Bu hafta anchadan beri kutilgan loyiha amalga oshdi. Men 4 kunlik ish haftasi rejimiga o’tdim. Shanba-yakshanbaga qo’shimcha ravishda endi juma kuni ham ishlamayman. Bu men uchun eng muhim bo’lgan yutuqlardan biri. Bu yutuqqa erishish uchun ancha mehnat ketdi.
Xo’sh ”yangicha hayot tarzi” qanday? Kundalik holatda o’zgarish yo’q, chunki endigina birinchi hafta. Ammo endi bundan buyog’iga haftasiga 5 kun ishlashga majbur emasligim fikri va bu men yashab turgan xaqiqat ekanligini hazm qilish uchun bir oz vaqt kerakdek. Albatta ijobiy ma’noda.
Xo’sh qanday o’tdi? Faqat dam olish qismigagina to’xtalsam. Kecha shanba kuni yaxshi havo bo’lgani uchun vaqtni kun bo’yi tashqarida o’tkazmoqchi bo’ldim. Dam olish uchun kayakda suzish va baliq ovlash eng ma’qul ishlardan biri 😁
Bir nechta do’stlarga tel qildim va taklif qildim. Kayak ham bor, qarmoq ham bor, ko’l ham bor, unga borishga mashina ham bor. Ko’pchilik band. Tushunsa bo’ladi. Muammo yo’q.
Bir umumiy amaliyot shifokori bo’lib ishlaydigan do’stimni ko’ndirdim. Shamollab tuzaldim degan edi, o’zbekcha osh qilib beraman, yaxshi bo’lasan deb chaqirdim. Keldi, qo’l bola qilib osh qilib berdim. Umrida birinchi marta yeyishi ekan. Maza qilib yedi.
Kayaklarni mashinaga yuklab ko’lga bordik.
Uyimdan 10 daqiqa piyoda borsa bo’ladigan joyda uzunligi 19km, aylanasi 52km bo’lgan ko’l bor. O’sha yerga bordik. Suvga tushishdan oldin qanday qilib suzishni, texnikasini, yiqilmaslik uchun nimalarni yodda tutish muhim ekanligini tushuntirdim, 10 daqiqacha dars o’tib berdim 😁
Suvga tushdik. Kayakni yangi o’rganayotgan odam uchun qirg’oqdan uzoq ketmagan holda suzish juda muhim. Sababi kayak ag’darilib ketish xavfi juda yuqori. Chunki endi 50cm xolos, uzunligi esa 5 metrcha. Balansni saqlash juda muhim.
Undanda muhimi tabiatni hurmat qilish. Bu haqida qayta-qayta aytdim. Suvni hurmat qilishimiz va o’zimizga juda ishonib yubormasligimiz kerak deb takrorladim.
Suzishni tez o’rganib oldi. Birinchi marta bo’lgani uchun qiziqish kuchli, suvni o’rtasiga ko’p ketib qolaverdi. Kamida 10 marta qirg’oqqa chaqirib oldim yigitni. Ikki soat rosmana maza qildik. O’rtadagi bitta orolga to’x’tab kofe ichdik. Investitsiya, fond, aksiya, hozirgi bozor holati haqida gaplashdik kofe ustida.

