Hammamiz korrupsiyadan noliymiz, korrupsiyani rivojlanishimiz uchun katta to’siq sifatida ko’ramiz. U bilan kurashish uchun u qilish kerak, bu qilish kerak deb ko’p gapiramiz. Menimcha korrupsiya bilan kurashishni har birimiz o’zimizdan boshlashimiz kerak. Korrupsiya bu bizmiz. Biz korrupsiyaga hissa qo’shyapmiz. Bo’lgandayam har kuni hissa qo’shyapmiz. Gapimiz, maqsadimiz, fikrimiz amalimizga to’g’ri kelmaydi. Qanday deysizmi? Ohirgi bir haftada men kundalik hayotimda duch kelgan bir nechta misollarni keltiraman.
Uch-to’rt kun avval bir tanishim mashinasidamiz. Yo’l harakati va prava bo’yicha yangi qoidalar haqida gapirib ketyapti. Prava olishni qattiq qilish kerak ekanligini qattiq ma’qullayapti. Ana shu vaqtda bir yo’ldan, ikkinchi yo’lga “povorotnik” yoqmasdan o’tyapti, zig-zag qilib haydab ketyapti. Natijada orqadagi yuk mashinasi tormoz berishga majbur bo’ldi. Chunki avariyaga havf holati yuzaga keldi
O’tgan kuni bir joyga navbatda turippiz. Boshqa tanishim bilanmiz. Uni kutishga sabri chidamayapti va ishimizni tez bitirib ketish uchun kimgadir tel qilyapti.
Kecha Andijondan Toshkentga poyezdda keldim. Oilam bilan bo’lganim uchun katta sumkam bor edi. Provodnik yigit joyimiz qaysi vagonda ekanligini so’radi va uni bilgandan keyin VIP vagonda joylar bor ekanligini aytdi. Bu holat 1 haftacha oldin Andijonga ketishda ham bo’ldi. Meni VIP vagondagi qulay joyga o’tkazishlari evazi qancha bo’lishini so’raganimda “Aka, ot bilan tuya bo’larmidi.” degan javob oldim. 50 ming so’mdan qo’shib bersam joyimni o’zgartirib berishlarini aytdi.
O’tgan hafta Andijonda bir guruh talabalar men bilan uchrashuv tashkillashtirishdi. Men tashkiliy ishlarga aralashmadim. Joylar cheklanganligi sabab ular ayrimlarga rad javobi berishipti. Shunda bir-ikki kishi meni taniydigan odam orqali men bilan bog’lanib joy qilib berishimni so’rashdi. Aslida men bilan uchrashish arzimas narsa, men qandaydir o’ta muhim biznes yoki ilm odami emasman.
3 kun avval bir yaqin inson bilan mashinada ketyappan. U kishi sigaret uchun gugurt yoqdi va cho’pni tashqariga tashladi. Men uni to’xtatishga ulgurmadim. Qattiqroq gapirgandek bo’ldim, yaxshigina tanqid qildim. Tanqidni qabul qila oladigan inson bo’lgani uchun muammo bo’lmadi. O’zini himoya qilishga o’tmadi. Yana bir kuni sigaret chekib turib, gap bilan ovora bo’ldida, bichokni yerga tashladi. Borib bichokni yerdan oldimda o’chirib axlatga tashladim.
Bu holatlar hayotimizga shu darajada kirib ketganki, o’ta oddiy holatga aylanib qolgan. Ular haqida o’ylamaymiz ham. Turli “Bizga yoki bizda bo’laveradi”, “bu O’zbekiston detka”, “O’zi hammasi buzilgan”, “Axlat quti yo’q”, “Bizdan oldin ham shunaqa bo’lgan” kabi gaplarimiz ham bor. Aslida yuqoridagi holatlarda tartib saqlamaslikka bizni hech kim majbur qilmayotgan edi.
Fikrimcha korrupsiya bu tartibsizlik. Tartib ko’pchilik tomonidan amal qilingandagina saqlanadi. Agar ko’pchilik tartibda bo’lsa va bir-ikki kishi tartibsizlikka sabab bo’lsa ular juda tez ko’rinadi va muhokamaga sabab bo’ladi.
Menimcha korrupsiyaga qarshi kurashishni kundalik hayotimizda biz sababchi bo’layotgan mayda tartibsizliklarni tahlil qilishdan va ularni to’g’rilashga harakat qilishdan boshlashimiz kerak. Chunki qo’limizdan keladigani shu. Korrupsiyaga qarshi kurashishni yerga saqich yoki bichok tashlashni to’xtatishdan boshlashimiz kerak. Shunda o’zimizni hurmat qilishni boshlaymiz. O’zimizni hurmat qilsak, boshqalarni hurmat qilamiz va “povorotnik” yoqishni boshlaymiz. Shunda navbatda turganimizda boshqalar tanishi yo’qligi uchun kutishga majbur ekanligini tushunamiz. Agar mana shuni bugun bitta odam qilsa, ertaga uchta, indinga 10 ta va oradan ko’p o’tmay ko’pchilik qilishni boshlaydi.
Rivojlanish birdaniga bo’lmaydi. Kichik ijobiy o’zgarishlar natijasida bo’ladi. Rivojlanishimizga kimdir ma’sul emas. Unga biz o’zimiz ma’sulmiz. Bizni qutqargani hech kim kelmaydi. Najotkor ham haloskor ham o’zimiz. Rivojlanishga bilim orqali erishamiz. Boshqa yo’l yo’q.
24.02.22
Toshkent
Bek Olimjon
Leave a Reply