Meni kanalimni kuzatuvchilar allaqachon bilishadi. Soham tibbiyot bo’lsada, pul va shaxsiy moliya haqida postlar yozib turaman. Avvalroq moliyaviy qaramlik, tejash darajalari, harajatlar haqida yozgan edim. Bugungi post ”damingni ol!” darajasidagi pul haqida. Inglizchasi yanada yaxshiroq va ma’noliroq bu iborani. Ingliz tilida ”F… you money!” deyiladi. Bunday qo’pol nom berilgani menga ma’qul emas, ammo o’quvchi uchun mustaqil qidirib topishga oson bo’lishi uchun ishlatishni to’g’ri deb topdim. Bu bo’yicha yetarlicha ma’lumot bor to’rda.

Xo’sh ”F… you money!” yoki o’zbekchada ”Damingni ol miqdordagi pul”, yanada muloyimroq aytganda ”Uzr lekin, damizni oling miqdoridagi pul” iborasi nima? 

Bu shunday miqdordagi pulki odam bunga erishgandan keyin umr davomida pul uchun ishlashga ehtiyoji qolmaydi. Ya’ni ishlamasa ham yashash harajatlarini qoplashga, oilasini ta’minlashga yetarli miqdorda (aytaylik har oyda) pul kelib turaveradi. 

Bu qanday imkoniyatlar beradi? O’ta qo’pol qilib aytganda ayrimlarga ”Damingni ol!” deyish imkoniyatini beradi. Bu gap qo’polligiga yopishvomasdan mazmunini tushunishga harakat qilsak bu ibora ortida juda katta erkinlik borligini tushunish mumkin. Juda-juda ko’pchiligimiz o’zimizga qanchalik yoqmasada pul uchun o’zimiz hohlamagan ishda ishlashga majburmiz. Qanchalik yoqmasin, pul uchun ichimizda ”basharang qursin” deb tursakda tashimizda jilmayib turishga majburmiz.

  • Boshliq so’kyaptimi, ”damingni ol” deyish imkoniyati paydo bo’ladi
  • Kimdir sizdan siz hohlamagan ishni qilishni talab etyaptimi? ”Damingni ol!”
  • Kimdir majlisga chaqiryaptimi, ”damingni ol!”
  • Kabinetiga chaqiryaptimi, ”damingni ol!”
  • Kim bilandir gaplashgingiz kelmayaptimi, ”damingni ol!”
  • Bugun ishga borishga kayfiyat yo’q, ammo qo’shni viloyatdagi xolani yo’qlashga hohish bor. Ishga ”damingni ol” deb, 4 ta nonni olib yo’lga tushish
  • Tizimda nimadir yoqmayaptimi, ”damingni ol!” deb undan chiqish va hok

Xo’sh bu darajaga erishish nima yoki qanday imkoniyatlar beradi insonga? 

Ko’pchilik o’ylashi mumkin, bu darajaga erishsam kayfni qilib, choyxonama-choyxona, bir kun Chorvoqda, bir kun Ammasoyda, bir kun Istanbulda kayf qilib yuraman, oilam bilan Yevropaga, Misrga sayohat qilaman, vashe kayp qilaman deb. ”Damingni ol!” darajasi rostdan ham bu imkoniyatlarni beradi, ammo qizig’i shuki bunday kayp qilish haqida o’ylaydiganlar bu darajaga erisha olishmaydi.

Bu darajaga erishish eng katta boylikni bizga qaytarib beradi. O’z vaqtimiz ustidan 100% xo’jayinlik imkoniyatini beradi. Qornimizni to’yg’azish uchun, oilamizni boqish uchun ishlashga majbur bo’lmaymiz. Atrofdagi odamlar oldida hurmatimiz oshishi uchun, ular fikri muhim bo’lgani uchun mashina, telefon, katta televizor va yana nimalarnidir olish uchun, har kunimizdagi cheklangan soatlarni pulga sotmaslik imkoniyatini beradi. Faqatgina o’zimiz hohlagan ishlar bilan hohlagancha mashg’ul bo’lishga, o’zimiz hohlagan odamlar bilan vaqt o’tkazish imkonini beradi. Bu imkoniyat ertaman shoshilmay nonushta qilish, bolani bog’chaga, maktabga olib borish, shoshilmagan holda o’sha kungi ishni qilish, hohlagan kitobni o’qish, ijod qilish, nimadir yaratish, qurish yoki shunchaki benom bo’lgan holda odamlarga yordam berish, insoniyat taraqqiyoti uchun hissa qo’shish imkoniyatini beradi. Bu darajada hurmat ortidan quvishga, kimlardir tomonidan e’tirof etilishni hohlashga, diqqat markazida bo’lishga ehtiyoj qolmaydi. Ishda talab etiladigan formaniku aytmasa ham bo’ladi. 

