Time management – biz gapirishni yaxshi ko’radigan, bilishni xohlaydigan ammo amal qilmaydigan ko’nikmalardan biri. Qanday qilib vaqtni unumli taqsimlash mumkin savoli ko’pchilik uchun muhim. Men ham bu haqida o’qib o’rganishga harakat qilganman. Men uchun ish beradigan usullar bilan bo’lishmoqchiman bu postda. 

Hammamizda umrimiz davomida erishadigan qandaydir bitta katta maqsad bor. Bu kimdagir Gentra olish bo’lsa, yana kimdadir Marsga odam yuborish. Shuning uchun katta maqsadlar haqida emas, balki kundalik ishlarni qanday rejalashtirishim haqida yozmoqchiman. 

Men har yili qilishim kerak bo’lgan ishlar ro’yhatini tuzaman. Misol keyingi yil uchun qilinishi kerak bo’lgan ishlar, erishilishi kerak bo’lgan maqsadlar ro’yhatini tahminan iyun oylaridan boshlab tuzib boraman. Misol 2024-yil uchun bu ro’yhat ochilgan. 2023 uchun ham huddi shunday bo’lgan, erta 2022 dan boshlab yozilgan va shunga qarab reja qilingan. 

U ro’yhatda nimalar bor? Unda 2023-yil davomida men o’zim, oilam va jamiyat uchun qilishim kerak bo’lgan ishlar ro’yhati bor. Har birini alohida loyiha desa ham bo’ladi va ular har birida deadline (qilinishi kerak bo’lgan muddat) bor. Misol 2023 davomida oilada va oila uchun qilishim kerak bo’lgan ishlar, karyerada nimalar qilishim, necha km yugurishim va velosipedda yurishim, qancha miqdorda investitsiya qilishim, kim bilan qayerga sayohat, kim qayerga o’qishga kirishi, kim o’qish bo’yicha qanday darajaga erishishi, nechta telegram post va ular kamida nechta prosmotrga ega bo’lishi, uy remonti, mashina olish va hok. Bu ishlar tahminan 12 oyga bo’lib chiqiladi va har bir oyda nima qilinishi aniqlanadi. Misol uchun bir yilda 1200 dollar investitsiya qilishni reja qilsam, har oyda 100 dollar, har hafta 25 dollar, har kuni ca 3,75 dollar pul tejashim kerakligi kabi (Ha, ba’zan shu darajada detallashgan holda reja qilaman). 

Ayrim ”loyihalar” har oyda ishlashimn talab etsa, ayrimlari ma’lum bir oyda yoki ma’lum bir haftada bo’lishini talab etadi. Misol men har yili qilayotgan bir davlatni u chegarasidan bu chegarasigacha bosib o’tadigan velotur. 

Bir yilda nechta kitob o’qish haqida aniq son bilan maqsad qilmay qo’ydim. ”Bir nechta kitob o’qish” degan bitta qator bor xolos. Har bir yil uchun maqsadlar soni ularning o’lchamiga va qancha vaqt olishiga qarab har yil uchun farq qiladi. Misol uchun 2022 uchun 150+ ta ”loyiha” reja qilingan bo’lsa 2023 uchun 30 ta atrofida. 

U ro’yhatni yozib xonam devoriga osib qo’yaman. Har kuni ko’zim tushib turadigan bo’lishi kerak. Bajarilganlarini marker bilan belgilab qo’yaman. Bu bir yillik uchun qilinadigan ish. U ro’yhat rasmini tabiiyki bu yerga qo’ymayman, chunki meni bir yil davomida nima ishlar qilishni reja qilganimni hammaga ayon bo’lishini hohlamayman.

Endi har oy va kun uchun qanday yo’l tutaman? 

Men oddiy kalendarli bloknot ishlataman. U ko’rinishi mana bunday. 

Ayrimlar turli xil app yoki Google kalendar kabilar ishlatishni ma’qul ko’rishadi. Men uchun yillar davomida samaraliroq deb topganim oddiy bloknot va ruchka bo’ldi. Uni odatda yanvar oyining birinchi yarmida olaman. O’sha paytda 50-60% skidka bo’ladi. Chunki hamma keyingi yil uchun bloknotlarni noyabr-dekabr oyida olgan bo’ladi. Odatda bloknotlar keyingi yil yarim oyini ham ichiga o’lgan bo’ladi. 

