Atrofdagilarni hayotdan nolishini ko’p eshitamiz. O’zimiz ham qo’shilishib noliymiz. Jamiyatdan, tizimdan, odamlardan noliymiz. Biz hohlagan hayotda yashay olmasligimizga boshqalar sababchidek ko’rinadi. Shunday ekanini isbotlashga ham harakata qilamiz ba’zan. Balki biz haqdirmiz. Rostdan ham jamiyat aybdordir?! Yoki…
Inson biror hodisa borasida xulosa chiqarishga juda shoshiladigan mavjudot. Xulosalar shakllanishida bugungi kundagi holatigagina e’tibor beradi. O’zidan avval yashab o’tganlar yoki boshqa jamiyatda yashayotgan zamondoshlari haqida fikr yuritmaydi.
Agar biroz to’xtab, kengroq fikrlaydigan bo’lsak biz insoniyat tarixidagi eng qudratli avlod ekanligimizga bir qancha dalillar keltirishimiz mumkin. Balki shunda hayotimizni yaxshi tomonga o’zgartirishda harakatlarimiz biroz jadallashar? Balki shunda aybni atrofdan qidirishga shoshilmasmiz?
Avvallari insonlarda qanday imkoniyatlar bo’lgan? Uzoq tarixga qaramasdan, ohirgi 100 yillikka qarasak ham buni tushunishimiz qiyin bo’lmaydi. Nega insoniyat tarixidagi eng imkoniyatli avlod ekanligimizga hayotning turli sohalaridan ayrim dalillar.
Salomatlik
Hozirgi kunda hohlagan ko’chadan topish mumkin oddiy penisillin antibiotigi ixtiro qilinganiga 100 yil bo’lgani yo’q. U ixtiro qilinmasidan avval, 1920-yillargacha oddiy tomoq og’rig’ini chaqiradigan streptokokk bakteriyasidan o’lish normal holat deb qaralgan. Og’riqsizlantiruvchi dorilar ixtiro qilinmasdan avval agar biror inson oyog’iga qattiq jarohat yetgan bo’lsa, uni og’riqsizlantirmasdan (narkozsiz) kesib tashlash norma hisoblangan. Dalada o’t o’rayotib qo’lini kesib olgan dehqon taqdiri yaraga infeksiya tushishi sabab o’lim bilan tugagan.
1913-yilda butun dunyo bo’yicha kutiladigan yashash davomiyligi (life expectancy) 34 yosh atrofida bo’lgan. Bu raqam Osiyoda 28 yosh bo’lgan. Tasavvur qilish kerak. Agar 1910-yilda tug’ilgan bo’lganimizda 28 yoshda o’lsak bu norm deb qaralgan. Hozirgi kunda bunday raqamlarga ishonishimiz qiyin. Biz insoniyat tarixida kasalliklarga qarshi kurasha olgan eng kuchli avlodmiz. Bugun uncha-muncha kasalliklarga taslim bo’lmaymiz.
Qo’limizdagi telefon
1982-yilda Cray X-MP deb nomlangan superkompyuter ixtiro qilingan. Uni 105MHz prosessori, 16Mb xotirasi bo’lgan. Uni qancha vaznga ega bo’lganini bilasizmi? 5.12 tonna bo’lgan. Kattaligi esa 2.6 metrga 1.96 metr bo’lgan. Bunday bahaybat mashina narhi 15 million dollar turgan. Bu narh yana qo’shimcha xotiradan tashqari. Haridor qo’shimcha xotira uchun qo’shimcha pul to’lagan. 1,2Gb xotira narhi 1 million dollar bo’lgan.
Hozirgi telefonlarimiz prosessor kuchi megagertzda emas balki gigagertzda o’lchanadi (Mega = million, giga=millyard). Telefonlarimiz xotirasi 100+Gb ga ega. 1969-yilda insonni birinchi marta oyga olib chiqqan Apollo raketasidagi kompyuter qo’limizdagi telefondan bir necha 100 marta kuchsiz bo’lgan. 80-yillardagi butun dunyodagi kompyuterlarni to’plasak, bugungi qo’limizdagi telefonchalik kuchga ega bo’lmasa kerak.
