Bugun oilam mehmonga ketishgan edi. O’zim 5 soat davomida uyda yolg’iz qoldim. Shu vaqt davomida anchadan beri reja qilgan ishni uddasidan chiqdim. Buxgalteriyani o’rganmoqchi bo’lib yurgan edim.

Besh soatni dastlabki uch soati mobaynida buxgalteriya asoslari bo’yicha norveg tilidagi online qo’llanmalarni o’qib chiqdim.

Videolar ham bor, lekin ular ko’p vaqt oladi. Biror bilim olishda men uchun o’qish eshitishdan ham, video ko’rishdan ham tezroq. O’qish orqali tezroq o’rganaman.

Ohirgi ikki soat ichida bitta buxgalteriya dasturini o’rnatib, firmani ro’yhatdan o’tkazib, bank bilan integratsiya qilib, ohirgi 4 oylik oldi-sotdilarni kirgizib, fakturalarni to’g’rilab, balansni bugungi kunga to’g’rilab qo’ydim. Yelkadan bitta yuk tushgandek bo’ldi.

Bu ko’nikmani o’rganganim, uddasidan chiqqanimdan o’zimdan hursand bo’ldim. O’zimga bo’lgan ishonchim 2 cm ga oshdi 😁

Aslida bu ishni birorta buxgalterga berib qildirsam ham bo’lar edi, lekin men uchun buxgalteriyani yaxshiroq o’rganish juda muhim.

Norvegiya soliq tizimini yanada yaxshiroq bilishim muhim. Shuning uchun ham o’rgandim. Endi buxgalteriyani o’zim olib boraman. Natijada yiliga 1,5-2 ming dollar tejayman 😁 Eng qizig’i men bu bilim va ko’nikmani pulga sotishim ham mumkin zaruriyat bo’lsa. Ehtiyoj katta kichik bizneslar buxgalteriyasiga. Kichik biznes egalari, yakka tartibdagi tadbirkorlarga litsenziyali buxgalter yoki buxgalterlik firmalari qimmatlik qiladi. Shuning uchun buxgalteriyani tushunadigan, ammo o’z kasbi buxgalter bo’lmagan odamga qildirishi mumkin.

Shu o’rinda aytishim shart, o’quvchida besh soatda olingan bilim bilan pul topish mumkin ekan degan noto’g’ri xulosa paydo bo’lmasligi kerak. 5 soatlik bilim avval mavjud bo’lgan umumiy bilim va ko’nikmalar ustiga qurildi.

5 soat shimni qo’yib diqqat bilan o’rganish, 2 piyola kofe, tinch va hotirjamlikda bilim olish kuchini ko’pchilik tushunmaydi afsuski.

Bek Olimjon