Har bir o’tgan oyni mana bunday qilib belgilab qo’yaman. Bu nega muhim. Bu men uchun o’tgan umr va u qaytib kelmaydi. Oydagi kalendar sahifasi uchun har kuni qilinishi kerak bo’lgan asosiy ishni yozaman. Bu menga boshqalar bilan reja tuzish uchun yordam beradi. Kun asosiy qismi ishxonada o’tadi. 

Endi har bir kun uchun qanday yondashuv. Odatda bir kun oldin ertaga nima qilishim kerak ekanligini yozaman. Bloknot kunni soatlarga taqsimlashga imkon bersada menga bu uchun ehtiyoj yo’q. Shuning uchun tartibni soat bo’yicha emas, balki qilinishi kerak bo’lgan ishlar muhimligi tartibida yozaman. Qilingan ishlarni ustiga chizib qo’yaman. Agar biror ish bajarilmay qolsa uni oldiga strelka qo’yib ertangi kun uchun ko’chiraman. 


Men uchun ”to-do lists” (qilinishi kerak bo’lgan ishlar ro’yhati) ahamiyati loyihalar va ular uchun qo’yilgan deadlinelardan pastroq. Loyihalar va deadlinelarga ko’proq e’tibor beraman.

Bloknotni turli xil fikrlarni qisqa yozishga yoki bir nimalarni hisoblash uchun ham ishlataman. Ya’ni chornavoy qog’oz sifatida. 

Men uchun samaradorligimni ushlab turish va qo’yilgan maqsadlarni esdan chiqarib qo’ymasligim uchun yordam beradi bu usul. Eslatib turadi. Umr o’tayotgani va u qaytmasligini eslatib turadigan yana bir vosita. 

Qo’yilgan barcha maqsadlarga erishamanmi? 100% emas, lekin aksariyat qismiga erishaman. Yillik sarhisobda sport va ruhiyat borasida oqsoqlanish bo’ladi ko’pincha. 

Bu usul hammaga ham ish beradi deyish ahmoqlik bo’ladi. Chunki hayot turli davrlardan iborat. Men ancha stabil kundalik hayotda, oila va atrofimdagilar uchun mas’uliyatim yuqori bo’lgan davrda bo’lsam, 20 yoshli oilasiz talaba bunday emas. Shuning uchun bunday odamlarda rejalarni keskin o’zgartirish imkoni bo’ladi. Ya’ni katta o’zgarishlar uchun imkon katta. Aytaylik men 1 oyga velosayohatga ketdim deb survorishim qiyin bo’ladi. Yoki men keyingi 2 oy davomida boshimni ko’tarmay, kuniga 10-12 soat mana shu narsani o’rganaman deb biror loyiha boshlay olmayman. Sababi oilam va jamiyat oldidagi mas’uliyat. Shu jihatdan uzoq muddatli reja qila olishim mumkin. Ammo 20 yoshli odam uchun uzoq muddatli reja qilish imkoniyati bo’lmasada, unda vaqt jihatdan ustunlik bor. Vaqt ko’p unda va uni biror natijaga erishish uchun sarflash mumkin. Biror natija nima ekanligi hammada turlicha. 

Aslida hammasi oddiy, lekin oddiy degani oson degani emas. Odamlarda reja tuzish bo’yicha ko’nikma yetishmaydi emas. Muammo sabr bilan biror narsani o’rganishga vaqt sarflash. Bu oson emas, agar oson bo’lganida muvaffaqiyatlilar soni ko’p bo’lar edi. 

Eng qiziq va muhim joyi bu ko’nikmalar tug’ma emas, balki hohlagan odam rivojlantirishi mumkin bo’lgan ko’nikmalar. Bu ko’nikmalarni rivojlantirishda hech qanday sirli kalit yoki qisqa yo’l yo’q. Bor deydiganlar nima haqida gapirayotganini bilmaydilar.  Qiyin bo’lsa ham, zerikarli bo’lsa ham, mashaqqati bilan, sabr bilan mehnat qilish kerak xolos.

Hammaga salomatlik tilayman.
Bek Olimjon
14.08.23