Moliyaviy holat
Pul topish, maosh qancha ekanligi har qanday jamiyatdagi muhim hayotiy ko’rsatkichlardan biri. Gapirish uchun nozik masala. Oylik past ekanligi tabiiy. Shu bilan birga bu ko’rsatkich nisbiy ham ekan. Mana bu saytga ishonadigan bo’lsam va O’zbekistonda agar oyiga bir kishi sifatida 2 million so’m topsam, dunyoning 85% aholisidan ko’ra ko’proq topaman ekan. Narh-navo qimmat. Bunga qanchalik ishonish mumkin hayronman. Ammo mazmun shuki, ayrim jamiyatlardagidek 7 yosh bolamni maktabga yuborish o’rniga, ko’chada axlat terib sotishga majburlashimga ehtiyoj yo’q ekan.
Imkoniyatlar
2005-2010 yillarda men yashagan shaharda (Andijonda) sanoqli internet kafelar bo’lar edi. Internet ishlatish uchun u yerga borib, kompyuter bo’shashiga navbat kutib o’tirib, ishlatganimiz har bir soatiga pul to’lar edik. Video konferensiya degan narsa juda bir mushkulot edi. Internetda video ko’rish degan narsa katta orzularimizdan edi. Men bundan 15 yil avvalgi holatni aytyapman. Tasavvur qiling, men uchun internetda video ko’rish orzu bo’lgan. Hozirchi? Hohlagan videoni uyda oyoqni uzatib, ko’k choy ichib o’tirib ko’rish mumkin.
Menga internetda video ko’rish qanchalik qiyin bo’lmasin, baribir men internet sabab bitta oldingi avlodga nisbatan juda katta imkoniyatlarga ega bo’lganman. Misol uchun dadam biror ilmiy maqolani topish uchun markaziy yoki institut kutubxonasiga borib, 20-30 ta jurnallarni birma-bir ko’rib chiqishga majbur bo’lgan bo’lsa, menda buni oddiy Googledan qidirib topish imkoniyati bo’lgan. Internet erasidan avvalgi vaqtda universitetlar/kutubxonalar ma’lumotlar markazi sifatida qaralgan. Shuning uchun ham unday joylar nufuzli hisoblangan. Universitetga borib bilim olish uchun faqatgina sanoqli insonlarnigina imkoniyati bo’lgan. Hozirchi?
Dunyoga mashhur o’sha Stanford, MIT, Harvard kabi universitetlar o’z talabalariga o’qitadigan fanlarni tekinga internetga chiqarib qo’yganiga haligacha ishonish qiyin. Tekinga. Ha, 100% tekin va barcha uchun ochiq. Agar hohish, maqsad va iroda bo’lsa, bir tiyin to’lamay turib MIT talabasi bir necha o’n ming dollar to’lab o’qiydigan 3 yillik bakalavr dasturidagi ma’lumotlarni siz va menda tekinga o’qish imkoniyati bor. Hozir IT ga qiziqqanlar ko’p. Ana shunday qiziqqanlar hozir, MIT da eng mashhur yo’nalishlardan biri bo’lgan computer science (dasturchiliknini) MIT bakalavr talabalari bialn bilan bir xilda o’rganish mumkin. O’sha o’qituvchilar, o’sha ma’ruzalar, o’sha uy vazifasi va o’sha imtihonlar. Agar yanayam kuchliroq iroda bo’lsa, 3 yillik bakalavr dasturidagi ma’lumotlarni 1 yilda tugatish ham mumkin. Ishonmaysizmi, marhamat Scott Young bilan tanishing. Scott Young computer science bo’yicha MIT 3 yillik bakalavrni 12 oyda uyidan turib tamomlagan. Eng kamida MIT talabalaridek bilim bilan chiqqan. Ham 2 yil yutgan, ham MIT o’qishi tekinga tushgan. Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin. Talantingiz bormi? Avvallari tanilish uchun televizorga chiqish kerak edi. Bu oson emas edi. Kimlardir sizning ustingizdan qaror qabul qilar edi. Ular hohlasa siz televizorda bo’lar edingiz, bo’lmasa yo’q. Hozirchi, hech narsa kerak emas. Boshlanishiga bitta telefon yetarli. Ishonmaysizmi? YouTubedagi MR Beast kanaliga e’tibor bering. Dastlabki 100 000 obunachisiga erishishda faqat qo’lidagi telefonida video olgan. Mr Beast kanal asoschisi 1998-yilda tug’ilgan Jimmy ismli yigit. Boyligi 15 million dollar. Bunday sabablardan yana o’nlab keltirish mumkin.
