Postni har kim o’z vaziyatidan kelib chiqqan holda tushunadi. Kim uchundir ishonarsiz eshitilishi mumkin, kim uchundir bilim olishga kuch bo’ladi. Men keyingisidan umidvorman.

Kecha ishdan keyin bir uchrashuvga taklif etilgan edim. Oldingi postdagi aytib o’tilgan mahalladagi bir tadbirkor shifokor uyida edi uchrashuv. Telefonda gaplashganimizda maslahatli ish bor, o’tirib gaplashaylik degan edi.

Bordim. Hamkasbim juda iliq kutib oldi. Chiroyli va did bilan ishlov berilgan hovli. Tashqarida o’tirdik. Ro’paramizda 1996-yil chiqqan klassik Porsche 911 , yonida Audi E-tron, orqasida Tesla Model X. Chiroyli kofe olib keldi.

Maqsadga o’tishdan oldin ozgina tarixini gapirib berdi.

Xullas u bundan 4 yilcha avval bir start-up boshlagan. Start-up masofaviy tibbiyot bilan ishlaydi. Ko’z kasalligi bor bemorlarni rasmlariga asoslangan holda masofadan turib diagnoz qo’yish va davolashni yo’lga qo’ygan. Start-upga COVID vaqtida talab ancha oshgan va ish yaxshi bo’lgan. Bir yilda 500 ming dollar + bilan chiqqan. Bu yill 2,5 million tushum bo’lishi kutilmoqda ekan.

Natija yaxshi bo’lgani uchun investorlar qiziqish bildirgan. Bir yilcha oldin start-up qayta baholanishdan o’tgan. Baholovchilar anchagina konservativ yondashgani uchun haligi start-up qiymatini 10 million dollar deb baho berishgan. Buni arzon ekanligini ko’rgan 3-4 ta investor 2 millioncha investitsiya bilan kirib kelgan. Keyingi 3-4 yilda firma qiymati 50 millionga ko’tarilishi prognoz qilingan.

Endi haligi start-up kengayishi kerak bo’lgan. Haligi hamkasbim oldin hammasini o’zi boshqargan bo’lsa, endi rasman bosh direktor tanlanishi kerak bo’lgan. Bitta tajribali, lekin 40 yoshga kirmagan akani ishga olgan. Haligi aka maxsulotni nafaqat Norvegiya bozorida sotilishini, balki Yevropani boshqa 3 ta yirik davlatlarida sotilishini ham yo’lga qo’ygan.

Talab katta, ish qizg’in, bozor yaxshi, tushum zo’r. Maqsad kengayish. Bosh direktor yoniga bosh boshqaruvchi ham olishgan. Marketing va savdo bo’limi qurilgan. Yaxshigina jamoa tuzilgan. Zo’r natijalarga erishgan investorlar maslahatchi sifatida ishlashyapti. Masofadan turib ishlash ucuhn 10 ga yaqin oftalmologlarni ishga olishgan.

Endi ularga davolash ishlari bo’yicha bir inson kerak. Uni inglizchasini CMO – Chief Medical Officer deyiladi, o’zbekchada aytganda bosh shifokor. Ana shu bosh shifokorlik rolini menga taklif etish uchun maslahatga chaqirgan ekan.

Ayni vaqtda qaysi klinikalarda ishlayotganimni biladi. Norvegiya kichkina davlat. Ko’p oftalmologlar bir-birini taniydi.

Hamkasbim taklifi hozirgi klinikamdan qancha topayotgan bo’lsam undan ko’proq to’lashi bo’ldi. Miqdor haqida so’z ochilmadi. Asosiy urg’uni meni ishxonaga kelishim shart emasligi va ish tartibimni o’zim belgilay olishimni aytdi. Masofadan turib ishlashga 100% imkon borligini aytdi. Haftasiga 5 kun emas, hech bo’lmasa 2 kun vaqt ajrata olsam ham hursand bo’lishini aytdi. Yaxshilab o’ylab ko’rishimni va hozir javob berishim shart emasligini aytdi.

Taklif o’z kuchida turipti. Muhimi uni qancha $$$ ekanligi emas.

Eng muhimi hamkasbimni suhbat oxirida aytgan mana bu gapi bo’ldi: ”Bek, sen bizga keraksan, seni biliming bizga kerak. Bu loyiha orqali minglab odamlarga yordamimiz tegishiga ishonaman. Bunga sen hissa qo’shishingni xohlayman”.

Bir do’stim aytar edi: ”It feels good to be needed” (taxminiy ma’nosi ”o’zingni kerak ekanligingni his qilish juda yoqimli”).

Bilim olish muhim. U qadrlanadi. Qadrlovchilar albatta topiladi. Boshqa makondan topilar, lekin albatta topiladi.

Muhimi bilim olishdan to’xtamaslik, maqsad sari harakatda davom etish.

Bek Olimjon
13.05.23
Oslo