 5 baho olgan edi.
Magistraturani 40+ talaba boshlagan, 14 tasi o’z vaqtida tamomlay olgan.
2023-yil
Jiyanim Norvegiyada bakalavrni 1-semestrini tamomladi. Dars qoldirmay o’qidi (darsga qatnashish majburiy emas), darsdan keyin, dam olish kunlari ham o’qidi. Rosa o’qidi, imtihonlarga qattiq tayyorlandi. Jami 4 ta fan.
Imtihonlardan ikkita 3 va ikkita 4 oldi. Imtihonlardan yiqilganlar esa talaygina. Jiyanim Uzb standarti bo’yicha o’z yoshiga ko’ra top student. 16 yoshida IELTS 7+ ga erishgan. 3 olish fail bo’lgani belgisi emas. U shunchaki boshqa muhitda. Barchasi nisbiy.
2024-yil
Kecha 60 ga kirayotgan bir insondan menga mentorlik qilishini iltimos qildim. Men hayotimda hech qachon qila olmasam kerak deb hisoblaydigan maqsadni qanchalik real ekanligini tushuntirib berdi. Unga erishishim uchun o’ta konkret 2 yillik reja tuzib berdi. U maqsadga o’zi 20 yil oldin erishgan ekan.
Barchasi nisbiy.
Atrofimizda kimlar bo’lishi muhim.
Vaqtimizni kimlar bilan o’tkazishimiz muhim.
Biz atrofimizdagi doimiy 5 ta odam o’rtachasimiz.
Atrofimizga qaraylik, u yaqqol ko’zgu.
Bek Olimjon
13.01.24
Norvegiya
Leave a Reply