Fikrimcha, aybni atrofdan qidirib vaqt o’tkazgandan ko’ra, rivojlanishga harakat qilish kerak. Eng muhimi salomatligimiz joyida ekanligi. Tomog’imiz og’risa yoki qo’limizni kesib olsak o’lmaymiz. Hayotimizga havf soladigan biror inson yoki urush yo’q. Bu postni o’qiyotgan inson boy bo’lmasligi mumkin, lekin ko’chada qolmaganligi aniq. Eng kuchli kompyuter kunu-tun qo’limizda. Dunyodagi hohlagan ma’lumotni olish imkoniyatimiz bor. Hozirgi kunda bilimni juda kam pul sarflab yoki butunlay tekinga olish mumkin. Agar sizda telefon va internet bo’lsa, demak sizda bilim olishga barcha imkoniyat bor.
Qayerdan boshlashni bilmaysizmi? Ingliz tili o’rganishdan boshlash kerak deyman. Kursga borishga pul yo’qmi, internetdan o’rganing. Kursga pul topa olasizmi, unda boring. O’rgangandan keyin nima bo’lishi, keyin nima qilishingiz, qaysi sohada ishlashingiz, qanday pul topishingiz va hokazolar haqida hozir o’ylamasdan, hamma fokusni bir joyga qo’yib ingliz tili o’rganing. Rus tili o’rganishim kerak, ikkisini bir vaqtda o’rganmoqchiman, dasturlashni o’rganishim kerak, fanlar qolib ketyapti degan shovqinlarni yig’ishtirib, barcha fokusni ingliz tili o’rganishga qarating deyman. Ingliz tili o’rganish bilan sizda ma’lumot olish imkoniyati oshib boradi va hammasi sekin ayon bo’la boshlaydi. Ingliz tilini o’rgandingizmi, sizda butun dunyodagi imkoniyatlarga eshik ochildi. Endi to’xtab qolish juda katta xato bo’ladi. Izlanishda davom eting.
Tasavvur qiling, siz MIT yoki Stanforddagi kurslarni uyda o’tirib tekinga tamomladingiz. Bilim oldingiz. Sizda fikrlash, muammolarga yechim topish qobiliyati shakllandi. Twitterda siz Bill Gates, Jeff Bezos, Elon Musk kabi insonlarni kuzatib borasiz. Bir kuni Elon Musk bir muammoni Twitterda yozdi va siz bu muammoga tushunasiz va yechim bor deb o’ylaysiz. Siz unga javob yozdingiz. Oradan 2 soat o’tmay siz bilan Tesla kompaniyasidan bog’lanishdi. Bizda ana shunday imkoniyatlar bor. Insoniyat tarixidagi eng katta imkoniyatlarga ega inson bu bizmiz. Kelajakni nolish bilan emas, katta orzular qilish va katta maqsadlar qo’yish bilan quriladi. Bizni faqat bilim qutqaradi.
Bek Olimjon
21.10.2021,
Stockholm
Leave a Reply