Tibbiyot institutlarida oʻqiyotgan koʻp talabalar menga savollar berishadi. Bundan hursandman va imkon qadar bilganim bilan oʻrtoqlashishga tayyorman.
Quyidagi savollar eng koʻp beriladiganlaridan?
– Men Germaniyada kardioxirurg boʻlmoqchiman. Kardioxirurgiya boʻyicha magistratura haqida nima bilasiz?
– Shvetsiyada neyroxirurg boʻlmoqchiman. Qanday qilib oʻqishga kirsa boʻladi?
– Koʻz xirurgi boʻlmoqchiman Yevropada. Arzonroq magistratura topib bering.
Savollar orqali yaxshi niyat va katta maqsad borligini koʻrish mumkin. Men bunday savollarga har doim toʻliqroq javob berishga harakat qilaman. Ammo koʻp holatlarda suhbat 30 sekunddan oshmaydi. Sababi men beradigan birinchi savolga javob yoʻqligi. Savol shuki “Yevropada mutahassis boʻlish uchun qaysi tilni bilasiz?” 98% holatlarda savol berayotgan talabalar chet tilini bilishmaydi. Chet tilini oʻrganish kerak birinchi oʻrinda deyman, lekin qanday qilib kardioxirurg boʻlish ishtiyoqi sabab birinchi bergan savolini shaklini oʻzgartirib yana berishadi. Eng, eng, eng birinchi qilinishi kerak boʻlgan narsa bu chet tillaridan birortasini (ingliz tili eng muhimi) oʻrganish kerak. Unda hech boʻlmasa B2 darajasiga chiqish kerak.
Undan keyin Yevropa davlatlarida mutahassis boʻlish uchun quyidagi bosqichlardan oʻtish kerak. Davlatiga qarab bir oz farq qilishi mumkin, lekin umumiy olganda tartibi shunday.
1. Siz xohlagan davlatda (Germaniyami, Shvetsiyami va hok) diplomingizni nostrifikatsiya qildirish.
2. Oʻsha davlat tilini eng kamida B2 darajada bilish
3. Oʻsha davlat tilida tibbiyot sohalari boʻyicha imtihon topshirish. Imtihonlar odatda ichki kasalliklar, xirurgiya, psixiatriya, farmakologiya, bioximiya va shu kabi klinik va preklinik fanlardan boʻladi. Bir nechta bosqichli boʻlishi mumkin. Bu imtihonlarni topshirish orqali siz oʻsha davlatdagi shifokorga qoʻyilgan minimal talabga javob bera olishingizni isbotlaysiz. Bu sizga shifokorlik litsenziyasini olish xuquqini beradi. Hammasi litsenziya olgandan keyin boshlanadi.
4. Litsenziya sizga eng oddiy shifokor boʻlib ishlashga imkoniyat beradi. Mutahassis boʻlib ishlashga emas. Ana endi mutahassislik tanlash vaqti keldi. Endi siz xohlagan soha boʻyicha (oftalmologiya, psixiatriya va hok) rezidenturaga topshirishingiz mumkin.
Rezidentura nima?
Rezidentura bu tibbiyot institutini tamomlagan shifokorlar uchun mutahassislikka tayyorlaydigan ish shakli. Davomiyligi 4-8 yil sohasiga qarab.
5. Rezidenturaga topshirasiz.
Kirish oson emas. Xirurgik sohalarda raqobat kuchli. Bir oʻringa 30 tadan to 200 tagacha nomzod toʻgʻri kelishi mumkin. Sizni rezidenturaga olishni oʻsha kasalxona yaʻni ish beruvchi hal qiladi.
6. Rezidenturaga kirgandan keyin rosa ishlash kerak boʻladi. Har bir sohani talablari va imtihonlari bor. Talablari qisqacha qilib aytganda oʻsha sohada 5 yil rezident boʻlib ishlash va imtihonlaridan oʻtish. Ana shundan keyingina sizni yosh mutahassis deb tan olishadi. Bu hali sizni xirurg degani emas. Sohaga qarab xirurgiyani qoʻshimcha oʻrganish kerak boʻladi. Misol uhcun oftalmologiyada xirurgiya mutahassis boʻlgandan keyin boshlanadi. “Germaniyada koʻz jarrohi boʻlmoqchimisiz, marhamat qilib avval oftalmolog degan nomga erishing!” deyiladi.
Xoʻsh shuncha narsaga qancha vaqt ketadi?
– Agar vaqtni behuda sarflamagan holda, barcha imtihonlaridan yiqilmagan holda, hammasini oʻz vaqtida tugatsangiz 1-bosqichni boshlagan kundan boshlab 9-10 yil.
Voyvoooo, shuncha vaqt ketadimi, unga endi qancha pul ketadi deganlar uchun yaxshiroq xabar bor. Rezidentlik vaqtida 100% oylik toʻlanadi. Ha oylik oila boqishga bemalol yetadi. Litsenziya olishgacha boʻlgan muddatda hujjat ishlari uchun, imtihonlar uchun pul ketadi, lekin u harajatlarni oʻsha davlatda ishlab yurib qoplasa boʻladi.
Qayerdan boshlash kerak?
Til oʻrganishdan boshlash kerak. Undan keyin oʻsha til yordamida aniq savollar berib, ularga aniq javoblar topsa boʻladi.
Mana shu bosqichlardan oʻtish jarayonida Dr. Baileydek (rasmdagi xola) ustozlar nasib qiladi. Hammaga omad.

Leave a Reply