Avvalgi postlardan birida qarzga yashash turlari haqida yozaman degan edim.
Bu post qarzga yashash darajalari yoki moliyaviy qaramlik haqida.
Moliyaviy qaramlik moliyaviy erkinlikning eng dastlabki qadami hisoblanadi.
Har birimiz hayotimizni qaramlikdan boshlaymiz. Tug’ilganimizda ona sutiga, keyinroq ovqatga, issiq uyga, himoyaga qaramlik va hokazo. Huddi shunday barchamiz hayotimizni moliyaviy qaramlikdan boshlaymiz.
Bola o’z ta’rifi bilan moliyaviy qaram jonzot.
Bolalikdan o’tib mustaqillik tomon qadam qo’yayotgan 18 yoshdan katta inson misolida ko’rib chiqamiz.
Moliyaviy qaramlik nima degani? Bir inson yashash ehtiyojlarini boshqa bir inson tomonidan qoplanishi.
Ehtiyojlarni qoplash uchun pul harajat qilinishi talab etiladi. Buni yashash harajatlari deb olaylik.
Yashash harajatlarini quyidagi asosiy 5 ta guruhga bo’lishimiz mumkin
1. Boshpana
2. Ovqat
3. Transport
4. Salomatlik
5. Shaxsiy ehtiyojlar (kiyim, telefon, ijtimoiy harajatlar (restoran, o’yin-kulgi, sovg’a) kabilar)
Yoshlarning juda katta qismi harajatlar borasida ancha omadlilardan hisoblanadi. Chunki qimmatga tushishi mumkin bo’lgan tur – salomatlik borasida deyarli harajat qilishmaydi.
G’arb millatlari yoshlaridan farqli ravishda o’zbek yoshlarining ko’pchiligi yanada omadli. Chunki ular boshpanasi uchun butun umr bo’ylab pul sarflamasliklari mumkin. Ota-onasidan uy-joy qolish ehtimoli katta.
Endi bolalarni emas, kattalar moliyaviy qaramlik darajalariga to’xtalsak. Darajalarni tushunishga osonroq bo’lishi uchun % ko’rinishida berdim.
100% moliyaviy qaramlik – barcha 5 turdagi ehtiyojlarni kimdir tomonidan qoplanishi. Odatda ota-ona tomondan. Bu o’zbekchada boqimanda ham deyiladi. Darmoyed deyilsa juda qo’pol chiqadi.
80% moliyaviy qaramlik – salomatlikdan tashqari qolgan 4 turdagi harajatlarni boshqalar tomonidan qoplanishi. Bunda inson salomatligiga zarar yetadigan ishlarni qilmaydi va salomatligini saqlashga harakat qiladi. Misol uchun tishini kunida 2 marta hafsala bilan yuvish, sigaret chekmaslik, zararli ovqatlar iste’mol qilmaslik, hayotga havf soluvchi mashg’ulotlar qilmaslik va hok. Bu insondan pul topishni talab etmagani uchun moliyaviy erkinlikka erishishdagi eng dastlabki qadam bo’lishi mumkin.
70% moliyaviy qaramlik – shaxsiy ehtiyojlarini qoplash uchun pulni bekorga sarflamaslik orqali erishiladi. Zarur bo’lmagan kiyimni olmaslik, barcha ehtiyojlarini qoplaydigan telefoni bo’la turib ohirgi turdagi yoki yangi telefon olishga harakat qilmaslik, restoran yoki choyxonalarda bemazmun va befoyda o’tirishlar uchun pul sarflamaslik va hok. Ana o’shanday ishlar uchun ishlatish mumkin bo’lgan pulni boshqa turdagi zaruriy harajatlarga ishlatiladi.
60% moliyaviy qaramlik – zaruriy shaxsiy ehtiyojlari (kiyim, telefon va hok) uchun ota-onadan pul olsada transport harajatlari uchun o’zi pul ishlab topishi. Imkon boricha transport uchun pul ishlatmaslik. Bunga misol o’qishga piyoda borish mumkin bo’lgan joydan ijaraga xona topish orqali erishish mumkin. Uydan tushlik olib ketgan holda yoki tushlik qilmagan holda, tushlik uchun ajratilgan pulni iqtisod qilish.
50% moliyaviy qaramlik – bunda shaxsiy harajatlar uchun ota-onadan pul olsada, o’z mehnati orqali kundalik ovqat topib qornini to’yg’aza olishi. Biror ishda ishlab pul topib oziq-ovqat sotib olib yeyishi. Ovqat beradigan ishxona topsa yanada yaxshiroq.
25% moliyaviy qaramlik – bunda boshpanadan tashqari barcha harajatlarni o’zi qoplay oladigan darajaga erishish. Ota-ona bilan bir uyda yashasa o’z shaxsiy harajatlarini o’zi qoplagan holda, uydagi oziq-ovqat harajatlari bir qismini ko’tarishi. Agar alohida yashayotgan bo’lsa faqat ijara haqqi uchun ota-onadan pul olgan holda qolgan barcha harajatlar uchun o’zi pul topishi.
0% moliyaviy qaramlik – bu yashash harajatlari uchun hech kimga qaram bo’lmaslik. Ota-onadan pul olmagan holda kun kechira olishga erishish.
Biror muammoga yechim topishdan avval uni yaxshilab aniqlab olish zarur. Huddi shunday biror bir manzilga borishimiz uchun o’zimiz qayerda ekanligimizni aniqlab olishimiz zarur.
Bu post sizni moliyaviy jihatdan qayerda ekanligingizni aniqlashda yordam bergan bo’lsa, men shu uchun hursand.
20.03.2023
Norvegiya
Leave a Reply