Shogird tayyor bo’lganda ustoz topiladi

O’tgan kuni ishga ketayotganimda bir podcastda eshitib qoldim.

”Biz o’zimizdan sal bilimi ko’proq odamlardan o’rgana olamiz xolos. Bizdan bilimi ancha ko’p bo’lgan odamlardan o’rgana olmaymiz” dedi podcastdagi mehmon. O’ylantirdi.

Rostdan ham shundaymi? O’zimcha quyidagicha fikrladim.

Agar biror sohadagi bilim darajalarini 1 dan 10 gacha bo’lgan shkalada olsak, 1 bu eng pastki darajadagi bilim va 10 bu eng yuqori darajadagi bilim bo’lsa, 1-darajada turib 10-darajadagi insondan bilim olishimiz juda qiyin ekan. Bilim olishimiz eng oson bo’lgan inson bu bizdan bilimi sal ko’proq odamdan olishimiz ekan, misol uchun 1,5-daraja, yoki ana bo’lsin 2-darajadagi insondan.

Unda bilimi zo’r ustozlar, bilimi past bo’lganlarga ham o’rgatadiku?

Biror sohadagi haqiqiy pedagog inson esa o’zi yuqori darajada bo’lsa ham shogird darajasigacha tushib, keyin undan bir ozgina yuqoriroq darajaga ko’tarilgan holda dars bera oladigan inson ekan. Ana shunday pedagoglarni zo’r tushuntira oladigan pedagoglar deymiz ekan.

Bunga yaqqol misol sifatida oddiy ingliz tilini o’rganishni olsak. Biz til o’rganishda o’zimizdan sal ko’proq biladigan guruhdoshimiz bilan gaplashganda maza qilamiz va ko’p narsa o’rgangandek bo’lamiz. Agar ingliz tilini C1 darajadagi o’qituvchi sharillatib gapirsayu bizning darajamiz B1 bo’lsa qiynalamiz.

Bunga boshqa misollar keldi keyin. Deyarli barcha sohada shunday ekan o’ylab ko’rsam

Misol biznes sohasida, dunyoga mashhur investorlar Warren Buffet, Ray Dalio, Peter Lynch yoki mashhur tadbirkorlar Peter Thiel, Paul Graham, Elon Musk kabi insonlar bilimi internetda 100% tekinga turganda, tor nimcha kiyib sochini gellagan mahalliy ”biznes treningchini” ”master klassiga” og’ir mehnat qilib topgan dollarlarimizni beramiz.

Yoki YouTube marketingni rivojlantirishda Mr Beast bilimlari tekinga turganda, YouTubeni o’rganish uchun bir qancha pulga kurs sotib olamiz.

Internetda kurs tayyorlab sotishda mana bunday qoida bor. ”Sen internetda kurs sotishing uchun ko’p narsa bilishing shart emas, auditoriyangdan 10% ko’p narsa bilsang bas, shu orqali pul qila olasan” deyiladi. Yana o’sha gap, birinchi va bir yariminchi daraja.

Keyin fikrlar yana davom etdi. Unda nega yangi va yangi ustozlar qidirishda davom etaveramiz?

Qayerda o’qiganim esimda yo’q, lekin taxminiy javobi mana bunday bo’ldi: ”Shogird tayyor bo’lganda ustoz o’zi paydo bo’ladi, shogird rosmana tayyor bo’lganda esa ustoz g’oyib bo’ladi”.

Ko’pchiligimizdagi muammo birdaniga 1-darajadan 10-darajaga chiqishga harakat qilishimiz ekan. Investorlikni o’rganaman deb Lynch kitobini o’qishga kirishamiz, 10 varaqdan keyin yaxshi tushunmaganimiz uchun zerikarli ekan deb tashlab qo’yamiz. Eng zo’ri Robert Kiyosaki, hammasiga dam beradi shu kitob deymiz.

YouTubeda intervyularni ko’rishga kirishamiz ”minchaa ko’p gapiradi bu odam?” deb keyingi videoga sakrab o’tamiz.

Blog o’qishga kirishamiz ”ja uzun yozipti, SMM ni o’qimaganda, post yozishni bilmaydi ekan” deymizda bosh barmoqchi tepaga bitta harakatlantiramiz, izohlar qismiga o’tamiz va undagi izohlarga javob berishga tushamiz.

Internet kashf qilinishi eng chekka qishloqlarda bo’lgan biz kabi insonlarga dunyoning mashhur 10-darajali ustozlar bilimini tekinga olish imkoniyatini berdi. Biz esa…

Shu payt mashina ”rulni mahkamroq ushla” deb ogohlantirish signalini berdi va fikrlar zanjiri uzilib qoldi. Podcastni orqaga 45 sekundga qaytardim va eshitishda davom etdim. Shogird tayyor bo’lishi haqidagi fikrlarni yozib qo’yishim kerak dedim.

Bek Olimjon
01.04.2023
Norvegiya