G’arbdagi hayotim davomida bu yerdagi 16-20 yoshdagilar bilan gaplashsam ularni o’zimni shu yoshdagi jiyanlarimga yoki shu yoshdagi qo’ni-qo’shnilarga solishtirib ko’raman. Bu yerdagilarni ko’pi bilim jihatdan zo’r bo’lmasligi mumkin, maktabda o’qishga juda katta urg’u bermaydigandek tuyuladi. Ammo qandaydir yoshiga nisbatan o’zini tutishi, hayotga bo’lgan munosabati boshqacharoq. Yoshiga nisbatan ulg’ayganroqdek ko’rinadi. Fikrlashi yosh bolanikidek emas ularni. O’zlarini yosh boladek tutmaydi ham. Buni sabablariga qiziqar edim. Javobini topgandekman.
O’tgan hafta ota-onalar yig’ilishiga bordim. Qizim 1-sinf. Maktabi soat 1 da tugasa gruppaga ”prodlyonkaga” qoladi 1-2 soat. Unda maktab ovqat beradi. Yig’ilish ana shu prodlyonka jarayonini yangi ota-onalarga tanishtirish bo’ldi. Ovqat qismiga ancha katta urg’u berildi.
Ovqat berish jarayoni qiziq ekan. Butun jarayonni boshida turgan bir hodim yaxshi ma’lumot berdi. Juda fidoiy hodim. O’z farzandi ham 1-sinfda. Aytishicha bolalarga beriladigan ovqatni tayyorlashda bolalar yordamidan foydalanar ekan. Katta odam ishlatadigan oshxona anjomlari, ya’ni pichoq, taxtakach va hokazolarni bolalarga berib qo’ygan. 5-6 yoshli bolalar sabzavot to’g’rayapti. Videosini ko’rsatdi. Ovqat tayyorlashda faol ishtirok etishmoqda. (Bolam pichoq ishlatishiga meni aslo qarshiligim yo’qligini avvalroq ham yozgan edim).
Maktabni qishlog’imizdagi katta oziq-ovqat do’koni bilan hamkorligi bor ekan. Amal qilish muddati tugashi yaqin qolgan mahsulotlarni arzon narhga sotib olishar ekan. Ba’zan ana shunday mahsulotlar ko’payib ketar va bolalar ehtiyojidan ortiq miqdorda bo’lar ekan. Shunda bolalar va hodimlar birga ovqat pishirishib maktabdagi o’qituvchi va boshqa hodimlarga tushlikda sotishar ekan arzonroq narhda. Savdodan tushgan pulni to’plashar va har bir sinfga teng taqsimlashar ekan. Pul miqdori tahminan 30 dollarcha bo’lganda 1-sinf o’quvchilariga bu pulga nima olishlari haqida o’z fikrlarini berishni so’rashar ekan. Bunda bolalar tanlagan mahsulotlarni organizmga, ekologiyaga foyda va zarari haqida suhbat qurishar ekan. Keyin tanlovlar ichidan eng yaxshisini tanlashib 2 tadan o’quvchini olib, ular qo’liga pul berib, do’konga borishar va bolalar o’zlari mahsulotlarni topib, savatchaga solib, kassaga borib to’lab, maktabga olib kelishini ta’minlashar ekan. Harid qilingan mahsulotlarni ovqat tayyorlashda ishlatishar ekan.
Bolalar birinchi sinfni boshlaganiga 16 kun bo’ldi. 1 sonini yozishni uyga vazifa qilib berdi bu haftaga.
Bek Olimjon
16.09.23
Norvegiya
Leave a Reply