Atrofimda bir nechta ana shunday odamlar bor. Rostdan ham hohlagan odamga, hattoki Norvegiya qiroliyu bosh vaziriga ”damingni ol!” deydigan darajada. Ammo ular unday demaydi. U insonlar bilan gaplashsangiz muloyimligidan, sizni, ofitsiantni, kuchukni, daraxtni, chumolini hurmat qilishidan hayratga tushasiz. Ular orasida bir nechta o’xshash xislatlar bor. 

1. Puli ko’p ekanligini ko’rsatmaslikka harakat qilishadi. Oddiy, eski futbolka yoki jinsida, eski krossovkada yuradi. Oslo marinasida yaxtachalari turgan bo’lsada u haqida tanishganingizdan 4 oy o’tib bilasiz

2. Yangiliklarga qiziqmaydi

3. Arifmetikadan, statistikadan xabari bor. Hisob-kitobga usta

4. Ijtimoiy tarmoqlardan iste’molchi sifatida foydalanmaydi

5. G’iybat qilmaydi

6. Faqat g’oyalar haqida gaplashadi

7. Nimadir yaratish bilan band

8. Har kuni foydali bo’lishga harakat qilishadi

9. Tortishmaydi. O’zini haq ekanligini isbotlashga urinmaydi
10. Doimiy jismoniy mashg’ulotlar qiladi

11. Birga ishlaganda xato qilsangiz o’z fikrini albatta aytadi. O’ta muloyimlik bilan

12. Oilasi va qadriyatlarini ustun qo’yadi

13. Doimo nimadir o’rganayotgan, kitob o’qiyotgan bo’ladi 

14. Eng muhimi barchasi vaqtini o’ta qattiq tejaydi

Bunday odamlardan juda ko’p hayot darslarini o’rganish mumkin. 

Yuqoridagi ijobiy xislatlar barchasiga bir xilda egalik qilishni ko’pchiligimiz uddalay olmaymiz. Ammo ”damingni ol!” imkoniyati bor ekanligini haqida fikrlarimizni o’zgartira olamiz. 

Ayrimlar ”damingni ol!” darajasiga erishish uchun juda katta miqdordagi pulga, 10, 50, 100 million dollarga ega bo’lish kerak deb o’ylaydi. Juda ko’pchilik esa bu narsa haqida hattoki o’ylab ham ko’rmagan. 


Aytishingiz mumkin, “e aka yoki uka siz yozaverasiz, juda ko’pchilik qiynalib yashayapti, tirikchilik qilishi juda qiyin ko’pchilikni” deb. Men fikringizga qo’shilaman. Ammo siz hozir yotvolib, smartphoneda mana shu postni shu joyigacha kelgan bo’lsangiz demak sizdan umid bor, sizda “damingni ol!” darajasiga chiqishga imkoniyat bor. har xolda o’sha tomon qarab yurishga imkoniyat bor.

Bu oppon-choppon yozilgan post bu mavzu haqida gram ma’lumot bera oldi degan umid bor. Xo’sh, siz uchun ”damingni ol!” miqdori qancha? Izohlarga qarab mavzuni kengroq yoritishimiz mumkin. 

Shu o’rinda aytib o’tay, oxirgi postdagi sayohatlar davomi haqida yozish esimdan chiqqani yo’q. Shunchaki kompni yoqib, rasmlarni bir joyga to’plab, post qilishdan ko’ra muhimroq ishlar bor shu kunlarda 🙂 Abbos bilan kayakda qilingan sayotdan keyin, Azamat bilan Norvegiyani o’ta go’zal tog’laridan birini 3 kun davomida velosipedda aylandik. Undan keyin esa Avazbek bilan Dusseldorfdan (Germaniya) Amsterdam (Gollandiya) 4 kun velotur qildik 🙂 

Mavzuga qaytamiz, ”Damingni ol!” miqdori siz uchun qancha? 


Bek Olimjon
16.07.23
Norvegiya