Qorin ochgandek bo’ldi, uyga qaytamiz dedik. Ko’lni kesib o’tamiz deydi, men esa undan havotirlanib yo’q qirg’oq bo’ylab boramiz dedim. Buvimni suv balosi haqidagi duosini eslatdim, suvni hurmat qil dedim. Gapimga quloq soldi va qirg’oqdan ketdik. Tabiat go’zal bo’lgani uchun telefonini suv o’tmaydigan va cho’kmaydigan sumkadan tashqariga olishga qaror qildi. Yaxshi fikr emas bu deyishimga quloq solmadi. Majburlash yo’q. Manzilga 10 metr qolganda telefonini olaman deb to’ntarilib ketdi. Ustiga xavfsizlik kamzulini kiyishga majburlaganman. Suzishni biladi, ammo telefon uxladi. Minus 2 ko’zoynak taqadi, endi ko’zoynakni baliqlar taqadigan bo’ldi.
Kayfiyatni buzilishichi endi. Telefoni bilan bank kartalariyam suvni tagiga cho’kdi. U 12 soatdan keyin Rimga uchib ketishi kerak. Biletlari esa telefonda. Rimga safar ham tagiga oladigan vaziyat. Nima qilishini bilmaydi, panikada, sho’ng’ishga harakat qiladi, telefonini topishga harakat qiladi, befoyda.
Men panikaga tushmasligini aytdim. Kayaklarni chetga oldik. O’zini ham chetga chiqib o’tirishini aytdim. Reja qildik. Uyda sho’ng’ish uchun maxsus kiyim bor, shuni olib kelaman, kutib tur dedimda, uyga kelib kerakli kiyim va ko’zoynaklarni olib keldim.
15-20 daqiqacha qidirganidan so’ng telefonini topdi. Hursandligini ko’rsangiz endi bolani. Telefoni suv o’tmaydigan turidan ekan. Quritdik, ishladi. Ammo ko’zoynagini endi baliqlar taqadigan bo’ldi. Menda zapas minus ko’zoynak bor edi. Shuni berdim.

Baliq ovi rejasini bekor qilmadik. Ovqatlangandan keyin (oshni isitib yedik) narsalarni yuklab o’rmon ichidagi bitta ko’lga bordik. Borganimizda soat kechki 10 edi. Reja bo’yicha o’rmonda palatkada tunab qolishimiz kerak edi. Shoshilma, men yordam beraman deyishimga qaramasdan tez yurib, oyog’ini qayirib oldi. Soat kechasi 12 dan oshib qolgan edi, ertaman soat 7 da aeroportda bo’lishi kerak. Oyoq ishib ketgan. Oyog’ini bintladim, uyga qaytdik, dori va maz berdim, ertaman bekatga olib chiqib qo’ydim. Bugun Rimdagi mehmonxonadan rasm yuboripti.
Norvegiyada yozda tun juda qisqa. Mana bu rasm 23:59 da olingan.

Mana shunday sarguzashtlar bilan o’tdi kechagi kun.
Tabiatni hurmat qilish va tafakkur qilish haqida gaplashdik kecha yotishdan oldingi bir piyola choy ustida. Keyingi safar albatta ehtiyot bo’lishi aytdi do’stim. Qanchalik kuchsiz ekanligimizni tafakkur qilish uchun, uni tushinishimiz uchun har kuni bir necha yuzlab belgilarga duch kelamiz. Ular bizni kundalik hayotimizda takrorlanavergani uchun u belgilarni e’tibor bermaymiz odatda.
Ammo mana shunday har kungidan boshqacha bo’lgan kunlardagi belgilar e’tiborimizda qoladi. Ko’lni haybatini, qudratini tushinish uchun, keyingi safar hurmat qilishimiz uchun telefon yo’qotishimiz kerak. Omadimiz kelib sho’ng’iydigan kiyimimiz bo’lsa, telefon esa suv o’tkazmaydigan bo’lsa, qirg’oqdan yurgan bo’lsak va uni topa olsakku mayli, agar shulardan birortasi bo’lmasachi?!
Yaxshilab o’ylab ko’rsak har birimizda jiddiy halokatlarga uchrashimizga bir bahya qolgan vaziyatlar juda ko’p bo’lgan. Misol daraxt yoki tomdan sirg’anib ketib qolganimiz, yoki velosipedda yiqilib tushay deganimiz, yoki oshxonada pichoq bilan bexos kesib olishimiz, yoki ruldaligimizda 2 soniyaga mudrab qolganimiz, yoki yo’ldan o’tayotganimizda mashina turtib ketib qolgani va hok. O’ylab ko’rsak bunday hodisalar har birimizda bo’lgan.
Bir maqsad bilan dunyoga kelganimiz sabab, halokatlar bizni halok bo’lishimizga emas, bizni o’rnak olishimizga sabab bo’ladi. Maqsad muhim. Biz bemaqsad yaratilgan emasmiz! Qandaydir xato tufayli dunyoga kelib qolmaganmiz!
Maqsadga tushunish va unga erishish uchun esa bilim muhim. Bilim olish bilangina maqsadga erishamiz!
Hammaga salomatlik tilab,
Bek Olimjon
11.06.23
Norvegiya
Leave a Reply